Nosirjonov Bunyodbek To‘lqinjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ichki uyqu arteriyasi okklyuziyasida jarrohlik usulida davolashning uzoq muddatli natijalarini yaxshilash yo‘llari», 14.00.34 – «Yurak qon-tomir xirurgiya» (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.2.PhD/Tib4731.
Ilmiy raxbar: Karimov Shavkat Ibragimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat tibbiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Baxritdinov Fazlitdin Shamsitdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor, Abduraxmanov Mamur Mustafaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ichki uyqu arteriyasining aterosklerotik okklyuziyasi bo‘lgan bemorlarda tashqi uyqu arteriyasi plastikasining uzoq muddatli natijalarini o‘rganish, jarrohlik davolash taktikasini aniqlash orqali yaqin hamda uzoq muddatli davrlarda amaliyotning samaradorligini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ichki uyqu arteriyasi aterosklerotik okklyuziyasi bo‘lgan bemorlarda tashqi uyqu arteriyasi plastikasi amaliyotining uzoq muddatli kuzatuv davridagi klinik va gemodinamik samaradorligi tashqi uyqu arteriyasi tarmoqlarida va ekstra-intrakranial mikroanastomozlarda qon oqimining chiziqli tezligini oshishi hamda insult va o‘lim ko‘rsatkichini kamayishi isbotlangan;
ichki uyqu arteriyasi aterosklerotik okklyuziyasi bo‘lgan holatlarda tashqi uyqu arteriyasi plastikasi amaliyoti bajarilgandan keyin o‘rta miya arteriyasi distal tarmoqlarining desimpatazatsiyasi hamda intrakranial qon aylanishini hajmi ortishi natijasida bemorlarning hayot sifati va kognitiv jarayonlarning holati yaxshilanganligi aniqlangan;
tashqi uyqu arteriyasi plastikasi boshlang‘ich qismidan va umumiy uyqu arteriyasidan endarterektomiya hamda autoarterial yamoq qo‘yish orqali amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotining yangi usuli (O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti 05.05.2025 yil № IAP 8128) ishlab chiqilgan;
ichki uyqu arteriyasi aterosklerotik okklyuziyasi bo‘lgan bemorlarda tashqi uyqu arteriyasi orqali bosh miyani revaskulyarizatsiya qilishning algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
IUA aterosklerotik okklyuziyasi bo‘lgan bemorlarga ko‘rsatiladigan yuqori texnologiyali jarrohlik yordamining sifatini oshirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra:
birinchi ilmiy yangilik: ichki uyqu arteriyasi aterosklerotik okklyuziyasi bo‘lgan bemorlarda tashqi uyqu arteriyasi plastikasi amaliyotining uzoq muddatli kuzatuv davridagi klinik va gemodinamik samaradorligi tashqi uyqu arteriyasi tarmoqlarida va ekstra-intrakranial mikroanastomozlarda qon oqimining chiziqli tezligini oshishi hamda insult va o‘lim ko‘rsatkichini kamayishi isbotlangan. «Ichki uyqu arteriyasi aterosklerotik okklyuziyasini jarroxlik usulida davolashning uzoq muddatli natijalarini yaxshilash yo‘llari» mavzusida uslubiy tavsiyanoma ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025 yil 05-maydagi № 28-05/572-T ekspert kengashi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma IUA okklyuziyasida surunkali bosh miya qon aylanish etishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda amaliyotdan oldingi va keyingi davrda bemorlarni olib borish taktikasini takomillashtirishga imkon bergan – bu natijalar Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (09.06.2025 y. 114-I/Ch sonli buyruq) va Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (16.06.2025 y. 125-I-sonli buyruq) amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnikaviy kengash xulosasi №22, 17 iyul` 2025 y.). Ijtimoiy samaradorligi: IUA aterosklerotik okklyuziyasida TUA autoarterial plastikasi amaliyotini o‘tkazish bo‘yicha taklif qilingan tavsiyalarning ijtimoiy samaradorligi bemorlarni davolash samaradorligini maqbullashtirish va yaxshilashda ifodalanadi, bu ularning amaliyotdan keyingi uzoq muddatli kuzatuv davrida xam amaliyotdan keyingi soxada gemodinamik ko‘rsatkichlarning barqarorligini saqlashga yordam beradi. Faqatgina medikamentoz davo usullaridan foydalanish esa bemorlarda TUA da stenoz darajasini vaqt mobaynida ortib borishini ko‘rsatdi hamda miyaning rezerv imkoniyatlari kamayishiga, kognitiv funksiyalarning tiklanishiga va hayot sifatini yaxshilanishiga kam darajada samarali ta’sir ko‘rsatadi. Iqtisodiy samaradorligi: statistikaga ko‘ra, IUA okklyuziyasi bo‘lgan va insul`t o‘tkazgan bemorlarning 60% ida birinchi insul`tdan keyin o‘lim holati qayd etiladi, 30% ida esa turli funksiyalarning buzilishi, asosan mehnatga layoqatsizlik, ya’ni bemorlarning nogiron bo‘lib qolishga olib keladi. IUA aterosklerotik okklyuziyasida jarroxlik amaliyotini bajarilmaganda, faqatgina medikamentoz davo olganda – bemor kamida har yili 2 marotaba statsionar sharoitda davolanishga va yana 2-3 marotaba reabilitatsiya jarayonlaridan o‘tishga majbur bo‘ladi. Bunda bir yil davomida taxminan o‘rtacha 30000000 so‘m miqdorda moddiy harajat sarflanadi. IUA aterosklerotik okklyuziyasida ko‘rsatmaga asosan TUA plastikasi amaliyoti bajarilganda – bemor o‘rtacha har yili 1 marotaba statsionar sharoitda davolanishga va yana 2 marotaba reabilitatsiya jarayonlaridan o‘tishga majbur bo‘ladi. Bunda bir yil davomida taxminan o‘rtacha 18000000 so‘m miqdorda moddiy harajat sarflanadi. Bu orqali har bir bemor uchun o‘rtacha 12000000 so‘m mablag‘ tejab qolishga erishildi, shuningdek, 30 nafar bemor uchun iqtisodiy tejamkorlik 360000000 so‘mni tashkil etdi. Xulosa: IUA aterosklerotik okklyuziyasida ko‘rsatmaga binoan TUA plastikasini bajarish orqali insul`t asoratlarini kamaytirish hamda statsionar sharoitda davolanishlar sonini qisqartirish hisobiga 12000000 so‘m tejash imkonini beradi; 
ikkinchi ilmiy yangilik: ichki uyqu arteriyasi aterosklerotik okklyuziyasi bo‘lgan holatlarda tashqi uyqu arteriyasi plastikasi amaliyoti bajarilgandan keyin o‘rta miya arteriyasi distal tarmoqlarining desimpatazatsiyasi hamda intrakranial qon aylanishini hajmi ortishi natijasida bemorlarning hayot sifati va kognitiv jarayonlarning holati yaxshilanganligi aniqlangan – bu natijalar Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (09.06.2025 y. 114-I/Ch sonli buyruq) va Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (16.06.2025 y. 125-I-sonli buyruq) amaliyotga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnikaviy kengash xulosasi № 22, 17 iyul` 2025 y.). Ijtimoiy samaradorligi: IUA aterosklerotik okklyuziyasi bo‘lgan bemorlarda TUA plastikasi amaliyotidan keyingi uzoq muddatli kuzatuv davrida, faqat konservativ davolangan bemorlar bilan solishtirilganda, kognitiv funksiyalar ishonchli darajada yaxshilangani kuzatildi (r<0,05), jumladan, qisqa muddatli xotira va eslash qobiliyati o‘rtacha 31% ga, fazoviy-ko‘rish qobiliyatlari – 22% ga, diqqat, konsentratsiya va ishchi xotira – 29% ga, til funksiyalari – 11% ga yaxshilanganligi isbotlangan. Shuningdek, hayot sifatida ham bir qancha ijobiy o‘zgarishlar aniqlandi. Eng katta o‘zgarish harakatlanish cheklovlari va og‘riq/noqulaylikda bo‘ldi, chunki 36 oyda bu ko‘rsatkichlar tegishli ravishda 44,0% dan 21,3% ga (r<0,01; ꭓ2=8,76) va 50,7% dan 34,7% ga (r<0,05; ꭓ2=3,92)  kamaydi. Ruhiy holatdagi o‘zgarishlar esa 36 oy muddatda 30,7% dan 18,7% (r>0,05; ꭓ2=2,91) gacha kamayganligi aniqlandi. Iqtisodiy samaradorligi: statistik ma`lumotlarga ko‘ra, IUA okklyuziyasi bo‘lgan va insul`t o‘tkazgan, mehnatga layoqatsiz nogiron bemorlarning parvarishi uchun albatta mehnatga layoqatli bir inson band bo‘lishi talab etiladi. Ya’ni medikamentioz davolash uchun bemorning o‘zi va qarovchi bilan birgalikda o‘rtacha yillik 36000000 so‘m harajat sarflanadi. Jarroxlik amaliyotini o‘tkazilganda esa bemor va uning qarovchisi bilan birgalikda 24000000 so‘m miqdorda moddiy harajat sarflanadi. Bu esa 20 nafar bemorga hisoblanganda o‘rtacha 240000000 so‘m mablag‘ni tejalishiga imkon beradi. Xulosa: jarroxlik amaliyot o‘tkazilgan bemorlarda hayot sifati va kognitiv funksiyalarning yaxshilanishi hisobiga taxminan 240000000 so‘m mablag‘  tejash imkonini beradi;
uchinichi ilmiy yangilik: tashqi uyqu arteriyasi plastikasi boshlang‘ich qismidan va umumiy uyqu arteriyasidan endarterektomiya hamda autoarterial yamoq qo‘yish orqali amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotining yangi usuli ishlab chiqilgan - «Tashqi uyqu arteriyasini autoarterial plastikasi usuli» ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti 05.05.2025 yil № IAP 8128). Taklif etilgan usul TUA boshlang‘ich qismidan va UUA bifurkatsiyasidan endarterektomiya o‘tkazish, uyqu arteriyalarining tabiiy anatomiyasini saqlab qolish, UUA va TUA orqali qon oqimining gemodinamik jihatdan muhim buzilishlarini bartaraf etish imkonini bergan, bu esa asoratlar sonini kamaytirish va operatsiya vaqtida ishemik insul`t rivojlanishi xavfini pasaytirishga xizmat qilishi isbotlangan – bu natijalar Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (09.06.2025 y. 114-I/Ch sonli buyruq) va Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (16.06.2025 y. 125-I-sonli buyruq) amaliyotga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnikaviy kengash xulosasi № 22, 17 iyul` 2025 y.). Ijtimoiy samaradorligi: IUA aterosklerotik okklyuziyasi mavjud bo‘lgan bemorlarda IUA ni rezeksiyasi va bog‘lash, endarterektomiya va TUA plastikasi jarrohlik amaliyoti uzoq muddatli davrlarda ham bosh miyaning kollateral qon ta’minotini yaxshilanishiga yordam beradi. TKDS ma’lumotlariga ko‘ra, jarrohlik davolashdan so‘ng uzoq muddatli davrlarda intrakranial arteriyalar bo‘yicha qon aylanishi hajmi boshlang‘ich ko‘rsatkichlarga nisbatan o‘rtacha 15,1±2,6 sm/s ga (r<0,001) oshgan, faqat konservativ davolangan bemorlarda esa bu ko‘rsatkich 2,1±0,7 sm/s (r<0,001) ni tashkil etgan. TUA plastikasi amaliyoti vaqtida biz tomonimizdan taklif etilgan autoarterial yamoq qo‘yish usuli bemorlarda amaliyotdan keyingi uzoq muddatli davrlarda TUA o‘tkazuvchanligi 96% holatlarda saqlanib qolishiga olib keldi, autovenoz yamoq qo‘llanilgan bemorlarda esa bu ko‘rsatkich 92% ni tashkil etdi. Iqtisodiy samaradorligi: TUAda o‘tkazilgan jarroxlik amaliyotlaridan so‘ng bemorlarda yil davomida statsionar sharoitda konservativ davolanishlar sonining kamayishiga olib keldi. Bir martalik konservativ davolanish o‘rtacha 8000000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 20 nafar bemorga taxminan 160000000 so‘m mablag‘ tejab qolish imkonini berdi. Xulosa: IUA aterosklerotik okklyuziyasida ko‘rsatmaga binoan TUA autoarterial plastikasi amaliyotidan keyin bemorlarning statsionar sharoitda davolanishlar sonining kamayishiga imkon berdi, bu esa har bir bemordan o‘rtacha 8000000 so‘m mablag‘ tejab qolishni ta’minlaydi. 
to‘rtinchi ilmiy yangilik: ichki uyqu arteriyasi aterosklerotik okklyuziyasi bo‘lgan bemorlarda tashqi uyqu arteriyasi orqali bosh miyani revaskulyarizatsiya qilishning algoritmi  ishlab chiqilgan - Karotid arteriyalarining aterosklerotik shikastlanishi bo‘lgan bemorlarni jarroxlik davolash taktikasi algoritmi ishlab chiqilgan; bu algoritm tufayli IUA aterosklerotik shikastlanishlari, xususan, IUA aterosklerotik okklyuziyasida operatsiyadan keyingi asoratlar sonini kamaytirish mumkinligi aniqlangan – bu natijalar Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (09.06.2025 y. 114-I/Ch sonli buyruq) va Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (16.06.2025 y. 125-I-sonli buyruq) amaliyotga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnikaviy kengash xulosasi № 22, 17 iyul` 2025 y.). Ijtimoiy samaradorligi: Biz tomondan ishlab chiqilgan davolash taktikasi algoritmini IUA aterosklerotik okklyuziyasi mavjud bo‘lgan bemorlarda qo‘llash, jarrohlik muolajasidan keyingi uzoq muddatli davrlarda bosh miyaning ishemik holatlari yuz berishini 5,8% dan 4,0% gacha (r>0,05; ꭓ2=0,07) kamayishiga, shuningdek, «insul`t + o‘lim» ko‘rsatkichini 1,9% dan 1,3% gacha (r>0,05; ꭓ2=0,05) pasaytirish imkonini berdi. Iqtisodiy samaradorligi: TUA da o‘tkazilgan jarroxlik amaliyotlaridan so‘ng bemorlarda insul`t holatlarining kamayishi statsionar davolanish (shu jumladan, intensiv terapiya va tibbiy reabilitatsiya) xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi. Bir kunlik davolanish narxi 1000000 so‘mni tashkil etadi. 20 nafar bemor uchun 5 kunlik tejaladigan mablag‘ 100000000 so‘mni tashkil etadi. Xulosa: IUA aterosklerotik okklyuziyasida bilan kasallangan bemorlarni tashxislash va kompleks davolash algoritmini joriy etish asoratlar sonini kamaytirishga va 100000000 so‘m mablag‘ni tejashga imkon beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish