Sharipova Ayshagul Ibraimovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sintetik va tabiiy polimerlar asosida struktura hosil qiluvchi va suvni saqlovchi reagentlarning sintezi va kolloid kimyoviy xossalari», 02.00.11 – Kolloid va membrana kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.DSc/K239.
Ilmiy maslahatchi: Kuldasheva Shaxnoza Abdulazizovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, DSc.03/29.08.2023.K/T.66.02.
Rasmiy opponentlar: Ochilov G‘olibjon Mamayunusovich, kimyo fanlari doktori, professor; Baxronov Hayot Nurovich, kimyo fanlari doktori, professor; Ismailov Ravshan Isroilovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sintetik va tabiiy polimerlar asosida struktura hosil qiluvchi va suv saqlovchi reagentlarni sintez qilish va ularning kolloid-kimyoviy xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
akrilamid va malein kislota sopolimerlarini sintez qilishning maqbul sharoitlariga 1:8 mol nisbatda AIBA inisiatorini qoʻllash va 50 °C haroratda kuchsiz ishqoriy muhitda (pH≈7,1) 6 soat davomida polimerlash orqali erishilganligi aniqlangan, bu esa 99,89% gacha unum va yuqori ionlanish darajasiga hamda amid va karboksil guruhlari miqdoriga ega boʻlgan strukturaning shakllanishi isbotlangan;
malein kislotasini dastlab kaliy gidroksid bilan neytrallash va keyinchalik kuchsiz ishqoriy muhitda sintez qilish polimerlanish darajasining ortishini ta’minlashi va qo‘shimcha gidrolitik reaksiyalarning oldini olishi, polimerlanishni kuchli ishqoriy muhitda (pH 10,6-10,8) olib borish esa amid guruhlarining qisman gidroliziga olib kelishi, unumning 97,12% gacha kamayishi va sopolimer tarkibidagi karboksil guruhlarining miqdorini oshirishi aniqlangan;
dastlabki sopolimerlarning gidroliz sharoitlarini maqbullashtirish (AA:KOH=1:0,6 nisbatda, 98°C haroratda va 1,5-2 soat davomida) amid guruhlarining karboksil guruhlariga samarali aylanishini ta’minlashi asoslangan, bu MK:AA = 1:8 mol nisbatdagi namunalar uchun azot miqdorining 9,4% gacha kamayishi va kislota sonining 139 mg KOH/g gacha oshishi bilan tasdiqlanadi, bu orqali tuproq tizimlarida sopolimerlarning struktura hosil qilish va suv saqlash qobiliyatlari isbotlangan;
AAMK va AAIK sopolimerlarini 0,025-0,05 g/l konsentrasiyada qoʻllash suvga chidamli agregatlar miqdorini G2AAMK8-N uchun 94,95% gacha va G2AAIK6-K-P uchun 85,2% gacha oshirishga olib kelishi, bu zaryadlarning yuqori zichligi va polimer zanjirlarining zarrachalararo «koʻpriklar» hosil qilish qobiliyati bilan bogʻliqligi asoslangan;
sopolimerlarning tuproqqa kiritilishi natijasida mezoo‘lchamli g‘ovaklar ustunlik qiluvchi kompakt, agregatlangan struktura shakllanishi hisobiga strukturaviylik koeffisienti (SK) 3,21 gacha, suvga chidamlilik koeffisienti (SChK) esa 2,60 gacha oshgani aniqlangan; bu ko‘rsatkichlar nazorat namunalariga nisbatan (SK = 0,43, SChK = 0,92) ancha yuqori ekanligi aniqlangan;
tuproqqa sopolimerlarning 1 % li eritmalari bilan 100 ml/dm² sarf me’yorida ishlov berilganda, uning zichligi 1,02–1,29 g/sm³ gacha kamayishi, umumiy g‘ovakligi 60,26 % gacha, g‘ovaklarning umumiy hajmi esa 0,19 sm³/g gacha ortishi hamda tuproqning suvni saqlab turish qobiliyatini va yuvilishga chidamliligi aniqlangan;
neytrallangan shakldagi sopolimerlarni (G2AAMK8-N-P, G3AAMK8-K-P) qo‘llash zaryadlarning ekranlanishi va polimer to‘rining gidrofilligining ortishi hisobiga namlikning yanada tekis taqsimlanishini va suv bilan to‘yinishning yuqoriroq kinetikasini ta’minlashi asoslab berilgan. Bunda yutilgan suv hajmi neytrallanmagan analoglar uchun 2,75 sm³ ga nisbatan 3,10 sm³ gacha etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Akrilamidning to‘yinmagan kislotalar bilan sopolimerlarini sintez qilish jarayonlarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
akrilamid polimerlarining sintezi hamda struktura hosil qilish xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ma’lumotlar va xulosalar oliy o‘quv yurtlarining "Engil sanoat buyumlari konstruksiyasi va texnologiyasi" (ishlab chiqarish turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan "Polimerlar fizikasi va kimyosi" nomli darslik mazmunida o‘z aksini topgan (218006-son guvohnoma). Natijada, oliy ta’lim muassasalari talabalarining suvda eruvchan polimerlarni sintez qilish va qo‘llash bo‘yicha bilimlarini kengaytirish va chuqurlashtirish imkonini bergan;
akrilamid va malein kislotasi asosida suvda eruvchan tuproq struktura hosil qiluvchilarni sintez qilish usuli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “2026-2027-yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 5 maydagi 02/017-1452-son ma’lumotnomasi). Natijada, ularni tuproq tizimiga qo‘llash (200 kg/ga gacha) suvga chidamli agregatlar sonini 12 tadan 74-85% gacha oshirish imkonini beradi;
akrilamid va itakon kislotasi sopolimerlarining neytrallangan shakllarini struktura hosil qiluvchi va namlikni saqlovchi qo‘shimcha sifatida qo‘llash usuli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “2026-2027-yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati” ga kiritilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 5 maydagi 02/017-1452-son ma’lumotnomasi). Natijada, struktura hosil qilgichlar bilan ishlov berilgan grunt namunalarining suvga chidamlilik koeffisientini 0,92 dan 2,25 gacha oshirish imkonini beradi.