Abdumuxtorov Sardorbek Xamidulla o‘g‘lining
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Toshkent viloyati sharoitida uzumning texnik yo‘nalishdagi yangi navini yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya  va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Qx1010.
Ilmiy rahbar: Islamov Soxib Yaxshibekovich, qishloq xo’jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: uzumning Baraka navi (NAP 00413).
II. Tadqiqotning maqsadi Uzumning texnik yo‘nalishdagi duragaylarini fenologik, morfobiologik, biokimyoviy, mexanik va  hosildorlik ko‘rsatkichlari asosida kompleks o‘rganish hamda mahalliy iqlim sharoitlariga mos, qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan yangi navini yaratishdan iborat.   
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk marotaba O‘simliklar genetik resurslari ilmiy tadqiqot institutidagi uzumning jahon kolleksiyasida saqlanayotgan 50 ta duragaylar qand miqdori, umumiy kislotaligi va sharbat rangi bo‘yicha qiyosiy o‘rganilib, yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan 25 ta duragay namunalar tanlab olingan;
tanlab olingan texnik yo‘nalishdagi 25 ta uzum duragaylari kurtaklarning bo‘rtishi, gullash vaqti, g‘ujumlarning pishish muddati va butun o‘suv davrining davomiyligi hamda uzumbosh vazni va uning umumiy vazniga nisbatan bandi, po‘sti, eti, sharbati va urug‘ini chiqishi bo‘yicha o‘zaro va andoza “Saperavi” naviga nisbatan qiyosiy baholangan;
seleksiya ko‘chatzoridagi uzum duragaylarini qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha o‘rganish, natijalarni tahlil etish va kompleks belgilari asosida tanlash natijasida hosildorligi (170 s/ga) va sharbat chiqimi (70,6 %) yuqori, sharbati to‘q binafsha rangda bo‘lgan D 10-45 duragayidan uzumning yangi “Baraka” navi yaratilgan; 
yangi yaratilgan “Baraka” uzum navining uzum boshi o‘rtacha 260–350 g, mevalari to‘q binafsha rangda (qora), mevasi suvli, suvi va eti ulushi 90%, sharbatining qand miqdori 19-23 %, kislotaliligi 6,5-7,8 g/l bo‘lib, andoza “Saperavi” navi va boshqa duragaylarga nisbatan yuqori sifati bilan ustunligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Uzumning sharobbop nav va duragaylarining morfologik, fenologik, mexanik va kimyoviy ko‘rsatkichlarini aniqlash orqali ularning qimmatli xo‘jalik belgilari asosida texnik yo‘nalishdagi yangi navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
uzumning serhosil, xo‘raki va desert vino olishda sharbat chiqimi yuqori yangi “Baraka” navi yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan patent (NAP 00413) olingan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 13-yanvardagi 06/27-06/63-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, uzum genofondi mahsuldorligi o‘rtacha 10-14 kg/tup, hosildorligi 17-20 t/ga, uzum boshining vazni o‘rtacha 260 gramm, o‘rtacha zichlikka ega, eti suvli rezasining shakli - dumaloq, ovalsimon; bir dona rezasining o‘rtacha vazni – 2,1 gramm, rangi – to‘q ko‘kdan qoragacha, qand miqdori 19-22 %, umumiy kislota miqdori 6,5-7,8 g/l bo‘lgan yangi nav bilan boyitilgan.
sharbat chiqimi yuqori bo‘lgan yangi “Baraka” navi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Baytqo‘rg‘on-Shoxjahon Olimjon Agro” fermer xo‘jaligida 0,8 ga, “Do‘rmon Abdulaziz Agro Biznes” fermer xo‘jaligida 0,8 ga, “Marvarid green” MChJda 0,6 ga, jami 2,2 ga maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 13-yanvardagi 06/27-06/63-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur fermer xo‘jaliklarida uzumning “Baraka” yangi navidan 2023-yilda o‘rtacha bir tupdan 10,2 kg, gektaridan 17,0 t hosil olinib, rentabellik darajasi o‘rtacha 60-70 % ni tashkil etgan;
etining rangliligi hisobiga rangli vino mahsulotlari tayyorlash va boshqa rangsiz uzum navlaridan rangli vino tayyorlashda rang beruvchi sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan uzumning yangi “Baraka” Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Umrzoq ota o‘g‘li Abduolim” fermer xo‘jaligida 0,6 ga, “Olmasuvon bog‘i” fermer xo‘jaligida 0,8 ga, “Lapasov Shavkat” fermer xo‘jaligida 0,5 ga, jami 1,9 ga maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 13-yanvardagi 06/27-06/63-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, uzumning «Baraka» yangi navidan 2023-yilda o‘rtacha bir tupdan 11,0 kg, gektaridan 18,3 t hosil olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish