Rustamov Abdulaziz Ergashovichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Arab tilida ḥarf turkumining funksional-semantik xususiyatlari”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tillari va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Fil5608
Ilmiy rahbar: Mutalova Gulnora Sattarovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Islomov Zoxidjon Maxmudovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nuriddinov Nodir Nurmat o‘g‘li, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD, dotsent;
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: arab tili ḥarf turkumining lisoniy maqomini dalillash hamda uning funksional-semantik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
arab tilshunosligida ḥarf turkumiga oid ilmiy-nazariy qarashlarni yaxlit ko‘rinishda yoritish asosida ḥarfning leksik qiymatga ega bo‘lmagan, morfologik jihatdan o‘zgarmas va gapdagi ma’no tuslarini beruvchi funksional so‘z (modifikator) sifatida lisoniy maqomi belgilangan;
arab tilida حرف ḥarf so‘zining lug‘aviy va terminologik ma’nolarining tahlili asosida uning polisemik tabiati (12 ta leksik va 12 ta terminologik ma’nolari) asoslangan;
arab tilida tub ḥarflarning 6 ta fleksiyaga ta’sir qiluvchi va 6 ta fleksiyaga ta’sir qilmaydigan turlari aniqlanib, ularning ko‘p ma’nolilik (~59%, jumladan, ب, حتّى, على,ل , ما,و eng yuqori polisemik darajasiga ega) va bir ma’nolilik (~41%) xususiyati isbotlangan;
ḥarflarning yuklama, old ko‘makchi va bog‘lovchi vazifalarini farqlash natijasida ularning ko‘p vazifalilik (~20%, jumladan, 5 tasi – ل, و, حتّى, ب, على polifunksional) va yakka vazifalilik (~80%) xususiyati aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Arab tilida ḥarf turkumining funksional-semantik xususiyatlarini tadqiq qilish quyidagilarga imkon berdi:
arab adabiy tilida tadqiq qilinayotgan ḥarf turkumining shakllanishi, arab naxvidagi ḥarf tushunchasi, uning lug‘aviy va terminologik ma’nolari hamda ularning funksional-semantik vazifalariga oid nazariy materiallardan “Lingvistika (arab tili)” mutaxassisligi uchun “Mutaxassislikning nazariy masalalari (arab tili)” o‘quv qo‘llanmasi (“So‘z turkumlari. Arab tilshunosligida so‘z turkumlarini tasniflash masalasi” mavzulari)ni yaratishda foydalanildi (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2025-yil 27-maydagi 01-04-02/1464-son ma’lumotnomasi). Ilmiy-nazariy natijalar ḥarf turkumini o‘rganish sohasidagi kamchilikni to‘ldirishga xizmat qilib, magistrantlarning bu boradagi bilimlarini kengaytirish imkonini berdi;
arab tilshunosligida ḥarf so‘z turkumi to‘g‘risidagi ilmiy-nazariy qarashlar va arab tilida ḥarf so‘z turkumini tasniflash masalasiga oid ilmiy hamda tahliliy materiallardan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bajarilgan “Evropa fondlarida saqlanayotgan, O‘zbekistonda mavjud Turkiy qo‘lyozmalarning ma’lumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” loyihasida foydalanildi (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2025-yil 23-avgustdagi 02/1984-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar mintaqamizda yuzaga kelgan arab tilshunosligiga oid yozma manbalarning o‘ziga xos xususiyatlarini asoslashga xizmat qilgan;
ḥarf turkumini ilmiy va amaliy jihatdan o‘rganish, mavjud tasniflardagi farqlarni yoritish hamda mazkur ḥarflarning xususiyatlari va o‘zaro farqlovchi mezonlarini aniqlashga oid ilmiy va amaliy natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” teleradiokanalidagi “Ta’lim va taraqqiyot”, “Jahon adabiyoti”, “O‘zbekiston yoshlari” radiodasturlarini samarali tashkil etishda hamda ularning ssenariylarini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi davlat muassasasining 2025-yil 15-sentyabrdagi 05-09-1434-son ma’lumotnomasi).
Natijalar tatbiqi efirga uzatilgan eshittirishlarning ilmiy dalillarga boy va ilmiy-ommabop bo‘lishini ta’minlagan.