Xatamov Bobamurod Arabbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Makkajo‘xorini donga qobiqli so‘ta ko‘rinishida yig‘adigan mashina ishchi organlarining parametrlarini asoslash», 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/T222.
Ilmiy rahbar: Astanaqulov Komil Dullievich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSc.27.06.2017.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: Rizaev Anvar Abdullaevich, texnika fanlari doktori, professor; Farmonov Erkin Tolipovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: makkajo‘xorini donga erta muddatlarda qobiqli so‘ta ko‘rinishida sifatli yig‘ishtirishni ta’minlaydigan mashina ishchi qismlarining parametrlari va ish rejimlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
makkajo‘xorini donga erta muddatlarda qobiqli so‘ta ko‘rinishida yig‘adigan mashinaning konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
makkajo‘xori yig‘ish mashinasi so‘taajratkich jo‘valarining parametrlari jo‘valar orasidan o‘tayotgan poyalar tezligi va ularning ish unumini hisobga olgan holda aniqlangan;
mashinada yig‘ishtirilayotgan qobiqli so‘talar tarkibiga o‘tib ketayotgan barg va poyalarni ajratish uchun ish sirti rifelli barg-poya ajratkich jo‘valar ishlab chiqilgan;
barg-poya ajratkich jo‘valarda so‘ta tarkibidagi qo‘shilmalarni ajratish texnologik jarayoni jo‘valar tomonidan barg va poyalarni qamrab olish, so‘talarni esa qamrab olmaslik shartidan asoslangan;
makkajo‘xorini donga qobiqli so‘ta ko‘rinishida yig‘adigan mashina ishchi qismlarining maqbul parametrlari ularni ish sifat ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi va ko‘p omilli tajribalarda olingan regressiya tenglamalarini echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Makkajo‘xorini donga qobiqli so‘ta ko‘rinishida yig‘adigan mashina ishchi qismlarining parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yig‘ishtirilayotgan so‘talar tarkibidagi barg va poyalarni ajratadigan jo‘valarga ega makkajo‘xori yig‘ish mashinasiga Intellektual mulk agentligining foydali modeliga patent olingan («Makkajo‘xorini yig‘ish mashinasi» №FAP 00975-2015 y.). Natijada makkajo‘xorini donga qobiqli so‘ta ko‘rinishida sifatli yig‘ishtiradigan mashinaning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
makkajo‘xorini donga qobiqli so‘ta ko‘rinishida yig‘ishtiradigan mashina Yangiyo‘l va Quyichirchiq tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 17 yanvardagi 02/023-24-son ma’lumotnomasi). Natijada makkajo‘xori hosilini yig‘ishtirishda yonilg‘i-moylash materiallarini 10-15 foizga kamaytirish va ish unumini 20 foizga oshirish imkoni yaratilgan;
makkajo‘xorini donga yig‘ishtiradigan mashinani ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 17 yanvardagi 02/023-24-son ma’lumotnomasi). Natijada gabarit o‘lchamlari kichik, metall va materialhajmdorligi kam bo‘lgan makkajo‘xori yig‘ish mashinasini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.