Mutalov Abdusalom Abduazimovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta tolali g‘o‘zani Kafolat navining qimmatli xo‘jalik belgilarini saqlash va joriy etish”, 06.01.05 - Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Qx.1655.
Ilmiy rahbar: Ergashev Orif Raxmatullaevich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: g‘o‘zaning “Kafolat” navi (NAP 00423).
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rta tolali g‘o‘zaning yuqori tola chiqimi va sifatiga ega bo‘lgan hamda hosildor navini yaratish, qimmatli xo‘jalik belgilarining ijobiy uyg‘unligini bir necha avlod populyasiyalarida barqarorligini saqlash va ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor o‘rta tolali g‘o‘zaning “Yulduz” navidan populyasion tahlil uslublarini qo‘llash asosida ajratib olingan o‘simlik oilasini ko‘p marta tanlash orqali yuqori tola chiqimli va IV sanoat tipli T-41 tizmasi yaratilgan;
yangi yaratilgan T-41 tizmasining bir necha avlod populyasiyalari ustida olib borilgan maqsadli va takror-takror tanlash uslubi asosida turli tuproq-iqlim sharoitlariga moslashuvchan, qimmatli morfo-xo‘jalik belgilarining ijobiy uyg‘unligiga ega bo‘lgan “Kafolat” navi yaratilgan;
amalga oshirilgan seleksion urug‘chilik ishlari natijasida g‘o‘zaning yangi “Kafolat” navi populyasiyasi fenotipik tekislangan, urug‘lik chigiti sifat ko‘rsatkichlari - O‘zDSt 633:2006, morfoxo‘jalik belgilari sofligi - O‘zDSt 1110:2006 va tolasining sifat ko‘rsatkichlari - O‘zDSt 604:2001 talablari darajasiga keltirilgan;
g‘o‘zaning “Kafolat” navida morfologik belgilarning bir xilligi va xo‘jalik ahamiyatiga ega ko‘rsatkichlarining yuqori bo‘lishi irsiy jihatdan ta’minlanganligi hamda keyingi avlodlarda saqlanganligi aniqlangan;
“Kafolat” g‘o‘za navini turli tuproq-iqlim sharoitlarida ekib, muhim morfo-xo‘jalik belgilari bo‘yicha ko‘rsatkichlarini namoyon bo‘lishini o‘rganish va qiyosiy tahlil qilish asosida navning xo‘jalik imkoniyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘zaning hosildor, yuqori tola chiqimi va sifatiga ega g‘o‘za navini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
g‘o‘zaning G.hirsitim L. turiga mansub yangi yaratilgan “Kafolat” naviga Intellektual mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘i sifatida patent (№NAP 00423) berilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy Markazining 2025-yil 9-iyuldagi № 05/04-04-365-sonli). Natijada, g‘o‘za genofondi yuqori hosildor, tola chiqimi yuqori va tola sifati IV tipga mansub bo‘lgan yangi o‘rta tolali g‘o‘za navi bilan boyitilgan;
o‘rta tolali g‘o‘zaning yangi “Kafolat” navi 2023-2024 yillarda Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash Markazining turli hududlardagi nav sinash stansiya va uchastkalarida ekilgan (Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining 2025 yil 5 maydagi № t-6/02-08-355-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, yangi g‘o‘za navini turli tuproq va iqlim sharoitlarida ekish orqali yuqori tola chiqimiga va sifatiga ega bo‘lgan paxta hosilini etishtirish imkonini bergan;
g‘o‘zaning yangi “Kafolat” naviga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 22-apreldagi 106-sonli qaroriga binoan O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti “Farg‘ona” filialida tashkil etilgan yangi navlarning urug‘larini dastlabki ko‘paytirish elita urug‘chilik xo‘jaligida dastlabki urug‘lik chigitini ko‘paytirish uchun ruxsat berilib, joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 9-iyuldagi № 05/04-04-365-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, yangi g‘o‘za navini Farg‘ona viloyatiga moslashuvchanlikni namoyon etgan o‘simliklari asosida sara urug‘liklarini etishtirish imkonini bergan;
G‘o‘zaning yangi “Kafolat” navi 2024 yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi “Xolyorov Jahongir kelajagi” fermer xo‘jaligida 1,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 9-iyuldagi № 05/04-04-365-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur g‘o‘za navining ko‘saklari sentyabr oyining oxiriga qadar to‘liq ochilib bo‘lishi, hosildorligi 41,3 s/ga.ni tashkil etishi bilan birga, andoza Buxoro-102 navidan 1,5 s/ga yuqori hosil etishtirish imkonini bergan.