Maxkamov Baxrom Azimjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Modifikatsiyalangan seolitli katalizatorlar olish va ularni normal geksanni aromatlash jarayonida qo‘llash», 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosida materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5248.
Ilmiy rahbar: Fayzullaev Normurot Ibodullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangier filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo texnologiya ilmiy tadqiqot instituti, DSc.16/30.12.2019.K/T.87.01.
Rasmiy opponentlar: Yodgorov Normuhammad, kimyo fanlari doktori, professor; Sottiqulov Elyor Sotimboevich, texnika fanlari doktori,  katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy xomashyolar asosida modifikatsiyalangan yuqori katalitik xususiyatga ega bo‘lgan seolitli katalizatorlar olish va ularni normal geksanni benzol gomologlariga konversiyalash jarayonida qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy xomashyolardan turli tarkibli yuqori kremniyli yuqori katalitik xususiyatga ega bo‘lgan seolitli katalizatorlar olingan va ularning tuzilishi, faol markazlarining xossalari aniqlangan;
tanlangan yuqori unumdorlik va selektivlikka ega bo‘lgan katalizatorlarning katalitik faolligining ularning struktur va morfologik tuzilishiga bog‘liq ekanligi ilmiy isbotlangan;
normal tuzilishli geksanni katalizatorlar ishtirokida benzol gomologlariga konversiyalashning katalitik reaksiya qonuniyatlari asosida turli tarkibli seolitli katalizatorlarning maqbul tarkibi ishlab chiqilgan;
gidrotermal qayta ishlash usulida olingan yuqori unumdorlik va selektivlikka ega bo‘lgan N-YuKS-40, 2%La*2%Cu*8%Zn/N-YuKS-20, 2%La*2%Cu*8%Zn/N-YuKS-30 va 2%La*2%Cu*8%Zn/N-YuKS-40 tarkibli katalizatorlarning barqarorlik xossasi yuqoriligi, hamda kokslanish darajasi pastligi aniqlangan;
mahalliy xomashyolar asosida yaratilgan katalizatorlar ishtirokida normal geksanni konversiyalab benzol gomologlari va tarmoqlangan tuzilishli to‘yingan uglevodorodlar olishning prinsipial texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Normal tuzilishli geksanni katalizatorlar ishtirokida katalitik konversiyalab, benzol gomologlari va tarmoqlangan tuzilishli to‘yingan uglevodorodlar olish uchun katalizatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliy xomashyolar asosida olingan N-YuKS-40, 2%La*2%Cu*8%Zn/N-YuKS-20, 2%La*2%Cu*8%Zn/N-YuKS-30 va 2%La*2%Cu*8%Zn/N-YuKS-40 tarkibli katalizator Shurtan neft  va gaz qazib chiqarish boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (Shurtan neft  va gaz qazib chiqarish boshqarmasining 2024 yil 28 oktyabrdagi  OP24/ED-4177-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi katalizatordan foydalanish normal tuzilishli geksandan aromatik uglevodorodlar va izoparafinlar olish imkonini bergan;
olingan katalizatorlar ishtirokida aromatik uglevodorodlar va izoparafinlar olish texnologiyasi Shurtan neft  va gaz qazib chiqarish boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan  (Shurtan neft  va gaz qazib chiqarish boshqarmasining 2024 yil 28 oktyabrdagi  OP24/ED-4177-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi tarkibli katalizatorni import o‘rnini bosuvchi katalizator sifatida qo‘llab iktisodiy samaradorlik ko‘rsatgichlarini oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish