Qorjobova Mahzuna Faxriddin qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Elektrda po‘lat eritish jarayonining energiya samaradorligini oshirish”, 05.05.02 – “Elektrotexnika. Elektr energiya stansiyalari, tizimlari. Elektrotexnik majmualar va qurilmalar” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/T374.
Ilmiy rahbar: Raxmonov Ikromjon Usmonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/10.12.2019.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Xudayarov Muzaffar Burxanovich, texnika fanlari doktori, professor; Yaroslav Kultan texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent (Slovakiya).
Yetakchi tashkilot: Shimoliy-sharqiy elektroenergetika universiteti (Xitoy).
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Elektrodlar harakatini rostlash va boshqarish asosida elektrda po‘lat eritish jarayonining energiya samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
elektr yoy toki hamda kuchlanish parametrlarini uzluksiz nazorat qilish orqali elektr yoy uzunligining maqbul chegaraviy qiymatini ta’minlash mezoni asosida transreaktor xususiyatlaridan foydalangan holda elektrodlar harakatini avtomatik rostlash qurilmasi ishlab chiqilgan;
birlamchi shixtani eritish jarayonida elektr yoy tokining 2-3 kA oraliqdagi tebranishlari va kuchlanishning -6 % dan +7 % gacha o‘zgaruvchanligi hisobga olingan holda, elektrodlar harakatini real vaqtda optimal moslashtiruvchi boshqarish usuli elektr yoy barqarorligini ta’minlash asosida ishlab chiqilgan;
elektr yoy tokining 17 kA dan 38 kA gacha keng diapazonda o‘zgarish xususiyatini hisobga olib, elektrodlar harakati tezligini adaptiv tarzda aniqlashni ta’minlovchi intellektual boshqaruv modeli elektr yoy toki va kuchlanishining muvofiqliligini ta’minlash asosida takomillashtirilgan;
elektrodlarning mexanik sinish chastotasi ta’sirini hisobga olgan holda, ularning harakatini rostlash va boshqarish jarayonining umumiy energiya samaradorligi ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholash uchun kompleks hisoblash usuli va algoritmi texnologik jarayon barqarorligini ta’minlash asosida ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Texnologik jarayon intensivligini ta’minlash asosida elektrda po‘lat eritish jarayonining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
elektrodlar harakatini rostlash qurilmasi uchun Rossiya Federasiyasining intellektual mulk bo‘yicha Federal xizmatining ixtiroga patenti olingan (Elektrda po‘lat eritish pechi quvvatini rostlash qurilmasi, IAP 2845265, 15.08.2025 yil). Natijada, elektr yoy toki o‘zgarishiga bogʻliq holda elektr yoy uzunligini 5 sm dan 35 sm gacha bo‘lgan maqbul chegaralarda barqaror ushlab turish imkoniyati yaratilgan;
elektrodlar harakatini rostlash qurilmasi va boshqarish usuli “LI DA METAL TECHNOLOGY” MChJga joriy qilingan (“Oʻzmetkombinat” AJning 2025 yil 17 sentyabrdagi №01/05-01-01/1205 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, elektr yoy toki 2-3 kA, kuchlanishi -6 % dan +7 % gacha oraliqda o‘zgarishida elektrodlar harakatini avtomatik tarzda boshqarilib, elektrodlarning sinish chastotasini yiliga o‘rtacha 16 tadan 12 tagacha qisqartirish hamda 1 tonna metallni eritishda sarflanadigan elektr energiyasining solishtirma sarfni 1,5 % ga, elektr energiyasi isrofini o‘rtacha 1,9 % ga, CO₂ emissiyasini 2,1 % ga kamaytirish imkoniyati yaratilgan;
elektrodlar harakati tezligini aniqlashning intellektual boshqaruv modeli “LI DA METAL TECHNOLOGY” MChJga joriy qilingan (“Oʻzmetkombinat” AJning 2025 yil 17 sentyabrdagi №01/05-01-01/1205 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, elektr yoyi tokining 17 kA dan 38 kA gacha bo‘lgan oraliqlarida, kuchlanishning esa 375 V dan 425 V gacha bo‘lgan oraliqlarida o‘zgarishi sharoitida elektrodlar harakati tezligini -3 sm dan 3 sm gacha boshqarish imkoniyati yaratilgan.