O‘ktamov Sardor Maxmudjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mobil mikroGESlar uchun turbina konstruksiyasini takomillashtirish va ularni loyihalash usullarini ishlab chiqish”, 05.02.02 – “Mexanizmlar va mashinalar nazariyasi. Mashinashunoslik va mashina detallari” ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/T3113.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti xuzuridagi DSc.03/30.12.2019.T.03.04. raqamli Ilmiy Kengash.
Ilmiy rahbar: Umurzaqov Akramjon Xakimovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Rasmiy opponentlar: Alimuxamedov Shavkat Pirmuxamedovich, texnika fanlari doktori, professor; Muxamedov Jabirxon, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat texnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tabiiy oqayotgan suv oqimlariga mo‘ljallangan gidromashina (mobil mikroGES) lar uchun turbina konstruksiyasi va uni loyihalash usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tabiiy holda erkin oqayotgan suvning kinetik energiyasini elektr energiyaga aylantiruvchi, ishchi organlari suvga to‘liq botirib qo‘yiladigan mobil gidrodvigatelning ratsional konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan mobil mikroGESlar uchun oqim tezligiga, ishlash sharoitiga va olinadigan quvvatga qarab tanlanadigan ishchi organlarini parametrik qiymatlari parrak qanotchalari o‘rnatilgan valga nisbatan 45º-60º burchak ostida hamda parraklar orasidagi masofa 45-50 sm bo‘lishi olinadigan quvvatning (energiyaning) maksimal darajada bo‘lish shartidan kelib chiqqan holda ilmiy asoslangan;
gidromashina yuritmasini harakatlantiruvchi validagi burovchi momentni hosil qiladigan kuchlarning tashkil etuvchilari kinetostatika tamoyillari asosida aniqlangan hamda ular bilan mexanizm zvenolarining geometrik, kinematik va energetik parametrlari orasidagi bog‘lanishlarni aniqlaydigan matematik ifodalar ishlab chiqilgan;
yuritmasida tasmali va zanjirli uzatmasi bo‘lgan gidromashinaning dinamik masalasi ikki massali mexanik tizim sifatida qaralib, mobil mikroGES parraklari burchak tezligining o‘zgarish qonuniyati generatordagi texnologik qarshilik kuchi momenti va tasmali uzatmaning deformatsion hamda dissipativ xususiyatlariga bog‘liq ravishda aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mobil mikroGESlar uchun turbina konstruksiyasini takomillashtirish va ularni loyihalash usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Tabiiy suv oqimlarida ishlash imkoniyatiga ega gidromashinaning konstruksiyasini texnik echimiga O‘zbekiston Respublikasining foydali modeli uchun patent olingan (“Oquvchi muhit energiyasini uzatuvchi qurilma”, FAP 2535. 26.01.2024 yil.). Natijada erkin oquvchi suvlarda ishlash imkoniyatiga ega gidromashinaning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
Tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan mobil mikroGES Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi “Chorsu” MFYda (2024-yil 15-iyuldagi dalolatnomasi) joriy etilgan (O‘zbekiston mahallalari uyushmasining 2024-yil 19-avgustdagi 02-02-01/842 –sonli ma’lumotnomasi). Natijada ekologiyaga zarar keltirilmagan holda, qurilmaning yon atroflari obodonlashtirilib, muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanib kelinmoqda. Gidromashina ishlab chiqarayotgan elektr energiyasi mahalla ko‘chalarini yoritishda ishlatilmoqda.