Raximov Ravshanbek Rustambek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tajribaviy revmatoidli artritda buyrak usti bezlaridagi morfologik o‘zgarishlar», 14.00.02 – Morfologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Tib4825.
Ilmiy rahbar: Baymuradov Ravshan Radjabovich, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti, DSc.04/29.02.2024.Tib.93.01.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Hamidulla Abdullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Shatmanov Suynali Toktonazarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Qirg‘iziston Respublikasi).
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: tajribaviy revmatoidli artritda va yallig‘lanishga qarshi nosteroid vosita ta’sirida buyrak usti bezlaridagi morfologik o‘zgarishlarini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor postnatal ontogenezning kechki bosqichlarida buyrak usti bezining barcha struktur ko‘rsatkichlari kichrayganligi, ayniqsa eng katta farq koptokchasimon va to‘rsimon zonalarda aks etganligi, po‘stloq va mag‘iz qismidagi sinusoid tomirlar diametri esa oshganligi aniqlangan;
modellashtirilgan revmatoid artritda buyrak usti bezi po‘stlog‘i qalinligi tutamli zona hisobidan kattalashganligi, kapsulasi qalinligi, sinusoidlar diametri oshganligi, mag‘iz qismi qalinligi va maydoni esa kichrayganligi isbotlangan;
nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositasi ta’sirida buyrak usti bezida adrenokortikal hujayralardagi giperplaziya jarayonlari va vakuolizatsiya darajasi pasayganligi, fibroz trabekulalar fonida limfoid infil`tratlar soni sezilarli kamayganligi aniqlangan;
revmatoid artrit fonida buyrak usti bezi to‘qimalarida CD68 va r53 markerlari ekspressiyasining yuqori ko‘rsatkichlari nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositasi ta’sirida yosh guruhlariga mos ravishda turlicha pasayganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tajribaviy revmatoidli artritda buyrak usti bezlaridagi morfologik o‘zgarishlarni o‘rganish natijasida olingan ilmiy xulosalar asosida:
birinchi ilmiy yangilik: ilk bor postnatal ontogenezning kechki bosqichlarida buyrak usti bezining barcha struktur ko‘rsatkichlari kichrayganligi, ayniqsa eng katta farq koptokchasimon va to‘rsimon zonalarda aks etganligi, po‘stloq va mag‘iz qismidagi sinusoid tomirlar diametri esa oshganligi aniqlangan. Ijtimoiy samaradorligi: tajribaviy revmatoid artritda buyrak usti bezidagi morfologik ko‘rsatkichlarning o‘zgarishining o‘rganilganligi ushbu kasallikka kompleks yondashuv zarurligini ko‘rsatgan, bu esa bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga, davolash samaradorligini oshirishga va nogironlikni kamaytirishga imkon bergan. Iqtisodiy samaradorligi: tajribaviy revmatoid artritda buyrak usti bezining turli qavatlaridagi struktur o‘zgarishlar va ularning nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositasi yordamida ma’lum darajada bartaraf etilganligining morfologik asoslari asosida tashxislash va davolashga bo‘lgan yangicha yondashuvni joriy etish natijasida bemorlarga sarflanadigan byudjet mablag‘lari 100000 so‘mga iqtisod qilindi. Xulosa: revmatoid artrit ta’sirida buyrak usti bezidagi morfologik va morfometrik o‘zgarishlarni erta aniqlash natijasida, yuzaga keladigan og‘ir asoratlarni oldini olishga erishildi va bemorlar uchun zarur bo‘lgan davo muolajalari hajmi optimallashtirildi.
ikkinchi ilmiy yangilik: modellashtirilgan revmatoid artritda buyrak usti bezi po‘stlog‘i qalinligi tutamli zona hisobidan kattalashganligi, kapsulasi qalinligi, sinusoidlar diametri oshganligi, mag‘iz qismi qalinligi va maydoni esa kichrayganligi isbotlangan. Ijtimoiy samaradorligi: tadqiqot natijalari revmatoid artritda endokrin tizimga, xususan, buyrak usti bezining tuzilishi va funksiyasiga ta’sirini ko‘rsatgan holda, kasallikni erta aniqlash va kompleks yondashuv asosida davolash taktikasini shakllantirish imkonini beradi. Iqtisodiy samaradorligi Tashxislash va patogenezni tushunishda morfologik o‘zgarishlar asosida revmatoid artritda buyrak usti bezi holatini baholash imkoni paydo bo‘lganligi asosiy patologiyaga bog‘liq asoratlarni barvaqt aniqlash va maqsadli davolash orqali bemorlarga nisbatan yuqori narxli gormonal terapiya yoki uzoq muddatli statsionar davolashga ehtiyojni kamaytiradi va iqtisodiy tejamkorlikni ta’minlaydi. Xulosa: Modellashtirilgan revmatoid artrit sharoitida buyrak usti bezining parenximasi va stromasi o‘rtasidagi morfologik disbalansning aniqlanishi kasallikning endokrin aspektlarini ochib beradi va bemorlardagi endokrin disbalans orqali yuzaga keluvchi og‘ir asoratlarning oldini olish, ularning hayot sifatini yaxshilash, nogironlik darajasini kamaytirishga xizmat qiladi
uchinchi ilmiy yangilik: nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositasi ta’sirida buyrak usti bezida adrenokortikal hujayralardagi giperplaziya jarayonlari va vakuolizatsiya darajasi pasayganligi, fibroz trabekulalar fonida limfoid infil`tratlar soni sezilarli kamayganligi aniqlangan. Ijtimoiy samaradorligi: NYaQDV terapiyasi fonida morfologik barqarorlashuvning kuzatilishi bemorlarda steroid disbalansni kamaytirish, stressga javob reaksiyalarini normallashtirish va kasallikning og‘ir kechishini engillashtirish imkoniyatini yaratadi. Bu esa bemorlarning hayot sifatining oshishi, og‘ir asoratlar kamayishi va reabilitatsiya jarayonlarining engillashishiga xizmat qiladi. Iqtisodiy samaradorligi: NYaQDV ta’sirida morfologik shikastlanishlarning bartaraf etilishi orqali gormonal korreksiyaga ehtiyoj kamayadi va amaliyotda bir bemorga to‘g‘ri keladigan sarf-xarajatlarning o‘rtacha 150000 ming so‘mga qisqarishiga olib keladi. Xulosa: NYaQDVning revmatoid yallig‘lanish fonida endokrin tuzilmalarni barqarorlashtirishtiruvchi modullyatorlik xususiyati yuzaga keladigan og‘ir asoratlarni oldini oladi hamda davo samaradorligini oshirish imkonini berdi.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: revmatoid artrit fonida buyrak usti bezi to‘qimalarida CD68 va r53 markerlari ekspressiyasining yuqori ko‘rsatkichlari nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositasi ta’sirida yosh guruhlariga mos ravishda turlicha pasayganligi asoslangan. Ijtimoiy samaradorligi: Markerlar ekspressiyasining davoga bo‘lgan turlicha reaksiyasi klinik amaliyotda yoshga mos individual davolash choralarini olib borish, ortiqcha yoki keraksiz dori yuklamasining oldini olish hamda bemorlarning umumiy hayot sifatini yaxshilash imkonini yaratadi. Iqtisodiy samaradorligi: olib borilgan tadqiqot natijalariga tayangan holda amalga oshirilgan davolash choralari 1 nafar bemor uchun davlat byudjeti mablag‘larini 180000 so‘m miqdorida tejash imkonini berdi. Xulosa: kasallik kechishini individual prognoz qilish, etarli va maqsadli terapiya tanlash hamda ratsional klinik taktikaga erishish orqali davolash samaradorligining oshishiga erishildi.
Revmatoid artritda buyrak usti bezidagi morfologik o‘zgarishlarni aniqlash usuli sog‘liqni saqlash amaliyoti, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (4.08.2025 yildagi 165-son buyruq) hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali (5.03.2025 yildagi 82-03-25IB-son) klinik amaliyotga tadbik etilgan. Amaliyotga tadbiq bo‘yicha O‘zRes SSV huzuridagi ilmiy texnik kengashning 2025 yil 4 sentyabrdagi qarori asosida 24/02-sonli yagona xulosa olingan.