Alimov Ijod Rustamjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Umurtqa pog‘onasi osteoporozida perkutan vertebroplastika qo‘llashni optimallashtirish», 14.00.28–Neyroxirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Tib693.
Ilmiy rahbar: Alixodjaeva Gul`naraxon Alautdinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.28.02.2018.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Makarevich Sergey Valentinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Belarus Respublikasi); Kadirbekov Ravshanbek Tursunbekovich tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maksadi: shikastlangan umurtqa tanasining tayanchliligini to‘liq tiklash orqali umurtqa osteoporozini davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
osteoporoz natijasida umurtqa tanasining patologik sinishi tufayli sodir bo‘lgan og‘riq kuchliligi va intensivligi kasallikning rivojlanish davriga bog‘liq bo‘lib, umurtqa tanasining kompressiya darajasi va patologik singan umurtqalar soniga bog‘liq emasligi isbotlangan;
umurtqa tanasining osteoporotik sinishi bilan bog‘liq bo‘lgan og‘riq kuchi va intensivligining kasallikning rivojlanish davriga bog‘liq hamda umurtqa tanasining kompressiya darajasi va patologik singan umurtqalar soniga bog‘liq emasligi isbotlangan;
umurtqa osteoporozi bo‘lgan bemorlarda umurtqa tanasidan chiquvchi venoz tomirlarining involyusiyasi aniqlangan va perkutan vertebroplastika muolajasini bajarishda venospondilografiya bosqichi zarur emasligi isbotlangan;
operatsiyadan keyingi og‘riq sindromi dinamikasini solishtirma tahlil qilish asosida umurtqa tanasining patologik sinishini PVP orqali davolash samaradorligi, umurtqa tanasidagi suyak mineral zichligi tanqisligi bo‘lgan qismlarini kerakli miqdordagi suyak sementi bilan to‘liq qoplanishiga bog‘liqligi isbotlangan;
osteoporotik zararlangan umurtqa tanasini to‘ldirish uchun suyak sementi hajmini aniqlovchi uslub takomillashtirilgan;
umurtqa osteoporozida umurtqa tanasini PVP orqali suyak sementi bilan to‘liq qoplashda bilateral kirish yo‘lining adekvatligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bemorlarda umurtqa tanasining osteoporotik sinishini tashxislash va davolash istiqbollari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
“Umurtqalarning destruktiv zararlanishini davolashda perkutan vertebroplastika amaliyoti” uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 26 noyabridagi 8n-d/253-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma umurtqa tanasi osteoporotik singan bemorlarni tashxislash va davolash sifatini yaxshilash imkonini bergan;
umurtqa pog‘onasi osteoporozi kasalligini tashxislash va jarroxlik amaliyoti orqali davolash samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining jarrohlik bo‘limlarida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitali jarrohlik bo‘limlari klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 26 noyabrdagi 8n-d/253-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqotlarning klinik amaliyotga joriy qilinishi natijasida umurtqa osteoporozi bemorlarning operatsiyadan keyingi holati 93%gacha yaxshilangan.