Djumanov Lutfillo Xayrulloevich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon  

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “Kuchli qutblangan suyuqlik va kristallarda molekulalararo o‘zaro ta’sirlar hamda ularning tebranish spektrlarida namoyon bo‘lishi”, 01.04.05 – Optika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/FM1244
Ilmiy rahbar: Hakim Abdilhaqovich Xushvaqtov, fizika-matematika fanlari doktori dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.FM.02.04
Rasmiy opponentlar: Eshonqulov G‘ofur Boboqulovich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent; Qodirov Mo‘min Qodirovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro Davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Kuchli qutblangan suyuqlik va kristallar hamda ularning eritmalaridagi molekulyararo ta’sirlarni tebranish spektrlarida namoyon bo‘lishini tebranish spektroskopiyasi va noempirik hisoblash usullari yordamida o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor metil etil ketonning C=O valent tebranishiga tegishli infraqizil va Raman spektrlari maksimumlarining o‘zaro mos tushmaslik sababi uning tarkibida turli simmetriyali molekulyar agregatlar mavjudligi ko‘rsatilgan;
birinchi marta metil etil keton – xloroform eritmalarida C=O tebranish polosasining past chastotaga siljishi dipol–dipol ta’sirlar va kuchsiz vodorod bog‘lanishli geteroagregatlar hosil bo‘lishiga olib kelishi tasdiqlangan;
nitrometanning xloroformli eritmalarida Raman spektrlari asosida C–H···O tipidagi kuchsiz vodorod bog‘lanishli agregatlar shakllanishi aniqlangan;
ilk bor glisinning suvli klasterlari o‘rganilib, ettita suv molekulasi bilan O–H···O va N–H···O tipidagi kuchli vodorod bog‘lanishli konfiguratsiya energetik jihatdan eng barqaror klaster ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Kuchli qutblangan suyuqlik va kristallardagi molekulalararo ta’sirlarni tebranish spektrlarida na’moyon bo‘lishini o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ishlab chiqilgan yondashuvlar yangi geterotsiklik birikmalarning tebranish spektral tavsifini aniqlash, ularning biofaollik bilan bog‘liq molekulalararo o‘zaro ta’sir mexanizmlarini baholash hamda saratonga qarshi dori vositalarini oqilona loyihalashni qo‘llab-quvvatlovchi molekulyar modellarni yaratish natijalari “Key Technologies R&D Program of China (№ 2020YFE0205600)” doirasidagi ilmiy loyihada foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon Lixua texnologiya institutining 2025-yil 23-avgustdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi saratonga qarshi dori vositalarini oqilona loyihalashni qo‘llab-quvvatlash uchun molekulyar darajadagi modellarni yaratish imkonini bergan;
metil etil ketonning sof holda, shuningdek suvli va xloroform eritmalarida barqaror molekulyar komplekslar hosil qilish jarayonlarini aniqlash natijalari “Bmax building materials” MChJ qo‘shma korxonasida amaliyotga joriy etilgan. (“Bmax building materials” MChJ qo‘shma korxonasining 2025 yil 6-avgustdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi qoplama materiallarini ishlab chiqarish texnologiyalariga tatbiq etilib, metil etil ketonning polimer qoplamalar bilan o‘zaro ta’sir mexanizmini chuqurroq tushuntirish imkonini bergan;
glisinning suvli agregatlaridagi molekulyar klasterlarning hosil bo‘lish mexanizmi va ularning tebranish spektrlarida namoyon bo‘lishini aniqlash natijalari ALM-202310062530 - raqamli “Saraton kasalligiga qarshi dori vositalarini yaratish laboratoriyasini tashkil etish” mavzusidagi ilmiy loyihada foydalanilgan (Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 2025-yil 19-avgustdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi saraton kasalligiga qarshi samarali dori vositalarini ishlab chiqishda molekulalararo o‘zaro ta’sirlarni hisobga olgan holda spektral diagnostika va molekulyar agregatlarning fizik-kimyoviy xususiyatlarini aniqlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish