Pulatov Muxitdin Kamoliddinovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Markaziy Farg‘ona sug‘oriladigan tuproqlari, ularning asosiy xossalari va unumdorlik holati (Farg‘ona viloyati misolida)», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/B858.
Ilmiy rahbar: Abduraxmonov Nodirjon Yulchievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/11.07.2025.B/Qx.01.17.
Rasmiy opponentlar: Turdaliev Avazbek Turdalievich, biologiya fanlari doktori, professor; Parpiev G‘ofurjon Toxirovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Farg‘onaning Farg‘ona viloyati hududlarida tarqalgan sug‘oriladigan tuproqlarning hozirgi holati va asosiy xossa-xususiyatlaridagi o‘zgarishlarni aniqlash orqali unumdorlik darajasini belgilash hamda tuproqlar unumdorligini saqlash va qayta tiklashga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan gidromorf tuproqlarning 0-1 metrlik qatlamida umumiy tuzlarga nisbatan zaharli tuzlar miqdorini kamligi tuproqgruntlarni granulometrik tarkibi va silikatli ikkilamchi mineral (SiO2)lar bilan bog‘liqligi asoslangan;
chorak asr davomida antropogen ta’sirlar tufayli hudud sug‘oriladigan cho‘l-o‘tloqi tuproqlaridan o‘tloqi va o‘tloqi-saz tuproqlar tomon gumus miqdori ortib borganligi uglerodni azotga (C:N) bo‘lgan nisbatini baholash orqali asoslangan;
hududdagi botqoq-o‘tloqi tuproqlar meliorativ tadbirlar ta’sirida er osti suvlari sathining 1,50-1,70 metrgacha pasayishi hisobiga o‘tloqi tuproqlar tomon transformatsiyalanganligi aniqlangan;
sug‘oriladigan o‘tloqi (r = 0,92), o‘tloqi-saz (r = 0,96) va cho‘l-o‘tloqi (r = 0,86) tuproqlar tarkibidagi gumus miqdori bilan g‘o‘za ekini hosildorligi o‘rtasidagi ijobiy korrelyativ bog‘liqlik aniqlangan;
hudud sug‘oriladigan tuproqlarining meliorativ holati (0-1 metrlik qatlamida tuzlar zahirasi 96,7-199,9 t/ga) va unumdorlik darajasi baholangan hamda har bir tuproq ayirmasi uchun bonitet ballari belgilangan;
hudud sug‘oriladigan tuproqlari bo‘yicha ko‘p yillik tadqiqot (1999-2010-2017-2023-yillar) natijalari taqqoslangan hamda ularning xossalari va unumdorlik darajasidagi ijobiy (1,0-4,7 ballgacha ortgan) o‘zgarishlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Markaziy Farg‘onaning Farg‘ona viloyati sug‘oriladigan tuproqlari, ularning asosiy xossalari va unumdorlik holati bo‘yicha olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
Markaziy Farg‘ona hududida tarqalgan sug‘oriladigan tuproqlarning hozirgi holati, xossa-xususiyatlari, unumdorligi past, qiyin melioratsiyalanuvchi tuproqlar unumdorligini oshirish bo‘yicha “Markaziy Farg‘ona sug‘oriladigan gipsli tuproqlari va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar” mavzusidagi tavsiyanoma Farg‘ona viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 21-dekabrdagi №-05/05-04-673-son ma’lumotnomasi). Natijada, hududdagi qiyin melioratsiyalanadigan sug‘oriladigan tuproqlarning meliorativ holatini yaxshilash, unumdorligini qayta tiklash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilashda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Xavasmand Qorajiyda” massivining o‘tloqi (94,46 ga), Yozyovon tumani “O‘zbekiston” massivining (2-uchastkasi) cho‘l-o‘tloqi (179,65 ga) hamda Rishton tumani M.Topvoldiev nomli massivining (2-3 uchastkalari) o‘tloqi (611,82 ga) tuproqlarining 1:10 000 miqyosli mexanik tarkibi kartalari tuzilgan hamda hududdagi jami 930,93 gektar sug‘oriladigan er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 21-dekabrdagi №-05/05-04-673-son ma’lumotnomasi). Natijada, mexanik tarkibi va sho‘rlanish darajasini hisobga olgan holda agrofizik va agromeliorativ tadbirlarni o‘tkazish, jumladan, tuproqqa to‘g‘ri ishlov berish, maqbul me’yorlarda sug‘orish, tuproq xossa-xususiyatlarini va meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tadbirlar belgilashga imkon bergan;
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Xavasmand Qorajiyda” massivining o‘tloqi tuproqlari tarqalgan 94,46 ga, Yozyovon tumani “O‘zbekiston” massivining (2-uchastkasi) cho‘l-o‘tloqi tuproqlari tarqalgan 179,65 ga hamda Rishton tumani M.Topvoldiev nomli massivining (2 va 3 uchastkalari) o‘tloqi tuproqlari tarqalgan 611,82 ga sug‘oriladigan tuproqlarining 1:10 000 masshtabda sho‘rlanish kartogrammalari tuzilib, tumanning 930,93 gektar sug‘oriladigan er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 21-dekabrdagi №-05/05-04-673-son ma’lumotnomasi). Natijada, massivlarning turli darajada sho‘rlangan erlarida sho‘r yuvish me’yorlari, muddatlari va sonini to‘g‘ri belgilash orqali erlarning meliorativ holatini yaxshilash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish