Mamaraimova O‘g‘iloy Tajimuradovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Medianing lisoniy manzarasida mentallik: aksiologik tadqiq (elektron gazetalar misolida)”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4. PhD/Fil 3036.
Ilmiy rahbar: Teshabaeva Dilfuza Muminovna, filologiya fanlari doktori, professor.      
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti      
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, DSc.03/30.12/2019.Fil.27.01 raqamli Bir martalik Ilmiy kengash.  
 Rasmiy opponentlar: Raximov G‘anisher Xudaykulovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nasrullaeva Nafisa Zafarovna, filologiya fanlari doktori, professor.      
 Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
 Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
 II. Tadqiqotning maqsadi media olamining lisoniy manzarasida mentallik kategoriyasini ifodalovchi til vositalarini aniqlash, ularning shakllanishi va qo‘llanilishidagi hamda mediamatnlarning auditoriyaga ta’sirini milliy-madaniy  va ijtimoiy-siyosiy omillarni  aksiologik yondashuv asosida  tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
 mediamatnning mazmuniy va struktural komponentlarining voqelanish xususiyatlarini elektron bosma media lisoniy manzarasida mentallikni ifodalovchi lisoniy birliklar asosida ochib berish orqali mediakommunikatsiyaning pragmatik tamoyollari ishonchlililk, relevantlilik va konstekstuallik aspektlarida  aniqlangan;  
mentalitetning milliy an’analar, urf-odatlar, turmush tarzi va dunyoqarashni aks ettiruvchi grammatik tuzilmalar hamda leksik va sintaktik sathda metaforalar, paremiyalar, iboralar, ramzlar orqali ifodalanishi milliy tafakkur shakllanishiga ta’sir etuvchi  milliy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy hamda diniy omillar bilan uzviylikda dalillangan;
tezkor axborot oqimi sharoitida auditoriyaning mental dunyoqarashini shakllantirishda ma’lumotni tanlash, ta’kidlash va talqin qilish unsurlari mediamatnning ekspressivligi, nutqiy-madaniy bahosi, lisoniy manzarani namoyon etuvchi mental birliklarning mediakommunikatsiyada voqelanish xususiyatlariga ko‘ra  ochib berilgan; 
mediamatnlarning adresat → media janr → nutqiy tasnif → konsept tizimida jamiyatning nutqiy madaniyati, muloqot qoidalari, an’ana va urf-odatlarning milliy qadriyatlar bilan uyg‘unligi lingvomadaniy tahlil  negizida publisist-jurnalist va auditoriya mentalitetining o‘zaro ta’siri tamoyilida asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Elektron gazetalarda medianing lisoniy manzarasida mentallik xususiyatlari tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
mediamatnlarni auditoriyaga taqdim qilishda til vositalarini tanlash mentalitet bilan bog‘liqligini ilmiy asoslash orqali mediamatnning mazmuniy va struktural komponentlari, elektron bosma medianing lisoniy manzarasida mentallikni ifodalovchi birliklarning voqealanishida mediakommunikatsiyaning maqsadga muvofiqlik prinsipi va nutqiy strategiyalarning o‘rni  aniqlanganiga oid tavsiya va xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanali DM “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” turkumidagi “Ta’lim va taraqqiyot”, “O‘smirlar uchun” nomli eshittirishlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” Davlat Muassasasining 2023-yil 22-noyabrdagi 04-36-1754-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va ingliz media matnlarining mentallik, aksiologik tadqiqi xususida radiotinglovchilarga, jumladan, filologik yo‘nalishlarda ta’lim beruvchi professor-o‘qituvchilar va talabalarga ilmiy-nazariy ma’lumot berilgan;
mentalitetning milliy an’analar, urf-odatlar, turmush tarzi va dunyoqarashni aks ettiruvchi grammatik tuzilmalar bilan hamda leksik, sintaktik, metaforalar, paremiyalar, iboralar, ramzlar va milliy tafakkur shakllanishiga ta’sir etuvchi  milliy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy hamda diniy omillar bilan uzviyligi lingvokulturologik asosda dalillangan ilmiy natijalar va materiallaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2021–2023-yillarda amalga oshirilgan                             F3-201912258 “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 4-dekabrdagi 01/4-2589-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha asosida yaratilgan platformaning mazmun-mohiyati boyitilgan;
tezkor axborot oqimi sharoitida auditoriyaning mental dunyoqarashini shakllantirishda mediamatnning ekspressivligi, nutqiy-madaniy bahosi, lisoniy manzarani namoyon qiluvchi medianing asosiy tushunchalari mental birliklar orqali ochib berilgani xususidagi ilmiy taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida 2021–2022-yillarda bajarilgan “O‘zbek harbiy sa’nati tarixi” nomli fundamental loyihada, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalari uchun “ingliz tili” fan dasturlarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2023-yil 5-dekabrdagi 10/2361-son ma’lumotnomasi). Natijada xulosalar va tavsiyalar loyiha doirasida elektron resurslar, nazariy va amaliy materiallarni tayyorlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
mediamatnlarning “adresat → media janr → nutqiy tasnif → konsept” tizimida jamiyatning nutqiy madaniyati, muloqot qoidalari, an’ana va urf-odatlarning milliy qadriyatlar bilan bog‘liqligi, bu jarayonda publisist-jurnalist va auditoriya mentalitetining o‘zaro ta’siri komponent tahlil negizida asoslangan xulosalardan “Yoshlar ovozi” gazetasining ruknlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi “Yoshlar ovozi” gazetasining 2023-yil 26-yanvardagi 7/24-son ma’lumotnomasi). Natijada mediamatnlarning milliy-madaniy, tarbiyaviy, ma’rifiy ahamiyati oshirilib, ommaviy auditoriyaning mediamatnlar, jumladan, elektron gazetalar bilan yanada kengroq tanishish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish