Jumamuratov Jasur Erimmatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Uy va qishloq xo‘jaligi juft tuyoqli hayvonlari (Mammalia: Artiodactyla) gelmintlari tur tarkibi va ularning bioekologik xususiyatlari (Xorazm viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida)», 03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/B873.
Ilmiy rahbar: Shakarboev Erkinjon Berdikulovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Xorazm Ma’mun akademiyasi, PhD.02/30.07.2022.V.149.01.
Rasmiy opponentlar: Gandjaeva Lola Atanazarovna, biologiya fanlari doktori, professor; Safarova Feruza Ergashevna, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy hududlarida uy va qishloq xo‘jaligi juft tuyoqli hayvonlarining gelmintlari tur tarkibi, dominant turlarning bioekologik xususiyatlarini aniqlash va asosiy trematodozlarni profilaktika qilishning ilmiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy hududlarida uy va qishloq xo‘jaligi juft tuyoqli hayvonlarida 2 ta tip, 3 ta sinf, 9 ta turkum, 17 ta oila, 26 ta avlodga mansub 35 turdan iborat gelmintlar parazitlik qilishi hamda ularning 19 turi biogelmintlar, 16 turi geogelmintlar ekanligi aniqlangan;
uy va qishloq xo‘jaligi juft tuyoqli hayvonlarida Trematoda sinfidan - 5, Cestoda sinfidan - 8 va Nematoda sinfidan 22 ta tur uchrashligi isbotlangan;
Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy hududlarida uy va qishloq xo‘jaligi juft tuyoqli hayvonlar gelmintlaridan Liorchis scotiae, Trichostrongylus capricola, Thelazia rhodesi va Thelazia gulosa turlari hudud uchun ilk bor aniqlangan;
uy va qishloq xo‘jaligi juft tuyoqli hayvonlarining gelmintlar bilan zararlanish darajasi va zararlanishining mavsumiy dinamikasi ochib berilgan;
qoramollar gelmintozlarining assotsiativ invaziyasi qayd etilib, uning tarkibiy qismini Gastrothylax crumenifer, Liorchis scotiae, Haemonchus contortus, Moniezia expansa, Moniezia benedeni va Nematodirus helvetianus gelmintlaridan iboratligi asoslangan;
O‘zbekistonning shimoli-g‘argiy hududi sharoitida Lymnaeidae oilasi mollyuskalarining Fasciola gigantica trematodasi lichinkalari bilan zararlanishi darajasi va ular organizmida trematoda lichinkalarining rivojlanish bosqichlari ochib berilgan;
o‘rganilayotgan hudud sharoitida uy va qishloq xo‘jaligi juft tuyoqli hayvonlarida trematodozlarning oldini olishning ekologik va epizootologik tamoyillari asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Uy va qishloq xo‘jaligi juft tuyoqli hayvonlari (Mammalia: Artiodactyla) gelmintlari tur tarkibi va ularning bioekologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Uy juft tuyoqli hayvonlari trematodozlari” mavzusidagi ishlanma Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi amaliyotiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 2 iyuldagi 33/01-05-827-son ma’lumotnomasi). Natijada, uy juft tuyoqli hayvonlarining fassiolyoz, shistosomoz, paramfistomatozlari kabi gelmintozlarini tashxislash, juft tuyoqli hayvonlar gelmintozlari epizootik jarayonini monitoring qilish va invaziyaning oldini olish hamda shaxsiy xonadonlardagi hayvonlarning mahsuldorligini 15-20 % oshirish imkonini bergan;
qo‘ylar diktiokaulyoziga qarshi “Levamizol - 75” preparatini qo‘llash orqali diktiokaulyozni davolash va profilaktika qilish yuzasidan chora-tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyati amaliyotiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 2 iyuldagi 33/01-05-827 - son ma’lumotnomasi). Natijada, “Levamizol - 75” preparati qo‘ylar diktiokaulyozida 1,0 ml / 10 kg dozada ijobiy ta’sir etgan hamda qo‘ylar diktiokaulyoziga qarshi 92,6 % biologik samaradorlikka erishish imkonini bergan;
“Uy juft tuyoqli hayvonlari trematodozlarining oldini olish chora tadbirlari” ishlanmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 4 avgustdagi 02/18-2685-son ma’lumotnomasi). Natijada, uy juft tuyoqli hayvonlari o‘rtasida trematodozlarning uchrashi keskin kamayib, kasallik qo‘zg‘atuvchilari bilan yovvoyi hayvonlarning zararlanishi 35-45 % gacha kamayishiga olib kelgan va o‘z navbatida yovvoyi juft tuyoqli hayvonlar o‘rtasida trematodozlar bo‘yicha epizootik jarayonining barqarorlashuviga imkoniyat yaratgan hamda tashqi muhitda invazion elementlarning kamayishini taminlab, suv va quruqlik senozlarida parazitologik holatning yaxshilanishi oqibatida, juft tuyoqli hayvonlar gelmintozlarining oldini olishga zamin yaratilgan.