Toliev Xurshid Ilhamovichning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i):
“Raqamlashtirilgan chorva fermalarida sut mahsuldorligini bashoratlash va boshqarishning ko‘p parametrli algoritmlari”, 05.01.02 – “Tizimli tahlil, boshqaruv va axborotni qayta ishlash” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5622
Ilmiy rahbar: Babadjanov Elmurod Satimbaevich, texnika fanlari doktori, dotsent. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/05.05.2023.T.07.03.
Rasmiy opponentlar: Nurmuxamedov Tolaniddin Ramziddinovich, texnika fanlari doktori, professor; Kuvandikov Jo‘ra Tursunbaevich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi raqamlashtirilgan chorva fermalarida sut mahsuldorligini bashoratlash va boshqarishning ko‘p parametrli algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
sut mahsuldorligiga ta’sir qiluvchi omillarning ta’sir koeffisientini hisoblash uchun qoidalar bazasini shakllantirish va dinamik kiruvchi parametrlarga mos modellarni tanlash mexanizmi asosida moslashuvchan sut mahsuldorligini bashoratlash algoritmi ishlab chiqilgan;
retrospektiv va joriy parametrlar asosida sut mahsuldorligini baholashning qo‘shimcha eksponensial komponentali laktatsiya egri chizig‘i  modeli takomillashtirilgan;
raqamlashtirilgan ferma platformasining kengaytirilgan hisoblash konsepsiyasi asosida sut mahsuldorligini bashoratlash modulining boshqaruv tuzilmasi ishlab chiqilgan;
sut mahsuldorligining real va bashorat qilingan qiymatlar farqlariga nisbatan individual hamda poda kesimida qarorlarni shakllantirish algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ishlab chiqilgan tadqiqot usullari va algoritmlari asosida tadqiqot natijalari quyidagi yo‘nalishlarda amaliyotga joriy etilgan: 
har bir fermer xo‘jaligidagi sut mahsuldorligini nazorat qilish, hisobotlar shakllantirish, sut mahsuldorligi pasayishiga ta’sir qilayotgan muhim omillar haqida ma’lumotlar olish hamda fermer xo‘jaliklarini yagona nuqtadan boshqarish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasida joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 11-martdagi №02/017-868-son ma’lumotnomasi). Natijada sut mahsuldorligi bo‘yicha aniq bashorat ko‘rsatkichlari taqdim etilishi fermerlar ishlab chiqarish rejalari samaradorligini 1,3 barobarga hamda sigirlar mahsuldorligi, oziqlanish sharoiti va veterinariya xizmatlari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi statistik tahlil qilish imkoniyatini 1,2 barobarga oshirish imkonini bergan;
ferma sigirlarining laktatsiya davridagi individual mahsuldorligini real vaqt rejimida baholash, turli tashqi va ichki omillarning sut mahsuldorligiga ta’sirini tahlil qilish, oldindan o‘rtacha mahsuldorlik pasayishiga sabab bo‘luvchi holatlarni aniqlash Nukus tumanidagi “Qoniratbay Mexri” fermer xo‘jaligiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 11-martdagi №02/017-868-son ma’lumotnomasi). Natijada sut mahsuldorligini bashorat qiluvchi dastur modulining joriy etilishi veterinar va fermerlarning individual sigir va poda kesimida sut mahsuldorligini monitoring qilishga sarflaydigan mehnatini 1,5 barobarga kamaytirish hamda sut mahsuldorligini bashorat qilishning aniqligi fermerlar to‘g‘ri qaror qabul qilishini 1,4 barobarga yaxshilash imkonini bergan;
sut mahsuldorligini aniq bashorat qilish tizimi Ellikqala tumanidagi “Baxram Chayka” fermer xo‘jaligiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 11-martdagi №02/017-868-son ma’lumotnomasi). Natijada ozuqa, suv va resurs sarflari maqbullashtirilishi orqali iqtisodiy tejamkorlik 18-20 % ga oshirildi hamda sigirlarning laktatsiya jarayoniga turli omillarning ta’siri chuqur o‘rganilishi bilan sigirlar uchun individual ratsion va parvarish usullari ishlab chiqilishi o‘rtacha sut mahsuldorligini 8-12% ga oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish