Axmedov Sherzod Mamaraim o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “Ba’zi organik moddalarning vakuum va atmosfera bosimi sharoitida termal desorbsiyasi va termal ionlashuvi”, 01.04.04 – Fizik elektronika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/FM1241
Ilmiy rahbar: Usmanov Dilshadbek Tursunbaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, DSc.02/30.12.2019.FM/T.65.01.
Rasmiy opponentlar:Umirzakov Boltaxoʻja Ermatovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Kaxramonov Boburjon Ruziboevich, fizika-matematika fanlari falsafa doktori PhD.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi vakuum va atmosfera sharoitida ba’zi organik moddalarning termal ionlashuv va termal desorbsiya qonuniyatlarini mass spektrometrik usullar yordamida tadqiq qilish va bu jarayonlarning ilmiy asoslarini rivojlantirishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor pestisidlar (aldikar, diazinon, atsetamiprid, xlordimeform, imidokloprid) ning VSI jarayonlari yordamida mass-spektrlaridagi asosiy ionlari aniqlandi va ularning sublimatsiyalanish energiyalari ionlashuv potensiallari baholandi;
pestisidlar uchun oksidlangan emitter sirtida hosil bo‘lgan ionlar intensivligi metall emitter sirtida hosil bo‘lgandagiga qaraganda ⁓ 103 marta katta bo‘lishi aniqlandi;
patronli bug‘latkich sirt dag‘alligining orttirilishi natijasida sirt va tomchi orasidagi samarali issiqlik uzatilishi yuz berib, ionlar intensivliklarining ortishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi;
ftorli birikma qoplangan sirtdagi TD jarayonida sirt va tomchi orasidagi kam issiqlik o‘tkazuvchanlik tufayli bug‘lanish orqali sovish kamayib tomchi harorati tez ko‘tarilganligi sababli namunaning termal degradatsiya va umumiy desorbsiya vaqtlarining qisqarishi aniqlandi;
ftorli birikma qoplangan sirtga tomizilgan morfin eritmasining TD sida morfin sirt aktiv modda (tomchi ichida va sirtida to‘planish xususiyati) bo‘lganligi uchun TB tufayli parchalanishlarsiz faqat protonlangan [M+H]+ ionlar tarzida hosil bo‘lishi aniqlandi;
ilk bor ABSI usulida protonlangan ion [M+H]+ larning hosil bo‘lish mexanizmi proton almashinuvi reaksiyalari orqali amalga oshishi, ya’ni Bronsted kislotalari sifatida harakat qilishi aniqlandi;
ABSI mass spektrida protonlangan molekulalar asosiy ion sifatida aniqlandi VSI ga xos bo‘lgan deprotonlangan va fragmentlangan ionlar kuzatilmadi, proton almashinuv reaksiyalari adiabatik jarayonda (issiqlik almashinuvisiz) ro‘y berganligi tufayli fragment ionlar kuzatilmaganligi aniqlandi;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiya ishida olingan quyidagi ilmiy natijalar amaliyotga joriy etilgan:
Atmosfera bosimi sharoitida sirtiy ionlashuv jarayonida emitter sifatida qo‘llanilgan qiyin eruvchi metallar – volfram (W), reniy (Re), palladiy (Pd), molibden (Mo), titan (Ti) va zanglamaydigan po‘lat (SUS 304) ning taxminan 600 °C da oksidlanishi va Leidenfrost hodisasi yordamida termal dessorbsiya (LHTD) jarayonida metall bug‘latkich (SUS 304) sirtining dag‘alligini oshirish va sirtning ftor qoplanishi natijasida analit desorbsiyasi vaqtining qisqarishi kabi ilmiy natijalar “Metall oksidlari bilan legirlangan silikatlarning termoelektrik xossalari va o'z-o'zidan tashkil bo‘lish jarayonlari” nomli Uzb-Ind-2021-78 O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma fundamental loyihasida qo'llanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 2025-yil 5-sentyabrdagi №-01/11-16155-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish silikat shishani metall oksidlari (Ru, Cu, Mg) bilan legirlash jarayonida solishtirma qarshilikning temperaturaga bog‘liq holda o‘zgarishini kompleks o‘rganishda, hamda silikat shishaning elektr o‘tkazuvchanligi bir necha barobar oshishini aniqlashga imkon bergan.
Pestisidlar (atsetamiprid, xlordimeform, imidokloprid) ning vakuum sirtiy ionlashuv mass-spektrometriyasi qonuniyatlarini o‘rnatish hamda ularning molekulalari qizdirilgan oksidlangan volfram sirtiga ta’siri natijasida ro‘y beradigan geterogen reaksiya kanallarini tushuntirish va Alkaloidlar va stimulantlar (kokain, morfin, papaverin) ning atmosfera bosimi sharoitida sirtiy ionlashuv mass spektrlari hosil bo‘lishida protonlangan ionlarning paydo bo‘lish mexanizmlari vakuum sharoitidagi sirtiy ionlashuvdan tubdan farqlanishi kabi ilmiy natijalar U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida 2023-2024-yillarda bajarilgan “Ko'p atomli zarralarning vakuum va atmosfera sharoitida qattiq jism sirti bilan o‘zaro ta’siri, faol organik birikmalarni yangi ionlashtirish uslublarini rivojlantirish, ishqoriy metall ionlari bilan modifikatsiyalangan qattiq jism sirtlarining elektron va kristall strukturalari hamda manfiy ionli changlanishning elementar tahlilini EXEYS va IIMS usullari bilan tadqiq qilish” nomli bazaviy ilmiy tadqiqotlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2025-yil 29-sentyabrdagi №-2/1255-2322-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish yuqori haroratli qiyin eriydigan metall oksidlari yuzasida yangi psixotrop modda molekulalarining adsorbsiyasi, adsorbsiyalangan qatlamda sodir bo‘ladigan geterogen reaksiyalarni hamda funksional guruhlarning mass-spektrda hosil bo'lish sabablarini aniqlashga imkon bergan.