Sultanov Sirojiddin Nuralievichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rikning ertapishar, serhosil yangi navini yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya  va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Qx1673.
Ilmiy rahbar: Juraev Erkin Baxtiyorovich, qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti, PhD.03/28.08.2024.Qx.181.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: o‘rikning Salovot navi (NAP 507).
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rikning ertapishar, serhosil, meva sifati yuqori, kasalliklarga va qurg‘oqchilikka chidamli navini yaratish hamda ishlab chiqarishga joriy qilishdan iborat.   
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk bor o‘rikning mahalliy 4 ta nav namunalari morfo-biologik va qimmatli-xo‘jalik belgilari kompleks baholanib, asosiy xo‘jalik belgilari bo‘yicha ajratib olingan istiqbolli mahalliy “Moyli o‘rik” nav namunasidan seleksiya uchun boshlangʻich manba sifatida ajratib olingan;
istiqbolli birlamchi manbalarni seleksiya jarayoniga jalb etib, analitik seleksiya usullaridan yakka tanlash asosida ertapishar, serhosil, meva sifati yuqori, kasalliklarga va qurg‘oqchilikka chidamli istiqbolli shakllar ajratib olinib, “Salovot” navi yaratilgan;
o‘rikning “Salovot” navi 2021 yilda Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinash markaziga topshirilgan va 2024 yilda Davlat reestriga kiritilgan va navga 2024 yilda Intellektual mulk agentligining NAP 507 raqamli patenti olingan;
yangi yaratilgan o‘rikning “Salovot” navining navdorligi yuqori bo‘lgan birlamchi ko‘chatlari ko‘paytirilgan. 
O‘rikning yangi yaratilgan “Salovot” navi ertapishar, serhosil, rangi to‘q sariq bo‘lib, vegetatsiya davri 170-190 kunni, meva shakli dumaloq (elliptik), vazni 40-42 g, eni 4,1-4,3, bo‘yi 4,7-4,8 smni, bir tup daraxtdagi meva soni 410 - 430 donani, meva indeksi 3-5 va hosildorligi 65 -70 s/gani tashkil etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rikning ertapishar, serhosil, meva sifati yuqori, kasalliklarga va qurg‘oqchilikka chidamli navini yaratish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
o‘rikning “Salovot” navi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi tomonidan davlat reestriga kiritilgan seleksiya yutug‘iga NAP 507 raqamli patent olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar miliy markazining 2025 yil 25-apreldagi № 05/06-04-193-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘rik genofondi yangi ertapishar, serhosil, meva sifati yuqori, kasalliklarga va qurg‘oqchilikka chidamli navi bilan boyitilib, xalqimizni sifatli meva mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. 
yangi yaratilgan o‘rikning “Salovot” navi Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani “Akademik M.Mirzaev nomidagi BUVITI Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasida 0,5 gektar maydonga joriy etildi, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani “O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti Surxondaryo ilmiy-tajriba stansiyasi” da 0,6 gektar maydonda, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani Mingchinor mahallasi “Javlonbek” agrofirmasida 0,4 gektar maydonda, Surxondaryo viloyati Termiz shahar Manguzar 2 MFY, “Agro Nur Tepa” fermer xo‘jaligida esa 1,8 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar miliy markazining 2025 yil 25-apreldagi № 05/06-04-193-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘rikning yangi “Salovot” navidan o‘rtacha 65-70 s/ga hosil olinib, gektaridan o‘rtacha 40646,25 ming so‘m sof foyda bo‘lgan, rentabellik darajasi 154,2 % ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish