Zuxridinov Xayotbek Kaxramonjon o‘g‘li
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Temir yo‘l ishootlarida favqulodda vaziyatlarni prognozlash, monitoring qilish tizimlari va vositalarini ishlab chiqish hamda takomillashtirish”, 05.10.02 “Favqulodda holatlarda xavfsizlik. Yong‘in, sanoat, yadro va radiatsiya xavfsizligi”; (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T5509
Ilmiy rahbar: Sulaymanov Sunnatulla, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.15/31.08.2022.T.73.07 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yunusaliev Elmurodjon Muhammadyakubovich, texnika fanlari doktori, professor; Maxkamov Nurmuhammad Yangiboevich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat texnika instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: favqulodda vaziyatlarni prognozlash, monitoring qilish tizimlari va vositalarini ishlab chiqish hamda takomillashtirish orqali temir yo‘l transporti ishootlaridan foydalanish xavfsizligi va ishonchliligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tog‘ va tog‘oldi hududlarda joylashgan ko‘prik va viaduklarning tayanch ustunlariga uchburchak shaklida o‘rnatilgan datchiklarning ichki burchaklaridagi o‘zgarishlarni qayd etish orqali favqulodda vaziyatlarni prognozlash hamda monitoring qilish tizimining matematik modeli ilk bor ishlab chiqilgan;
inshootlarning texnik, ekspluatatsion va iqtisodiy ko‘rsatkichlarni inobatga olgan holda temir yo‘l ko‘priklari chegaraviy parametrlarini o‘zgarishini aniqlash uchun yo‘l xo‘jaligi korxonalarida olib borilgan vizual kuzatuvlar va ijtimoiy so‘rov ma’lumotlarini statistik hamda monografik tahlil qilish usuli takomillashtirilgan;
temir yo‘l inshootlarining cho‘kishi, og‘ishi va siljishini aniqlash imkonini beruvchi maxsus sezgir elementlar (sensorlar) asosida ko‘prik, viaduklarga o‘rnatilgan ekspluatatsion me’yorlarga nomuvofiq kelganligi haqidagi ma’lumotlarni mas’ul xodimlarga etkazish va real vaqt rejimida monitoringni amalga oshiruvchi intellektual axborot tizimi ishlab chiqilgan;
Atmega 328P mikrokontrolleri asosida analog signalni imitatsiyalash tamoyiliga tayangan holda ko‘prik va viaduklar tayanch ustunlarining og‘ish burchaklari kesimida mahalliy avtomatik monitoring jarayonini shakllantirish imkonini beruvchi tizimdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, saqlash va prognozlash usuli takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Temir yo‘l inshooatlarining texnik holatini baholash va prognozlash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
temir yo‘l inshootlarining cho‘kishi, og‘ishi va siljishlarini monitoring qilish qurilmasi “Temiryo‘linfratuzilma” AJ YO‘l xo‘jaligi boshqarmasi sun’iy inshootlar bo‘limiga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligining 2025-yil 24-iyuldagi 4/E983-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, bitta ko‘prik yoki viadukni monitoring qilishga sarflanadigan vaqt 52,7 foizga qisqarib, kutiladigan yillik iqtisodiy samaradorlik 248 mln. so‘mni tashkil etishi orqali inshootlarni monitoring qilishdagi umumiy xarajatlar hajmini 60 foizga qisqartirishga erishilgan;
favqulodda vaziyatlarni prognozlash hamda monitoring qilish tizimi, temir yo‘l ko‘prik va viaduklarning tayanch ustunlariga uchburchak shaklida o‘rnatilgan datchiklarning ichki burchaklaridagi o‘zgarishlarni aniqlash imkonini beruvchi matematik model va dasturiy majmualar ko‘rinishidagi instrumental vositalar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi Harakat xavfsizligi va mehnat muhofazasi nazorati departamenti boshqarmasiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligining 2025-yil 24-iyuldagi 4/E983-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqilgan qurilma qo‘llanishi orqali tog‘ va tog‘oldi hududlardagi tabiiy xavflar ko‘lamini 42,8 foizga kamayishiga, yillik iqtisodiy samaradorlik 489 mln so‘mni tashkil etishi asoslangan.