Qodirov Elbek Turaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan o‘tloqi-botqoq tuproqlarning asosiy xossalari va ularni yaxshilash yo‘llari (Toshkent viloyati tuproqlari misolida)», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/V1139.
Ilmiy rahbar: Sodiqova Gulchexra Sattorovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.05.03.
Rasmiy opponentlar: Tashkuziev Ma’ruf Mansurovich, biologiya fanlari doktori, professor; Jabborov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: muttasil sholi etishtirishda o‘tloqi-botqoq tuproqlarda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni, ularni unumdorligiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash, sholi etishtirish sharoitida tuproqning asosiy hossalari va mikrobiologik faolligini yaxshilash hamda sholi hosildorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
o‘tloqi-botqoq tuproqlarning muttasil sholi etishtirish sharoitida morfologik, fizik, kimyoviy va fizik-kimyoviy xossalarining o‘zgarish qonuniyatlari aniqlangan hamda ularni agrobiologik transformatsiyaga uchraganligi va oziq elementlarga boy madaniylashgan qatlam shakllanganligi isbotlangan;
o‘tloqi-botqoq tuproqlarda sholini muttasil etishtirish natijasida tuproqda qaytarilish jarayonining ustunligi, temirni harakatchan shakllari, gumus zaxirasi va suvda eruvchi gumus miqdorini kamayib borishi dalillangan; 
tuproqdagi mikroorganizmlar miqdori, turlari va biologik faollik darajasi muttasil sholikorlik   beda+sholi almashlab ekish tizimlari tomon ortib borishi  aniqlangan hamda tuproqdagi biologik degradatsiyani kamayishi va agrobiologik barqarorlik mezonlari ilmiy asoslangan;
gumusning tarkibi, suvda eruvchi organik moddalarning biologik aylanishdagi ishtiroki baholangan, ularning sholi etishtirish jarayonidagi barqaror va labil fraksiyalar nisbatining o‘zgarish qonuniyatlari aniqlangan;
sug‘oriladigan o‘tloqi-botqoq tuproqlarning asosiy xossalarini yaxshilash, mikrobiologik faolligini tiklash hamda sholi hosildorligini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyanoma ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sholi erishtirishda foydalaniladigan o‘tloqi-botqoq tuproqlar unumdorligini yaxshilash va yuqori hosil olishda o‘g‘itlar va biologik preparatlarni qo‘llash bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
“Sholikorlikda foydalaniladigan o‘tloqi-botqoq tuproqlarning asosiy xossalari va ularni yaxshilash yo‘llari”ga doir tavsiyalar Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq va Bekobod tumanlari sholi etishtiriladigan ekin maydonlarida amaliyotga joriy etilgan. (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 29-maydagi 05/05-04-270-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tavsiyanoma Toshkent viloyati fermer xo‘jaliklari o‘tloqi-botqoq tuproqlari xossa va xususiyatlarini yaxshilash hamda ushbu tuproqlardan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
o‘tloqi-botqoq tuproqlarning biologik faolligini yaxshilash va tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan agrotadbirlar Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi “Quvvat Tojiqul” fermer xo‘jaligining 10 gektar maydoniga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 29-maydagi 05/05-04-270-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, rizobium bakteriyalar yordamida sholining ildiz rizosferasida o‘g‘itlarni o‘zlashtirish jarayonlari tezlashishi va yaxshilanishi tufayli o‘g‘itlash me’yorini 25% ga kamaytirishga erishilgan;
o‘tloqi-botqoq tuproqlarning unumdorligini tiklash va oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan agrotadbirlar Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi “Qo‘shboq ota” fermer xo‘jaliklari tuproqlari sharoitida 10 gektar maydonida joriy etilgan. (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 29-maydagi 05/05-04-270-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, almashlab ekish joriy etilgan maydon tuproqlarida oziqa moddalari miqdori 1,2-1,5 barobarga oshgan va sholidan nazorat variantiga nisbatan 30,1-51,7 s/ga qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan;
sholidan yuqori va sifatli hosil etishtirish bo‘yicha tajribalar asosida ilmiy asoslangan agrotadbirlar Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi “Quvvat Tojiqul” fermer xo‘jaligida va “Qo‘shboq ota” fermer xo‘jaliklari tuproqlari sharoitida har biri 10 gektardan, ja’mi 20 gektar maydonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 29-maydagi 05/05-04-270-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqlar unumdorligining ortishiga erishilib, olinadigan hosil miqdori ortgan hamda qo‘shimcha foyda 4,5 mln soʻmga, rentabellik darajasi 66,2-86,6 foizga koʻtarilgan va 1 kg sholi tannarxi 12-13 foizga arzonlashtirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish