Turdiev Botirjon Azamat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingichka tolali g‘o‘zani qo‘shqatorlab ekishda ko‘chat qalinligiga oziqa mutanosibligining tuproq unumdorligi va paxta hosildorligiga ta’siri”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Qx1461
Ilmiy rahbar: Boltaev Saydulla Maxsudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti, PhD.03/28.08.2024.Qx.181.01.
Rasmiy opponentlar: Bo‘riev Abdivaxob Abdirazzaqovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent; Kenjaev Yunus Chintashovich, qishloq xo’jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Sug‘oriladigan taqir-o‘tloqi tuproqlar sharoitida turli ko‘chat qalinliklarida qo‘shqatorlab ekilgan ingichka tolali g‘o‘zadan yuqori va sifatli paxta hosili etishtirishda oziqlantirish mutanosibligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Surxondaryo viloyatining taqir-o‘tloqi tuproqlari sharoitida qo‘shqator usulida ekilgan ingichka tolali “Termiz-202” g‘o‘za navidan yuqori va sifatli hosil etishtirishda ko‘chatlar sonini 160 va 180 ming tup/ga qoldirilib parvarishlash maqbul ekanligi aniqlangan;
qo‘shqator usulida ekilgan ingichka tolali “Termiz-202” g‘o‘za navining maqbul (160 va 180 ming tup/ga) ko‘chat qalinliklariga mos bo‘lgan mineral oziqlantirishning quyidagi (N250P175K125), (N275P190K135) me’yorlari ishlab chiqilgan;
ingichka tolali g‘o‘za parvarishida ko‘chatlar sonini 160 va 180 ming tup/ga qoldirilib 1,5 t/ga organik o‘g‘it-go‘ng fonida mineral o‘g‘itlarni (N250P175K125), (N275P190K135) kg/ga me’yorlarida qo‘llashning tuproq agrokimyoviy xossalariga ijobiy ta’siri aniqlanib, mavsum oxirida ammoniyli azot miqdori mos ravishda 20,8 va 21,3 mg/kg ni, nitratli azot miqdori 22,2 va 24,2 mg/kg ni, harakatchan fosfor 28,7 va 29,4 mg/kg ni hamda almashuvchan kaliy miqdori esa 294 mg/kg ni tashkil etganligi isbotlangan;
mineral o‘g‘itlar fonida 1,5 t/ga organik o‘g‘it – go‘ng qo‘llashning tuproq oziq rejimi, suv-fizik va agrofizik xossalariga ijobiy ta’sir etishi natijasida ingichka tolali g‘o‘zaning “Termiz-202” navini maqbul oziqlantirishning me’yorlari ilmiy-nazariy tomondan asoslangan va ishlab chiqarishga tavsiyalar berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turli ko‘chat qalinliklarida mineral va organik o‘g‘itlarni sug‘oriladigan taqir-o‘tloqi tuproqlar sharoitida g‘o‘zada qo‘llashning maqbul me’yor va muddatlarini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Sug‘oriladigan taqir o‘tloqi tuproqlar sharoitida turli ko‘chat qalinliklarida mineral o‘g‘itlar fonida organik o‘g‘it go‘ngni qo‘shimcha oziqa sifatida ingichka tolali g‘o‘zada qo‘llash yuzasidan “Ingichka tolali g‘o‘zani turli ko‘chat qalinliklarida parvarishlash agrotexnologiyalari” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining 2025-yil 9-apreldagi 05/05/1553-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma, Surxondaryo viloyatida ingichka tolali paxta etishtiruvchi agroklasterlar va fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda.
Sug‘oriladigan taqir–o‘tloqi tuproqlar sharoitida ingichka tolali “Termiz-202” g‘o‘za navining turli ko‘chat qalinliklarida mineral va organik o‘g‘itlarni maqbul qo‘llash texnologiyasi Surxondaryo viloyatida jami 64,4 gektar maydonda jumladan, Sherobod tumani “Sherobod Paxta Don MChJ” fermer xo‘jaligida 10,7 ga, “Zamin Navbahor” fermer xo‘jaligida 10,8 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 27-avgust 05/04-04/473-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, taqir-o‘tloqi tuproqlari sharoitida qo‘shqatorlab ekilgan ingichka tolali g‘o‘zaning “Termiz-202” navini parvarishlashda gektariga 160 ming tup ko‘chat qoldirib, N250P175K125 kg/ga hamda mineral o‘g‘itlar bilan birga 1500 kg/ga go‘ng qo‘llanilgan variantda hosil 36,4-37,0 s/ga ni tashkil etib, sof foyda 17,2-17,0 mln so‘m/ga ni va rentabellik 67,2-68,3 % ga teng bo‘ldi. Ko‘chat qalinligi 20 ming tupga oshirilib, gektariga N275P190K135 kg/ga va mineral o‘g‘itlar bilan birga 1500 kg/ga go‘ng bilan oziqlantirilganda yuqoridagi variantga nisbatan hosil 3,2-3,1 s/ga, sof foyda 2,5-2,8 mln so‘m/ga va rentabellik 6,9-6,8% ga yuqori bo‘lgan;
Termiz tumani “Sharof Moxinur” fermer xo‘jaligida 11,4 ga, “Bek Nurofshon dala” fermer xo‘jaligida 8,8 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 27-avgust 05/04-04/473-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, gektariga 160 ming tup ko‘chat qoldirib, N250P175K125 kg/ga hamda mineral o‘g‘itlar bilan birga 1500 kg/ga go‘ng qo‘llanilganda hosildorlik 38,2 s/ga ni tashkil etib, rentabellik 70,5% ga teng bo‘ldi. Gektariga 180 ming tup ko‘chat qoldirib N275P190K135 kg/ga hamda mineral o‘g‘itlar bilan birga 1500 kg/ga go‘ng qo‘llanilganda yuqoridagi variantga nisbatan hosildorlik 1,5 s/ga, rentabellik esa 3,8% ga yuqori bo‘lgan;
Angor tumani “Xidir bobo Qorasuv” fermer xo‘jaligida 10,4 ga, “Begzod Sardor Qorasuv” fermer xo‘jaligida 12,3 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 27-avgust 05/04-04/473-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, gektariga 160 ming tup ko‘chat qoldirib, N250P175K125 kg/ga hamda mineral o‘g‘itlar bilan birga 1500 kg/ga go‘ng qo‘llanilganda hosildorlik 36,9-37,9 s/ga ni va rentabellik 68,1-69,9 % ni tashkil etgan bo‘lsa, 180 ming tup ko‘chat qoldirib gektariga N275P190K135 kg hamda mineral o‘g‘itlar bilan birga 1500 kg go‘ng qo‘llanilganda umumiy hosil 39,5-40,5 s/ga ni tashkil etib, rentabellik 74,0-75,8% ga teng bo‘lgan.