Abduqahhorov Azizbek Abdullo o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Kichik va o‘rta biznes subektlari eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish”, 08.00.15 – “Tadbirkorlik va kichik biznes iqtisodiyoti”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Iqt1383.
Ilmiy rahbari: Abduraxmanova Gulnora Qalandarovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2020.I.16.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Karrieva Yoqutdjan Karimovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Norov Asror Egamberdievich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy hamda amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kichik va o‘rta biznes subektlarining eksport faoliyatiga oid muhim tushunchalarning mohiyati nazariy-fundamental asosga ko‘ra faoliyat mazmuni, yo‘nalishi, erkinligi, samaradorligi va bozorga kirish strategiyalari kabi toifalari bo‘yicha mualliflik tasniflari asosida takomillashtirilgan;
kichik va o‘rta biznes subektlarining eksport salohiyatini baholash metodikasi salohiyatni tashkiliy-boshqaruv, mahsulot sifati-xususiyati va bozorga kirish kabi etti blokli imkoniyatini miqdoriy baholash hamda eksport salohiyatini «juda yuqori» (450 – 500 ball), «eksportga to‘liq tayyor» (350 – 449), «salohiyat bor, lekin tayyorgarlik zarur» (250 – 349), «cheklangan salohiyat» (150 – 249) va «tayyor emas» (0 – 149) darajasida baholashga ko‘ra takomillashtirilgan;
kichik va o‘rta biznes subektlari eksport faoliyatini hududlar tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati muvofiq muvofiqlashtirgan holda hududiy klasterlashga ko‘ra eksport jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro hamkorligini qo‘llab-quvvatlash, tarmoq korxonalarining o‘zaro manfaatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish taklifi asoslangan;
kichik va o‘rta biznes subektlari eksport salohiyatini rivojlantirish-ning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi har bir subektning eksport salohiyati darajasi, tashqi bozorga chiqish bosqichlari, qo‘llab-quvvatlash chora-tadbir-lari bloklari, shunga ko‘ra uslubiy-amaliy jihatdan eksport salohiyatining har birini alohida tashqi bozorga nisbatan, bir vaqtning o‘zida milliy va xorijiy hududlarda joylashgan tashkilotlarni qamrab olganiga ko‘ra takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Respublikada kichik va o‘rta biznes sub’ektlari eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
kichik va o‘rta biznes subektlarining eksport faoliyati mazmuni, yo‘nalishi, erkinligi, samaradorligi va bozorga kirish strategiyalari kabi fundamental toifalar bo‘yicha mualliflik tasnifi ishlab chiqildi. Ushbu yondashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2022 yildagi ’ochiq muloqotida’ belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-364-son qarori 1-ilovasida ko‘rsatilgan 1 va 2 bandlarni amalga oshirishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining 2025 yil 19 sentyabrdagi dagi 9/06-19-10675-sonli ma’lumotnomasi). Taklif amaliyotga joriy etilishi natijasida eksport faoliyatiga oid ilmiy-uslubiy ko‘rsatkichlarning ichki uyg‘unligi va metodik yaxlitligi ta’minlanib, davlat dasturlarida qo‘llaniladigan tushunchalar va kategoriyalarning yagona ilmiy asosda standartlashuvi uchun zarur konseptual platforma shakllandi;
kichik va o‘rta biznes subektlarining eksport salohiyatini tashkiliy-boshqaruv, mahsulot sifati va xususiyatlari, bozorga kirish imkoniyatlari, institutsional muhit, moliyaviy imkoniyatlar, resurs salohiyati va marketing bo‘limlaridan iborat etti blok asosida baholash usuli takomillashtirildi. Baholash natijalari «juda yuqori» (450–500 ball), «eksportga to‘liq tayyor» (350–449 ball), «salohiyat bor, lekin tayyorgarlik zarur» (250–349 ball), «cheklangan salohiyat» (150–249 ball) va «tayyor emas» (0–149 ball) mezonlari asosida tasniflandi. Mazkur usul O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga doir dasturlarni ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining 2025 yil 19 sentyabrdagi dagi 9/06-19-10675-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu usulning amaliyotga tatbiq etilishi eksportga yo‘naltirilgan kichik va o‘rta biznes subektlari salohiyatini aniqlash va tasniflash jarayonini tizimli asosda shakllantirish bilan birga, baholash mexanizmidan foydalanish orqali eksportni qo‘llab-quvvatlash dasturlarining samaradorligini belgilashda ilmiy-uslubiy aniqlikni ta’minlab, korxonalar salohiyatining integral ko‘rsatkichlari asosida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining manzilliligini oshirish imkonini yaratdi;
hududlarning tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, kichik va o‘rta biznes subektlarining eksport faoliyatini hududiy klasterlash orqali muvofiqlashtirish, eksport jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish hamda tarmoq korxonalari o‘rtasida manfaatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif ishlab chiqildi. Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 23 yanvardagi “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-15-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan dasturlarda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining 2025 yil 19 sentyabrdagi dagi 9/06-19-10675-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu yondashuvning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida Savdo-sanoat palatasiga yangi kichik va o‘rta biznes korxonalarining a’zolik soni o‘rtacha 10 foizga oshishi, palata tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turining 20 foizdan ortiq diversifikatsiya qilinishi va yagona elektron tizim orqali raqamli xizmatlar ulushining 1,3 baravar ko‘payishi bilan birga, tarmoq korxonalari o‘rtasida shakllangan o‘zaro manfaatli kooperatsiya aloqalari hududlarda eksportni klasterlash tamoyillari asosida rivojlantirish uchun barqaror tashkiliy-amaliy bazani yaratishga xizmat qildi;
kichik va o‘rta biznes subektlarining eksport salohiyati darajalari, tashqi bozorga chiqish bosqichlari hamda qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bloklaridan iborat tashkiliy-iqtisodiy mexanizm takomillashtirildi. Mazkur mexanizm O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish hamda tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining 2025 yil 19 sentyabrdagi dagi 9/06-19-10675-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu mexanizmning amaliyotga tatbiq etilishi kichik va o‘rta biznes subektlari hamda davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlab, tashqi iqtisodiy faoliyatda ishtirok etuvchi korxonalarning ma’muriy va axboriy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini o‘rtacha 5,2 foizga, moliyaviy-iqtisodiy va texnik-texnologik ko‘mak infratuzilmalaridan foydalanish darajasini esa 1,08–1,12 baravar kengaytirish bilan birga, korxonalarni eksport jarayoniga bosqichma-bosqich tayyorlash va tashqi bozordagi raqobatbardoshligini oshirish jarayonini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qildi.