Uraqov Sayfiddin Muxidinovichning
dissertatsiya himoyasisiz ixtiro patenti asosida
fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Cho‘l o‘simliklari urug‘larini qanotsizlantirish va aeroekish usuli hamda qurilmalarining ilmiy-texnikaviy echimlari”, 05.07.01 - Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/T801     
Ilmiy maslahatchi: Astanaqulov Komil Dullievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq  xo‘jaligini  mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot  instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: “Saksaul urug‘ini aeroekish usuli” (№IAP 06867), “Cho‘l o‘simliklarining urug‘larini qanotsizlantirish uchun qurilma” (№IAP 6865), “Urug‘larni aeroekish uchun qurilma” (№IAP 06868). 
II. Tadqiqotning maqsadi: sho‘llardagi etib borish qiyin va notekis joylarda ham cho‘l o‘simliklari urug‘larini ekish imkonini beradigan aeroekish usuli va uni amalga oshiradigan texnika vositalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
cho‘l o‘simliklari urug‘lariga ishlov berish (qanotsizlantirish-tozalash, zarurat bo‘lsa qobiqlash) va ekish vositasi sifatida motodeltaplanlardan foydalanishni ko‘zda tutadigan aeroekish usuli ishlab chiqilib, ushbu usulni texnologik amalga oshirish imkoniyati asoslab berilgan;
cho‘l o‘chimliklari urug‘lariga cho‘tkali baraban qillari bilan teshikli  elak sirtida elastik ta’sir etib urug‘larning qanotlarini ajratish va qanotsizlantirilgan urug‘larning teshiklar orqali ishlov berish zonasidan chiqib ketish imkonini beradigan qurilma konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
ilk bor motodeltaplanlarga o‘rnatib, cho‘l o‘simliklari urug‘ini ekish imkonini beradigan, ustma-ust joylashtirilgan urug‘ bunkeri va miqdorlash kameralari hamda urug‘larni to‘zitib tarqatadigan havo tarnovlaridan iborat  urug‘ ekish qurilmasi konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
motodeltaplanlar va ularga o‘rnatilgan ekish qurilmasi bilan qanotsizlantirilgan cho‘l o‘simliklari urug‘larini aeroekish usulini amalga oshirishning texnologik imkoniyatlari hamda ularning maqbul konstruksiyalari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Cho‘l o‘simliklari urug‘larini qanotsizlantirish va aeroekish usuli hamda qurilmalarining ilmiy-texnikaviy echimlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklari urug‘larini notekis va ekish qiyin joylarga ham ekish imkonini beradigan aeroekish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk davlat muassasasining ixtiroga patenti olingan (“Saksovul urug‘ini aeroekish usuli” IAP №06867 – 2022 y.). Natijada, er usti mexanizatsiya vositalari uchun etib borish qiyin bo‘lgan, etib borib bo‘lmaydigan yoki nosamarador maydonlarda ularning uzoq-yaqin joylashganligi, relefining tekis-notekisligiga qaramasdan mavjud o‘simlik qoplamiga shikast etkazmagan va ularni to‘liq saqlab qolgan holda urug‘ ekish bilan bog‘liq o‘rmon-melioratsiya ishlarini yuqori ish unumida kam mehnat sarfi va ekspluatatsion xarajatlar bilan amalga oshirishga erishilgan.
cho‘l o‘simliklari, jumladan saksovul urug‘larini qanotsizlantirib, aeroekishga tayyorlaydigan qurilmaga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk davlat muassasasining ixtiroga patenti olingan (“Cho‘l o‘simliklarining urug‘larini qanotsizlantirish uchun qurilma” IAP №06865 – 2022 y.). Natijada, cho‘l o‘simliklari urug‘larining urug‘dan tashqari qismlarini olib tashlash hisobiga ekiladigan urug‘li aralashma tarkibida urug‘larning ulushini 95 foizdan oshirish imkoniga ega bo‘lingan;
motodeltaplanlarga o‘rnatib, urug‘larni aeroekishni amalga oshiradigan qurilmaga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk davlat muassasasining ixtiroga patenti olingan (“Urug‘larni aeroekish uchun qurilma” IAP №06868 – 2022 y.). Natijada, cho‘l o‘simliklari urug‘larini kam energiya va sarf-xarajatlar bilan belgilangan talablar darajasida ekish imkonini beradigan qurilma konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniga ega bo‘lingan;
ishlab chiqilgan cho‘l o‘simliklari urug‘larini aeroekish usuli, urug‘larni qanotsizlantiradigan va aeroekish qurilmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyati o‘rmonchilik xo‘jaliklarida hamda respublikaning boshqa hududlarida 301000 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025-yil 16-oktyabrdagi 03-03/1-03/3-10388-son ma’lumotnomasi). Natijada urug‘larni ekishga tayyorlash sifati 2,5-3,0 marta yaxshilangan, urug‘larni 99,5 – 100,0 % darajasida qanotsizlantirish, qanotsizlantirilgan urug‘larning tozaligini 87,0 – 90,0 % ga etkazish, yonilg‘i sarfi – 0,25 kg/ha, urug‘larni taqsimlanish bir xilligini aeroekish vositasi harakat yo‘nalishi bo‘yicha 97,0 % gacha, qamrov kengligi bo‘yicha 92,0 % gacha etkazishga erishilgan, aeroekish usuli va uni amalga oshiradigan qurilmalarni joriy etish natijasida olingan iqtisodiy samara 1 gektar maydon uchun 149 588,3 so‘mni, 1 tonna urug‘lik uchun 2 938 887,6 so‘mni tashkil etgani holda, jami ekilgan maydon va urug‘lik bo‘yicha iqtisodiy samara 18 824 692 956,7 so‘mni tashkil etgan;
urug‘larini aeroekish usuli va uni amalga oshirishda qo‘llaniladigan cho‘l o‘simliklari urug‘larini qanotsizlantirish qurilmasi hamda motodeltaplanlarga o‘rnatilib ishlatiladigan aeroekish qurilmasining konstruksiyasi va ularning loyiha-konstruktorlik hujjatlari “AGRO-PARVOZ” ko‘p tarmoqli aviatsiya ishlab chiqarish korxonasi ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025-yil 16-oktyabrdagi 03-03/1-03/3-10388-son ma’lumotnomasi). Natijada UOS-1 cho‘l o‘simliklari urug‘larini qanotsizlantirish qurilmasi va uchish vositasi sifatida “Poisk-06” SX motodeltaplani hamda unga o‘rnatilib ishlatiladigan USM rusumli urug‘larni aeroekish qurilmasining sanoat nusxasini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish