Zaxirova Nargiza Ne’matovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahalliy tarqalgan bachadon bo‘yni saratonida kichik tos a’zolari ekzenteratsiyasidan keyin tos tubining xirurgik rekonstruksiyasiga yangicha yondashish», 14.00.14–Onkologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Tib326.
Ilmiy maslahatchi: Tillyashayxov Mirzagaleb Nigmatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04.12.2018.Tib.77.01.
Rasmiy opponentlar: Xodjaev Abduvoxid Valievich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Sultanov Saidazim Nasirovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Islambekova Zulfiya Astanakulovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: N.N. Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi federal davlat byudjet muassasasi (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy tarqalgan bachadon bo‘yni saratonida jarrohlik taktikasini takomillashtirish orqali davolash samaradorligini oshirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy tarqalgan bachadon bo‘yni saratonining birlamchi va qaytalangan hollarida jarrohlik usulining rekonstruktiv bosqichini optimallashtirish yordamida yangi uslubiy yondashuvlar ishlab chiqilgan;
tos a’zolari ekzenteratsiyasi jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun mahalliy tarqalgan bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallangan bemorlarni tanlash mezonlari takomillashtirilgan;
tos a’zolari ekzenteratsiyasidan so‘ng rekonstruktiv-plastik jarrohlik usullari takomillashtirilgan;
bo‘sh tos tubini teri kesmasi bilan plastikasini amalga oshirish yordamida jarrohlik amaliyotining bevosita asoratlari kamayishi va hayot sifati ko‘rsatkichlari yaxshilanishi isbotlangan;
tos a’zolari ekzenteratsiyasidan so‘ng chanoq tubi defektini yopish uchun o‘tkaziladigan turli rekonstruktiv-plastik jarrohlik usullarining qiyoslash asosida yangi uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahalliy tarqalgan bachadon bo‘yni saratonida kichik tos a’zolari ekzenteratsiyasidan keyin tos tubining xirurgik rekonstruksiyasiga yangicha yondashishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Onkologiyada tos a’zolari ekzenteratsiyasi» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 15 noyabrdagi 8n-r/219-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma bachadon saratoniga olib keluvchi yetakchi omillarni, rivojlanish mexanizmini baholash, kasallikni erta tashxislash va ekzenteratsiya usullarini takomillashtirish imkonini bergan;
«Mahalliy tarqalgan bachadon bo‘yni saratoni klinik xususiyatlari» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 15 noyabrdagi 8n-r/219-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma mahalliy tarqalgan bachadon bo‘yni saratoni klinik xususiyatlarini mukammal tahlil qilish va zamonaviy xirurgik usulini joriy qilish va xirurgik amaliyoti samarasini takomillashtirish imkonini bergan;
mahalliy tarqalgan bachadon bo‘yni saratonida kichik tos a’zolari ekzenteratsiyasidan keyin tos tubining xirurgik rekonstruksiyasiga yangicha yondashuvni ishlab chiqish va oldini olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi onkologiya va radiologiya markazining Sirdaryo va Farg‘ona viloyati filiallari mahalliy dispanser bo‘limlariga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 20 fevraldagi 8n-z/16-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalari bemorlarning hayot sifatini yaxshilash, mahalliy tarqalgan bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallangan bemorlarning remissiyasi va umrini uzaytirish muddatlarini oshirish imkonini bergan.