Sobirova Nargiza Numonjonovnaning
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz tillarida noverbal vositalarning milliy-madaniy xususiyatlari (Tohir Malikning “Talvasa” va Agata Kristining “Staylsdagi sirli voqea” (“The Mysterious Affair at Styles”) asarlari misolida)” 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Fill 1680.
Ilmiy rahbar: Ibragimova Extiyotxon Ismailovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami:
Farg‘ona davlat universiteti, DSc.30.12.2019.Fil.05.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Dildoraxon Ganieva, ikkinchi rasmiy opponent sifatida filologiya fanlari doktori, professor Ma’murjon Saidxonov.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz tillaridagi noverbal vositalarining milliy-madaniy xususiyatlarini tanlangan asarlar misolida qiyosiy-chog‘ishtirma aspektda tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
aloqa-aralashuv jarayonida noverbal vositalarning fonatsion, kinetik va grafik komponentlari shaxsning milliy-madaniy identiteti, ijtimoiy-siyosiy qarashlari, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashlari va hissiy-ruhiy xususiyatlari haqida axborot tashuvchi kompleks semiotik tizim sifatida faoliyat yuritishi nazariy jihatdan asoslangan;
o‘zbek va ingliz xalqlari muloqot jarayonida nigoh, ruhiy va hissiy ta’sir natijasida inson tanasida yuzaga keluvchi psixofiziologik reaksiyalar (qaltiroq, teri rangining o‘zgarishi va boshqa somatik holatlar)ni ifodalashda kinetik vositalardan foydalanishning umumiy va milliy-mental farqlari, shuningdek, imo-ishora va tashqi xatti-harakatlar tizimining milliy xususiyatlari lingvokulturologik nuqtai nazardan tahlil qilinishi Tohir Malik va Agata Kristi asarlari materiali asosida aniqlangan;
o‘zbek va ingliz xalqlarida hissiyotlar noverbal vositalarning fonatsion turiga mansub ovoz ritmi, tezligi, ohangdorligi, balandligi yoki pastligi, xo‘rsinish, sukut kabi vositalar bilan berilishi hamda uning yozma nutqda achchiqlanib, zarda bilan, qat’iy ohangda, norozi ohangda, siniq ovozda, yig‘laguday bo‘lib, mehr bilan; anxiously, hesitatingly, impatiently, savagely, with bitterness, reproachfully, with dignity kabi so‘zlar orqali ifodalanishi dalillangan;
noverbal vositalarning grafik turiga kiruvchi grafon, ideogramma, diagramma, logogramma, grammatogramma kabi semiotik birliklar tizimli ravishda tahlil qilinib, Tohir Malik va Agata Kristi asarlarida tinish belgilari, fonetik takror (unli va undosh tovushlarning grafika orqali takroriy ko‘rsatilishi) hamda boshqa vizual-kompozitsion elementlarning badiiy matnda ma’no yuklash funksiyasi sifatida izchil qo‘llangani ilmiy dalillar asosida isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillarida noverbal vositalarning qiyosiy tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
aloqa-aralashuv jarayonida noverbal vositalarning fonatsion, kinetik va grafik komponentlari shaxsning milliy-madaniy identiteti, ijtimoiy-siyosiy qarashlari, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashlari va hissiy-ruhiy xususiyatlari haqida axborot tashuvchi kompleks semiotik tizim sifatida faoliyat yuritishi nazariy jihatdan asoslanganligiga doir xulosalaridan 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan AL-FDU2022307-010 raqamli “Lingvistik tahrir va tarjimashunoslik” ilmiy-tadqiqot markazida “Antiplagiat” dasturini amaliyotga joriy etishda, ilmiy-amaliy loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2024-yil 13-dekabrdagi 04/7455-son ma’lumotnomasi). Natijada noverbal vositalarning kinetik, fonatsion va grafik turlarining yozma nutqdagi aks etishi hamda ularning o‘zbek va ingliz tillaridagi tarjimasi “Antiplagiat” dasturini takomillashishiga olib kelgan;
o‘zbek va ingliz xalqlari muloqot jarayonida nigoh, ruhiy va hissiy ta’sir natijasida inson tanasida yuzaga keluvchi psixofiziologik reaksiyalar (qaltiroq, teri rangining o‘zgarishi va boshqa somatik holatlar)ni ifodalashda kinetik vositalardan foydalanishning umumiy va milliy-mental farqlari, shuningdek, imo-ishora va tashqi xatti-harakatlar tizimining milliy xususiyatlari lingvokulturologik nuqtai nazardan tahlil qilinishi Tohir Malik va Agata Kristi asarlari materiali asosida aniqlanganligiga doir xulosalaridan 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan F3-2019081773-raqamli “Musiqa va san’at o‘quv muassasalari uchun “Bolalar raqsi” fanidan interaktiv o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratish” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda, xususan, “O‘zbek bolalar raqslari, raqs liboslari va taqinchoqlari nomlarining o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha qisqacha izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2025-yil 10-martdagi 1/04-193-son ma’lumotnomasi). Natijada noverbal vositalarning kinetik turlariga kiruvchi o‘zbek va ingliz tillarida berilgan misollardan o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha qisqacha izohli lug‘atini yaratishda salmoqli hissa qo‘shilgan;
o‘zbek va ingliz xalqlarida hissiyotlar noverbal vositalarning fonatsion turiga mansub ovoz ritmi, tezligi, ohangdorligi, balandligi yoki pastligi, xo‘rsinish, sukut kabi vositalar bilan berilishi hamda uning yozma nutqda achchiqlanib, zarda bilan, qat’iy ohangda, norozi ohangda, siniq ovozda, yig‘laguday bo‘lib, mehr bilan, anxiously, hesitatingly, impatiently, savagely, with bitterness, reproachfully, with dignity kabi so‘zlar orqali ifodalanishi dalillanganligiga doir xulosalaridan 2024-2025-yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlari ssenariyasini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2025-yil 10-martdagi 26-36-959-son ma’lumotnomasi). Natijada ohangga doir masalalar o‘rganilgan bo‘lib, amalda qo‘llanildi va eshittirishlarning sifati oshib, jozibadorlik qo‘shilgan.
noverbal vositalarning grafik turiga kiruvchi grafon, ideogramma, diagramma, logogramma, grammatogramma kabi semiotik birliklar tizimli ravishda tahlil qilinib, Tohir Malik va Agata Kristi asarlarida tinish belgilari, fonetik takror (unli va undosh tovushlarning grafika orqali takroriy ko‘rsatilishi) hamda boshqa vizual-kompozision elementlarning badiiy matnda ma’no yuklash funksiyasi sifatida izchil qo‘llangani ilmiy dalillar asosida isbotlanganligiga doir xulosalaridan “ERASMUS+ Capacity Building Project 101129076 EMPOWER: Women Entrepreneurship, Empowerment, employability and self-confidence” loyihasida foydalanilgan (Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutining 2025-yil 17-maydagi 1112-03-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh tadbirkor ayollarning tadbirkorlik kompetentligini oshirishda chet tillarini bilish hamda undan foydalanishda noverbal vositalardan xatosiz foydalanish, biznes etiketiga rioya qilish, xatti-harakatlarga e’tiborli bo‘lish hamda ovoz ohangiga doir ko‘nikmalarini rivojlantirishga erishilgan.