Sharipov San’at Shuhrat o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Murakkab tarkibli oltin saqlagan rudalarni qayta ishlashning ilmiy-texnikaviy va biokimyoviy asoslari», 04.00.14 – Foydali qazilmalarni boyitish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.DSc/T966.
Ilmiy maslahatchi: Sanakulov Kuvandik, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalvr universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.17/04.06.2021.T.06.01.
Rasmiy opponentlar: Sharafutdinov Ulug‘bek Ziyatovich, texnika fanlari doktori, professor; Rogojnikov Denis Aleksandrovich, texnika fanlari doktori, professor; Daminova Shaxlo Sharipovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: flotokonsentratni bakterial oksidlanishi jarayonida kechadigan fizik-kimyoviy o‘zgarishlarning ilmiy asoslarini ishlab chiqish va ulardan boyitish jarayonlarning samaradorligini oshirish uchun oqilona foydalanishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yangi noorganik va organik birikmalar hosil bo‘lishining sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlarini aniqlash orqali flotokonsentratni oksidlashda minerallar va qimmatbaho nodir metallarning erishiga olib keladigan kislotali aralashmalarning xususiyatlari va tarkiblari aniqlangan;
rentgenofazali tahlil usuli bilan bakterial oksidlash jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yangi oraliq birikmalar - yarozit KFe₃(SO₄)₂(OH)₆, gidronium-yarozit (H₃O)Fe₃(SO₄)₂(OH)₆ va bassanit CaSO₄·0,5H₂O hosil bo‘lishi aniqlangan;
ilk bor mikroorganizmlarning aminokislotali qoldiqlari pH 5–10 oralig‘idagi kuchsiz kislotali va kuchsiz ishqoriy muhitda tarkibini saqlab qolishi hamda qimmatbaho metallarning barqaror aminokislotali komplekslarini hosil qilishi aniqlangan;
ilk marotaba tadqiqot qilingan konsentratda organik uglerodning preg-robbing haqiqiy ko‘rsatkichlari aniqlanib, uning qattiq, suyuq va ko‘pik fazalarida mavjudligi hamda oltinning kam ajralishiga olib keluvchi sorbsion faollikka egaligi isbotlangan;
ilk bor QQD-1 kislota chiqindi suvlarini neytrallash uchun reagentlarning sarf koeffisientlari (pH 6,5–7,0 oralig‘idagi kislotali chiqindi suv uchun sarf, CaO-2016 t/kun, CaCO₃-2873 t/kun, NaOH- 1462 t/kun va Na₂CO₃ -940 t/kun) aniqlangan;
bakterial oksidlash jarayonidagi kislotali chiqindi suvlardan KEE ajratib olishning unumi 83–87% ni tashkil qiladigan D2EGFK bilan ekstraksiya qilishga asoslangan usuli va texnologik sxemasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Murakkab tarkibli oltin saqlagan rudalarni qayta ishlashning ilmiy-texnikaviy va biokimyoviy asoslari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
sianlash jarayonidan oldin biokekni ishqorlash usuli «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ 3-son gidrometallurgiya zavodida amaliyotga joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning 2025 yil 29 sentyabrdagi 02-07/02/10128-son ma’lumotnomasi). Natijada, so‘ndirilmagan ohakni qo‘llash, boshqa neytrallovchi reagentlarni qo‘llagandagiga qaraganda oltinning ajralish darajasi (0,8-1,0%) yuqori bo‘lishi imkonini bergan;
qarama-qarshi dekantatsiya kislotali chiqindi suvlarini neytrallash usuli «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ 3-son gidrometallurgiya zavodida amaliyotga joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning 2025-yil 29-sentyabrdagi 02-07/02/10128-son ma’lumotnomasi). Natijada, kislotali chiqindi suvlarni neytrallash uchun CaO ning sarfi kuniga 2016 t ekanligi hamda bu qolgan reagentlarga nisbatan eng iqtisodiy samarador ekanligini baholash imkonini bergan;
taklif etilgan texnologik rejimlar asosidagi flotokonsentratni oksidlab kuydirish texnologiyasi «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ 5-son gidrometallurgiya zavodida amaliyotga joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning 2025-yil 29-sentyabrdagi 02-07/02/10128-son ma’lumotnomasi). Natijada, ta’minlangan optimal haroratdagi rejimlar (t = 500–600 °C) natijasida umumiy ajralish darajasi 79,3-74,5% gacha etish imkonini bergan;
oksidlab kuydirish pechlaridan chiqadigan gazlarni skrubber qurilmalarida ishqoriy eritmalar bilan tozalash jarayoni «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ 5-son gidrometallurgiya zavodida amaliyotga joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning 2025-yil 29-sentyabrdagi 02-07/02/10128-son ma’lumotnomasi). Natijada, skrubber samaradorligi bo‘yicha quyidagi natijalarga:chang bo‘yicha-52,3%, SO₂ bo‘yicha- 96,6%, CO₂ bo‘yicha-78,2%, NO₂ bo‘yicha-87,3% erishish imkonini bergan.