Latipov Hikmatillo Abdulxamidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ayrim oziq-ovqat qo‘shilmalariga lazer nuri yordamida ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/T5820.
Ilmiy rahbar: Maxsumov Abduxamid Gofurovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/29.10.2021.K/T.60.05.
Rasmiy opponentlar: Axmadaliev Maxamadjon Axmadalievich, texnika fanlari doktori, professor; Dexqonov Rahmatilla Sultonovich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: lazer nurlari yordamida dorivor o‘simliklardan tayyorlangan ayrim oziq-ovqat qo‘shilmalarini ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish, lazer nurlari yordamida ishlov berilgan oziq-ovqat qo‘shilmalarining kimyoviy tarkibi va xususiyatlarini aniqlash hamda ularni sinflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Asshifo” va “Astosh” nomli oziq-ovqat qo‘shilmalari ishlab chiqarishning mavjud texnologiyasi zamonaviy lazer texnologiyasini integratsiya qilish asosida takomillashtirilgan;
turli vaqt oralig‘ida lazer nurlari bilan ishlov berilgan “Asshifo” va “Astosh” oziq-ovqat qo‘shilmalari na’munalari orasida, mos ravishda, 10 va 15 daqiqa davomida ishlov berilgan na’munalarining antiradikal faolligi boshqalarga nisbatan yuqori ekanligi DPPH metodida aniqlangan;
Asshifo va Astosh oziq-ovqat qo‘shilmalari ishlab chiqarishda noan’anaviy manbalarni qo‘llashni integratsiya qilish asosida takomillashtirilgan texnologiya ishlab chiqilgan;
ilk marotaba Asshifo va Astosh oziq-ovqat qo‘shilmalari ishlab chiqarishda lazer nurlarini qo‘llanganda oziq-ovqat qo‘shilmalarining antiradikal faolligi DPPH metodida tekshirilib, yuqori ekanligi aniqlangan;
ilk marotaba Asshifo va Astosh oziq-ovqat qo‘shilmalariga lazer nurlari bilan ishlov berilganda, tarkibidagi aminokislotalar, vitaminlar, polifenollar, makro, mikro elementlar tarkibi va miqdorlari zamonaviy fizik-kimyoviy tadqiq qilish usullari yordamida aniqlangan;
Asshifo va Astosh oziq-ovqat qo‘shilmalari olishda lazer nurlari bilan ishlov berishning optimal kriteriylari tanlangan, bunda ishlov berish vaqti 10 daqiqa, chastota 50 Gs ekanligi aniqlangan;
Astosh va Asshifo oziq-ovqat qo‘shilmalari olishning texnologik jarayonlari bosqichlarga ajratilib, lazer nurlaridan foydalanib oziq-ovqat qo‘shilmasi olishning takomillashtirilgan texnologiyasi ishlab chiqilgan;
lazer nurlari yordamida ishlov berilgan Asshifo va Astosh oziq-ovqat qo‘shilmalariga tashqi iqtisodiy faoliyatdagi tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha sinflanib, ularga yangi xalqaro tovar kod raqamlari ishlab chiqilgan;
lazer nurlaridan foydalanib, tarkibi boyitilgan oziq-ovqat qo‘shilmalarining shifobaxshlik xususiyatlari, an’anaviyga nisbatan yuqori ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Lazer nurlari bilan ishlov berish bilan takomillashtirilgan texnologiyasi asosida oziq-ovqat qo‘shilmalarini ishlab chiqish va ularning kimyoviy tarkibini aniqlash hamda sinflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
lazer nuri yordamida ishlov berilgan “Asshifo” va “Astosh” oziq-ovqat qoʻshilmasini ishlab chiqarish uchun texnologik yo‘riqnoma (TY №303271760-09:2024) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi nazorati tomonidan tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi nazoratining 2025 yil 20 yanvardagi 020299-son ma’lumotnomasi). Natijada, lazer nuri yordamida ishlov berilgan tabiiy biologik faol oziq-ovqat qo‘shilmalarini ishlab chiqarish imkonini bergan;
lazer nurlari yordamida ishlov berilgan “Asshifo” va “Astosh” oziq-ovqat qo‘shilmalari tovar sifatida sinflanib, ularga tashqi iqtisodiy faoliyatdagi tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha quyidagicha: “lazen nurlari yordamida ishlov berilgan dorivor o‘simliklar asosida ishlab chiqilgan tabiiy kompozision oziq-ovqat qo‘shilmalari” uchun – 1212 30 300 1  tovar kodi ishlab chiqilib bojxona amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2024 yil 20 iyundagi 17/05-24-1186-son ma’lumotnomasi). Natijada, shu kabi oziq-ovqat qo‘shilmalarini eksport va import qilishda ulardan undiriladigan boj to‘lovlarini nazorat qilish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish