Barotov Feruz Turg‘unovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda o‘tkir plevra empiemasini tashxislash va davolash usulini tanlash» 14.00.35 – Bolalar xirurgiyasi (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2024.3.PhD/Tib5013.
Ilmiy rahbar: Ollabergenov Odilbek Tojiddinovich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent Davlat tibbiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Bolalar milliy tibbiyot markazi DSc.04/01.02.2022.Tib.147.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Baxtiyor Berdalievich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Akilov Xabibulla Ataullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II. Tadqiqotning maqsadi: Bolalarda o‘tkir plevra empiemasini kompleks davolashda kam invaziv xirurgik usullardan foydalanish orqali uning samaradorligini oshirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bolalarda o‘tkir plevra empiemasining ekssudativ, yiringli-fibrinoz va fibrin shakllanish bosqichlari bo‘yicha diagnostik xususiyatlar aniqlangan va bu bosqichlar bo‘yicha optimal davolash taktikasining samaradorligi isbotlangan;
o‘tkir plevra empiemasini davolashda erta bronxoskopik va torakoskopik aralashuvlar uchun ko‘rsatmalar va uni bajarish muddatlari aniqlangan;
bolalarda o‘tkir plevra empiemasining faol bronx-plevral oqmasi mavjudligi sababli endoskopik sanasiya va bo‘lakli yoki segmentar bronx okklyuziyasining yuqori samaradorligi isbotlangan;
bolalarda o‘tkir plevra empiemasida kam invaziv usullardan endoskopik va video-torakoskopik aralashuvlarning davo samaradorligining 1,24 marta yuqoriligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi ilmiy texnik kengashning 2025 yil 20 iyundagi 20-sonli yig‘ilish bayonnomasiga asosan ilmiy – tadqiqot ishlarini natijalarini amaliyotga tadbig‘i bo‘yicha xulosasiga ko‘ra:
birinchi ilmiy yangilik. bolalarda o‘tkir plevra empiemasining ekssudativ, yiringli-fibrinoz va fibrin shakllanish bosqichlari bo‘yicha diagnostik xususiyatlar aniqlangan va bu bosqichlar bo‘yicha optimal davolash taktikasining samaradorligi isbotlangan. Bemorlarni kasallik bosqichiga ko‘ra optimal diagnostik algoritm va davolash taktikasi ishlab chiqilgan. Bu yondashuv erta tashxis qo‘yish, asoratlarni oldini olish va individual davolash usullarini tanlash imkonini bergan. Ijtimoiy samaradorligi: yangilangan tashxis va davolash algoritmi joriy etilganidan so‘ng bolalarda erta tashxis qo‘yish holatlari ortgan. Asoratlar chastotasi 25% dan 8% gacha kamaygan. davolash muddati 16,57±0,97 kundan 13,66±0,76 kunga kamaygan. 70% bemorlarda davolash engil kechgan, ota-onalarning xavotiri sezilarli darajada kamaygan va bemorlarning tezroq ijtimoiy moslashuvi ta’minlangan. Iqtisodiy samaradorligi: Shifoxonada yotish muddatining 3 kunga qisqarishi iqtisodiy tejamkorlikga olib kelgan. Xulosa. Tashxis va davolashning bosqichli algoritmini joriy etish o‘tkir plevra empiemsini erta aniqlash va samarali davolash imkonini bergan. Bu yondashuv bolalar xirurgiyasi amaliyotiga keng tavsiya etish uchun ilmiy va amaliy asosga ega bo‘lgan.
ikkinchi ilmiy yangilik. o‘tkir plevra empiemasini davolashda erta bronxoskopik va torakoskopik aralashuvlar uchun ko‘rsatmalar va uni bajarish muddatlari aniqlangan; mezonlar asosida bronxoskopiya eksudativ bosqichda 3–5 kun ichida, torakoskopik aralashuv esa yiringli fibrinoz va fibrin shakllanish bosqichlarda 5–7 kun ichida bajarilishi belgilangan. Bronxoskopiya uchun texnik uslublar (yiringlarni tozalash, bronx okklyuziyasini baholash, sekresiyani aspiratsiya qilish) va torakoskopiyada vizualizatsiya, dekortikatsiya, plevra qoplamalarini ochish va drenaj o‘rnatish usullari standartizatsiya qilingan. Bu yondashuv bronxoplevral fistulalarni oldini olish va o‘tkir davrda samarali drenajni ta’minlagan. Ijtimoiy samaradorligi: Erta bronxoskopik va torakoskopik aralashuvlar joriy etilgandan so‘ng bemorlarda asoratlar chastotasi 30% dan 10% gacha kamaygan. Takroriy drenaj qo‘yish 25% dan 8% gacha kamaygan. Bronxoplevral oqma xosil bo‘lishi holatlari 12% dan 3% gacha pasaygan. Bemorlarda og‘riq sindromi ancha engil kechgan va nafas olish funksiyasi tezroq tiklangan. 75% bolada reabilitatsiya tezlashgan, erta harakatlanish imkoniyati paydo bo‘lgan. Ota-onalarning psixologik stress darajasi sezilarli kamaygan va ishonch darajasi oshgan. Iqtisodiy samaradorligi: xirurgik aralashuvlarning optimal vaqtda bajarilishi tufayli shifoxonada yotish muddati 16 kundan 13 kungacha qisqargan. Har bir bemor uchun 3 yotoq-kun tejalgan. Bu tibbiy xizmat sifatini oshirgan holda resurslarni tejashga imkon bergan. Xulosa. Erta bronxoskopik va torakoskopik aralashuvlar uchun mezonlar ishlab chiqilishi va ularning klinik amaliyotga joriy etilishi bolalarda o‘tkir plevral empiemani samarali davolash, asoratlarni kamaytirish va davolash muddatini qisqartirish imkonini bergan.
