Majidov Shaxzod Abdixalil o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar huquqlarini himoya qilishni takomillashtirish masalalari”, “12.00.12 – Korrupsiya muammolari (yuridik fanlar)”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu998
Ilmiy rahbar: Karimov Vaxabjon, yuridik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlari doktori, professor Tillaboev Mirzatilla Alisherovich, iqtisod fanlari doktori, professor Kabilov Sharif Raximovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarning huquqlarini huquqiy jihatdan himoya qilish va ularni rag‘batlantirish bilan bog‘liq nazariy va huquqiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan milliy qonunchilikni takomillashtirish hamda mavzu bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarlikni korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarliklar ro‘yxatiga kiritish va ushbu turdagi ma’muriy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishning huquqiy asoslarini qonunchilikda belgilash asoslantirilgan;
manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarga sud orqali undiriladigan jarimaning ellik foizi miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirish asoslab berilgan;
nepotizm va odob-axloq qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq xatti-harakatlarni korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga oid xabarlarning toifalariga kiritishning zarurati asoslantrilgan;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga nisbatan ish joyida ta’qib, tazyiq va zo‘ravonlik holatlari, shu jumladan
mehnat huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida himoya orderini taqdim etish zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarlikni korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik ro‘yxatiga kiritish va ushbu turdagi ma’muriy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishning huquqiy asoslarini belgilash yuzasidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.12.2020 yildagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 3-bandi beshinchi xatboshisiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2025 yil 14 noyabrdagi 8/12-0016-son dalolatnomasi). Mazkur taklif manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishning normativ-huquqiy asoslarini belgilashga imkon bergan;
manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarga sud orqali undiriladigan jarimaning ellik foizi miqdorida bir martalik pul mukofoti tariqasida rag‘batlantirish haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.12.2020 yildagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 9-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2025 yil 14 noyabrdagi 8/12-0016-son dalolatnomasi). Mazkur taklif manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishini ta’minlashga xizmat qilgan;
nepotizm va odob-axloq qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq xatti-harakatlarni korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga oid xabarlarning toifalariga kiritish haqidagi taklifidan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasining 23-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2025 yil 28 maydagi 8-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi nafaqat korrupsiyaga oid ma’muriy yoki jinoiy huquqbuzarliklar, balki korrupsiyaviy xatti-harakatlar haqida xabar bergan shaxslarga ham davlat huquqiy himoyasi taqdim etilishiga xizmat qiladi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga nisbatan ish joyida ta’qib, tazyiq va zo‘ravonlik holatlari, shu jumladan mehnat huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida himoya orderini taqdim etish haqidagi taklifidan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasining 36-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2025 yil 28 maydagi 8-son dalolatnomasi). Ushbu taklif xabar bergan shaxslarning ish joyida mehnatga oid huquqlarini himoya qilish yuzasidan preventiv himoya choralarining bir turi sifatida ularga himoya orderini taqdim etish orqali ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.