Amanov Amirbek Mamirjonovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori
(PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Soyaning Glycine max L. yangi navini ayrim xo‘jalik belgilarining barqarorligini saqlash va joriy etish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Qx.1594.
Ilmiy rahbar: Narimanov Abdujalil Abdusamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: Soyaning “Ehtiyoj” navi (NAP 00410).
II. Tadqiqotning maqsadi soyaning serhosil, urug‘i tarkibida oqsil hamda moy miqdori yuqori bo‘lgan yangi navini yaratish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor soyaning genetik kolleksiyasi Gen seriyasidagi namunalari orasidan morfo-xo‘jalik belgilari ko‘rsatkichlari bo‘yicha andoza “Orzu” navi va boshqa namunalarga nisbatan ijobiy farqlanuvchi, oqsil va moy miqdori hamda hosildorligi yuqori bo‘lgan Gen-24 namunasi ajratib olingan;
soyaning Gen-24 namunasiga mansub avlodlar populyasiyasida o‘tkazilgan maqsadli tanlovlar natijasida o‘suv davri 115-120 kun, hosildorligi 35,5-40,0 s/ga, 1000 dona don vazni 165-175 g., bir o‘simlikdagi dukkaklari soni 80-90 dona, doni tarkibida 42 % oqsil va 25 % moyi mavjud bo‘lgan “Ehtiyoj” navi yaratilgan va uning yangiligi tasdiqlangan holda NAP 00410 raqamli patent olingan;
yangi yaratilgan “Ehtiyoj” navining muhim morfo-xo‘jalik belgilari ko‘rsatkichlarining barqarorligi ko‘p martali tanlovlar natijasida bir necha avlod populyasiyalarida saqlanishi aniqlangan;
soyaning yangi “Ehtiyoj” navi andoza “Orzu” navidan don hosildorligi 3-5 s/ga, ming dona don vazni 10-15 g, oqsil miqdori 5-7 %, moy miqdori 1-1,5 %ga yuqoriligi bilan ustunligi tasdiqlangan;
maqsadli ko‘p martali tanlovlar hamda avlodlar populyasiyasini tahlil qilish natijasida “Ehtiyoj” navining navdorlik ko‘rsatkichlarini 100% ga etkazilgan va urug‘ ko‘paytirish koeffisienti oshirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Soyaning Glycine max L. yangi navini ayrim xo‘jalik belgilarining barqarorligini saqlash va joriy etish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
soyaning yangi “Ehtiyoj” navi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining Pskent tumanidagi “Piskent” ilmiy tajriba bazasida 2022-yilda 0,10, 2023-yilda 0,30 va 2024-yilda 0,70 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 10-iyundagi 01/10-12-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu navdan yillar kesimida mos ravishda 37,6, 38,3 va 36,9 s/ga hosil etishtirishga erishilgan;
soyaning yangi “Ehtiyoj” navi 2023-yilda Toshkent viloyatning Yangiyo‘l tumanidagi “Sharqiyabonu nur fayz” fermer xo‘jaligida 1,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 10-iyundagi 01/10-12-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur navdan olingan 32,1 s/ga hosil oktyabr oyining birinchi o‘n kunligida pishib etilgan va hosilni erta muddatlarda yig‘ishtirib olish imkonini bergan;
soyaning yangi “Ehtiyoj” navi urug‘ligini ko‘paytirish uchun 2024-yilda Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Yangi Qo‘shrabod” fermer xo‘jaligida 0,5 ga, “Ozodbek Boburbek Agro” fermer xo‘jaligida 0,3 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 10-iyundagi 01/10-12-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu navdan 35,9 va 36,3 s/ga yuqori sifatli urug‘lik etishtirish va hosilni mashinada to‘liq yig‘ishtirib olishga erishilgan;
soyaning “Ehtiyoj” navi urug‘liklari O‘simliklar genetik resurslari ilmiy tadqiqot institutining “Milliy genbank” iga taqdim etilib, K-236 katalog raqami bilan ro‘yxatga olingan va tadqiqotlarda foydalanilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 10-iyundagi 01/10-12-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur nav “Milliy genbank” soya genofondini yanada boyitish va elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini bergan.