uchinchi ilmiy yangilik. bolalarda o‘tkir plevra empiemasining faol bronx-plevral oqmasi mavjudligi sababli endoskopik sanasiya va bo‘lakli yoki segmentar bronx okklyuziyasining yuqori samaradorligi isbotlangan; An’anaviy drenaj usullari oqmali shakllarda etarli samara bermasligi, plevra qavatida qo‘shimcha yiringli bo‘shliqlar va fibrinlar saqlanib qolishi tufayli qaytalanuvchi empiema va sepsis holatlari yuzaga kelar edi. Tadqiqot doirasida endoskopik sanatsiya (plevra qavatida to‘liq vizualizatsiya, fibrin qatlamlarini olib tashlash, plevra qoplamalarini yuvish) va segmentar bronx okklyuziya (doimiy havo oqimini cheklash va infisirlangan suyuqlikning qayta kirishini oldini olish) kombinatsiyasi qo‘llanilgan. Endoskopik usullar kam invaziv bo‘lib, bolalar uchun xavfsiz va tez tiklanishga olib keluvchi yondashuv sifatida tavsiya etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Endoskopik sanatsiya va bronx okklyuziya qo‘llangan bemorlarda infeksiya qaytalanishi 22% dan 6% gacha tushgan. Sepsis holatlari 15% dan 4% gacha qisqargan. Bronxoplevral oqmalar deyarli uchramagan. Bemorlarda og‘riq sindromi ikki baravar kamaygan, nafas olish funksiyasi tez tiklangan va 80% bolalarda reabilitatsiya muddati 2 barobar qisqargan. Ota-onalarning ishonchi va qoniqish darajasi sezilarli oshgan. Psixoemotsional stress pasaydi, bolalar erta maktab va jamiyatga qaytishiga erishilgan. Iqtisodiy samaradorligi: An’anaviy drenaj usuliga nisbatan endoskopik yondashuv qo‘llanilganda shifoxonada yotish muddati 6 kungacha qisqargan. Antibiotik sarfi 35% ga, qo‘shimcha operatsiyalar 40% ga, laborator tahlillar 25% ga, umumiy davolash xarajatlari 30% ga kamaygan. Ushbu texnologiya sog‘liqni saqlash tizimida resurslarni tejash va samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etgan. Xulosa. Endoskopik sanatsiya va segmentar bronx okklyuziyaning oqmali shakllarda qo‘llanilishi yuqori klinik samaradorlikka ega ekanligi isbotlangan. Ushbu innovatsion yondashuv infeksiyani tez bartaraf etish, asoratlarni oldini olish va davolash muddatini qisqartirish orqali bolalarda o‘tkir plevral empiemani davolashda yangi standart sifatida tavsiya etilishi mumkin.
to‘rtinchi ilmiy yangilik bolalarda o‘tkir plevra empiemasida kam invaziv usullardan endoskopik va video-torakoskopik aralashuvlarning davo samaradorligining 1,24 marta yuqoriligi isbotlangan. Tadqiqot doirasida bemorlarning bosqichiga qarab videotorakoskopiya, mini-torakotomiya, past bosimli aspiratsiya, plevra bo‘shlig‘ining dinamik drenaji kabi zamonaviy kam invaziv usullar qo‘llanilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Kam invaziv va video-torakoskopik usullar joriy etilgandan so‘ng ochiq operatsiyalar soni 45% dan 12% gacha tushgan. Qayta gospitalizatsiya holatlari 18% dan 5% gacha kamaygan. Asosiy guruhda bemorlarning 85% ida reabilitatsiya engil kechgan. Og‘riq sindromi 50% ga kamayishi natijasitda bolalarning erta harakatlanish va ovqatlanishga qaytishiga erishilgan. Ota-onalarda ishonch oshganligi uchun, psixologik stress darajasi ikki baravar kamaygan. Iqtisodiy samaradorligi: asosiy guruhdagi bir nafar bemor uchun, o‘rtacha 13,66±0,76 kunlik statsionar davolanish muddatida, xarajat miqdori 225000 × 13,66 = 3073500 so‘mni tashkil etgan. Holbuki, nazorat guruhida o‘rtacha davolanish muddati 16,57±0,97 kunni tashkil qilib, umumiy xarajat: 225000 × 16,57 = 3728250 so‘mga teng bo‘lgan. Ochiq operatsiyalarning kamayishi xizmat xarajatlarini 40% gacha qisqartirgan. Xulosa. Kam invaziv, endoskopik va video-torakoskopik aralashuvlarning klinik samaradorligi yuqori ekanligi isbotlangan. Ushbu usullar bolalarda o‘tkir plevral empiemani xavfsiz, tez va samarali davolash imkonini berib, an’anaviy ochiq operatsiyalarning o‘rnini bosishi mumkin. Tadqiqot natijalari asosida ushbu texnologiyalar bolalar xirurgiyasida zamonaviy standart sifatida tavsiya etiladi.
Tadqiqot natijalari Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining bolalar jarrohligi bo‘limida Bosh shifokorning 2025 yil 1 maydagi №81t-sonli buyrug‘i, hamda Toshkent shahri bolalar jarrohlik klinik shifoxonasi №2 da Bosh shifokorning 2025 yil 12 maydagi №90-sonli buyrug‘i bilan joriy etilgan va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi ilmiy texnik kengashning 2025 yil 20 iyundagi 20-sonli yig‘ilish bayonnomasiga asosan ilmiy – tadqiqot ishlarini natijalarini amaliyotga tadbig‘i bo‘yicha xulosasi olingan.