Eshboeva Nodira Faxriddinovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): Atmosferaning chegaraviy qatlamida ifloslantiruvchi moddalarning ko‘chishi va diffuziyasi jarayonini matematik modellashtirish, 05.01.07 - Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5644. 
Ilmiy rahbar: Muradov Farrux Abdukaxarovich, texnika fanlari falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.13/30.12.2021.T.142.01.
Rasmiy opponentlar: Sadullaeva Shaxlo Azimbaevna- fizika-matematika fanlari doktori, professor; Palvanov Bozorboy Yusupovich  - texnika fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi atmosfera chegaraviy qatlamida ifloslantiruvchi moddalarning ko‘chishi va diffuziyasi jarayonlarini o‘rganish uchun matematik modellar, sonli algoritmlar va dasturiy majmua ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
atmosfera bosimining havo oqimi tezligi va diffuziyasi jarayoniga ta’sirini hisobga olgan holda ifloslantiruvchi moddalarning atmosferada tarqalishining matematik modeli ishlab chiqilgan;
muhit orografiyasi shamol tezligiga ta’sirini hisobga olgan holda ifloslantiruvchi moddalarning atmosferada tarqalishining matematik modeli takomillashtirilgan;
diffuziya jarayoniga havo namligining ta’sirini hisobga olgan holda ifloslantiruvchi moddalarning atmosferada tarqalishining matematik modeli takomillashtirilgan;
adveksiya uchun Upwind-sxemalar kombinatsiyasi, diffuziya uchun markaziy ayirmalar va turg‘unlik shartini avtomatik nazorat qilish asosida atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyalari maydonlarini hisoblashning sonli algoritmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Atmosferada ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarining konsentratsiyasi maydonlarini baholash va bashoratlashning matematik modellari, sonli algoritmlari va amaliy dasturiy majmuasini qo‘llash asosida:
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida atmosferaning ekologik holatini kuzatish va bashoratlash uchun matematik va dasturiy ta’minot joriy etildi (Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025-yil 8-sentyabrdagi 
03-03/1-03/3-8967-sonli va Toshkent viloyati hokimligining 2025-yil 27-avgustdagi 07-03/4843-sonli ma’lumotnomalari). Natijada, ifloslantiruvchi chiqindilar konsentratsiyasining atmosferada taqsimlanishini baholash va bashoratlash aniqligini 2-5% ga oshirish, shuningdek, me’yoriy cheklovlar buzilishining o‘z vaqtida oldini olish, ekologik xavflarni kamaytirish maqsadida tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini rejalashtirishda moliyaviy va mehnat xarajatlarini qisqartirish imkoniyati yaratildi.
Chirchiq shahridagi “Issiqlik ta’minoti” MChJda atmosferaning chegaraviy qatlamida zararli zarrachalar konsentratsiyasining taqsimlanishini kuzatish va bashoratlash uchun matematik va dasturiy ta’minot joriy etildi. (Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025-yil 8-sentyabrdagi 03-03/1-03/3-8967-sonli va Toshkent viloyati hokimligining 2025-yil 27-avgustdagi 07-03/4843-sonli ma’lumotnomalari). Natijada, er usti muhitining ifloslanish darajasiga qarab qozonxonalarni joylashtirish va tozalash uskunalarini o‘z vaqtida almashtirish to‘g‘risidagi qarorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali bashoratlash aniqligini 1-3% ga oshirish, shuningdek, moliyaviy va mehnat xarajatlarini 1-6% ga kamaytirish imkoniyati yaratildi.
“UzAuto Motors” AJda sanoat hududida zararli moddalar chiqindilarining tarqalishini tahlil qilish va bashoratlash uchun matematik va dasturiy ta’minot joriy etildi (Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025-yil 8-sentyabrdagi 03-03/1-03/3-8967-sonli va Toshkent viloyati hokimligining 2025-yil 27-avgustdagi 07-03/4843-sonli ma’lumotnomalari). Natijada, ishlab chiqarish obektlarini maqbul joylashtirish va tozalash inshootlarining profilaktikasini rejalashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash orqali atmosferaning chegaraviy qatlamida ifloslantiruvchi zarrachalar konsentratsiyasini bashoratlash aniqligini 1-3% ga oshirish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlari samaradorligini 2-5% ga oshirish imkoniyati yaratildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish