Juraev Muxamadjon Uktamjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Perovskia angustifolia va Salvia sarawschanica o‘simliklarining terpenoidlari va fenol birikmalari”, 02.00.10 - Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/K996.
Ilmiy rahbar: Botirov Erkin Xojiakbarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA akad. S.Y. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA akad. S.Y. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc. 02/30.01.2020.K/T.104.01.
Rasmiy opponentlar Ramazanov Nurmurod Sheralievich, : kimyo fanlari doktori, professor; Karimov Abdurashid Musaxonovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O.S.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston florasidagi Perovskia angustifolia va Salvia sarawschanica o‘simliklarining terpenoid va fenol birikmalarini tadqiq qilish, ularning kimyoviy tuzilishi va biologik faolliklarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Perovskia angustifolia o‘simligi ildizining efir moyi tarkibida 53 ta, geksanli ekstrakt tarkibida 15 ta mono-, seskvi- va diterpenoid birikmalar, shuningdek, Salvia sarawschanica o‘simligi er ustki qismi efir moyi tarkibida 36 ta uchuvchan birikmalar identifikatsiya qilingan;
Perovskia angustifolia o‘simligi ildizlaridan birinchi marta 8 ta nor-abietan diterpenoidlar, 2 fitosterol va siklik ko‘p atomli spirt D-pinitoldan iborat 11 ta tabiiy birikmalar ajratib olingan;
Salvia sarawschanica o‘simligi er ustki qismidan birinchi marta 14 ta tabiiy birikmalar, jumladan, 8 ta flavonoid, 2 ta fenolkarbon kislota, 3 ta sterol va D-pinitol ajratib olindi. Mazkur o‘simlikning er ustki qismi efir moyi 1,8-sineolning boy manbai sifatida xizmat qilishi mumkinligi isbotlangan;
ilk bor P. angustifolia o‘simligidan adabiyotlarda avval ma’lum bo‘lmagan yangi norditerpenoidlar - perangustin va perangustinin ajratib olindi. UB-, 1H-, 13C-, 2D YaMR spektroskopiyasi hamda rentgen tuzilish tahlili (RTT) usullaridan foydalanib, ularning kimyoviy va fazoviy tuzilishi aniqlangan;
ilk bor rentgen tuzilish tahlili (RTT) usuli yordamida P. angustifolia ildizlaridan ajratib olingan prjevalskin Y-1 norditerpenoidining fazoviy tuzilishi aniqlangan;
Perovskia angustifolia va Salvia sarawschanica o‘simliklaridan ajratib olingan efir moylari gram-musbat va gram-manfiy bakteriyalarga qarshi sezilarli faollik ko‘rsatishi aniqlangan;
farmakologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kriptotanshinon tajribalarda yallig‘lanishning ekssudativ va proliferativ fazalarini bostirib, yallig‘lanishga qarshi sezilarli ta’sir ko‘rsatishi va ta’sir kuchi jihatidan diklofenakka nisbatan afzalliklarga ega ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Perovskia angustifolia va Salvia sarawschanica o‘simliklarining terpenoid va fenol birikmalarini tadqiq qilish asosida:
2023-2025-yillarda O‘simlik moddalari kimyosi institutining Terpenoidlar va fenol birikmalari kimyosi laboratoriyasida olib borilgan fundamental tadqiqotlar doirasida nor-abietan diterpenoid prjevalskin Y-1 birikmalarining RTT ma’lumotlari Buyuk Britaniyaning Kembridj markaziy kristallografik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan (The Cambridge Structural Database, https://www.ccdc.cam.ac.uk/structures/ ro‘yhatiga olingan va CCDC 2425712 hamda ENOKUR hos ID raqami berilgan). Natijada, bu elektron dasturiy ta’minot yordamida bazaga kiritilgan o‘xshash moddalarning fazoviy tuzilishlarini aniqlash va ularning farmakologik faolliklarini bashorat qilish imkonini bergan;
Perovskia angustifolia va Salvia sarawschanica o‘simliklarining kimyoviy tarkibi hamda biologik faolliklaridan Rossiya Federatsiyasining Surgut Davlat Universitetida 2023-2025-yillarda «Metagenomniy analiz kishechnogo mikrobioma u patsientov s neyrodegenerativnimi i serdechno-sosudistimi zabolevaniyami, sovremennie strategii vozdeystviya ekstraktami rastitel`nix polifenolov» mavzusida bajarilgan № 2020-146-11 raqamli amaliy loyihada o‘simlik polifenollarining kardioprotektor faolliklarini baholashda foydalanilgan (Surgut Davlat Universitetining 2025-yil 11-sentyabrdagi 03-01/154-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, dissertant tomonidan bayon qilingan ilmiy xulosalar o‘simliklar polifenollarining kardioprotektor ta’siri mexanizmlarini asoslashda va ularning membranotrop faolliklarini isbotlashda foydalanish imkonini bergan.