Adilov Abror Anvarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sovet davlatining O‘zbekistonda amalga oshirgan diniy siyosati (1917-1990 yy.)”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tar2
Ilmiy maslahatchi: Murtazaeva Rahbarxon Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ishonxodjaeva Zamira Rayimovna, tarix fanlari doktori, professor; Xasanov Baxtiyor Vaxapovich, tarix fanlari doktori, professor; Rasulov Baxtiyor Mahmudjonovich tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. 1917-1990 yillar davriy chegarasi  doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilgan sovet diniy siyosati tarixini kompleks tarzda o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Insoniyat kelib chiqishini  materialistik tarzda asoslab, har qanday  ilohiy kuch, diniy tushunchalar, e’tiqod masalasini qat’iy tarzda inkor etgan kommunistik g‘oyaning XX asr boshlarida bolsheviklar partiyasi tomonidan nazariy jihatdan rivojlantirilishi hamda dinga qarshi kurash  pozisiyasidan og‘ishmagan holda mafkuraviy strategiya belgilanib, faqat uning taktik usullargina mamlakatdagi real holdagi  ichki va tashqi siyosiy vaziyatga mos tarzda o‘zgarib turishi asoslangan;
1917 yilgi oktyabr to‘ntarishidan so‘ng, sovet davlatining dinga, xususan islom diniga qarshi sa’y-harakatlari musulmon ommasi orasida umumiy norozilikning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Bunday vaziyatda musulmon ommasini sovet davlatiga hayrixoh qilish, ularda o‘z hamkorini topishga harakat borasida “Yangi iqtisodiy siyosat” (NEP) davrida  sovet hukumati tomonidan din borasida ma’lum bir “yon berish”, “bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga” lenincha shiorga amal qilinishi bois o‘lkada “Mahkamayi-Shar’ia” diniy-huquqiy tashkilotining yuzaga kelganligi, diniy ta’lim, qozilik sudlari, masjidlar faoliyatiga ruxsat berilishi va boshqalar zamirida sovet davlatining uzoqni ko‘zlagan strategik maqsadi yo‘lidagi taktik qadamlar bo‘lganligi, 20-yillar o‘rtalaridan boshlangan “xudosizlik” kampaniyasi, bu borada OGPU “Sharqiy” bo‘limi  xulosalari, “xudosizlik” kurash kampaniyasining O‘zbekistonda keskin va shiddatli tarzda amalga oshirilishi bilan bog‘liq jarayonlar dalillangan; 
Ikkinchi jahon urushi davrida diniy siyosat borasidagi “yon berish” siyosati zamirida tegishli siyosiy maqsad mavjudligi, diniy tashkilotlar, xususan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining (O‘OQMDB) tashkil topishi, u bilan bog‘liq jarayonlar, Boboxonovlar sulolasining murakkab va ziddiyatli davrdagi faoliyati, respublikadagi barcha konfessiyalarning holati aniqlangan;
“Xrushchyovcha” deb atalmish dinga qarshi “ilmiy-ateistik” ruhdagi kurash,  O‘zbekistonda bu kurashning keskin va qat’iy tarzda amalga oshirilishi, “muqaddas qadamjo”lar, diniy ibodat maskanlariga qarshi kurash, “Ilmiy ateizm” fanining oliy ta’lim tizimiga tadbiq etilishi, ateistik kurash ilmiy negizlarining ishlab chiqilishi,  sekulyarizatsiya jarayoni, Din ishlari bo‘yicha kengashning O‘zbekistondagi vakili faoliyati bilan bog‘liq masalalar tegishli arxiv hujjatlari asosida isbotlangan; 
“Rivojlangan sotsializm” davrida davlat va din munosabatlarining O‘zbekistondagi holati, XX asr 80-yillarida O‘zbekistonda dinga qarshi kurashning yangi bosqichi, Ilmiy ateizm instituning Toshkent filiali faoliyati, kompartiya va sovet  davlati tomonidan dinga qarshi ateistik kurashning kuchaytirilishi, bu borada respublika rahbariyatining o‘ziga xos “hissasi”, urf-odat, an’analarga qarshi kurash masalalari tegishli hujjatlar asosida dalillangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda amalga oshirilgan sovet diniy siyosati tarixiga oid nazariy xulosalar hamda takliflar asosida:
Sovet hukmronligi davrida O‘zbekistonda olib borilgan diniy siyosat, kompartiya va sovet davlatining tub aholiga “proletar madaniyati”ni singdirishga harakati, Qizil armiya tomonidan aholi milliy va diniy haq-huquqlarining oyoq-osti qilinishi, 20-30 yillardagi diniy siyosat, diniy arboblar qatag‘oni, XX asr 50-80-yillarida ma’naviy-ma’rifiy hayot jabhasida amalga oshirilgan dinga qarshi ateistik kurash masalalari, masalaning tarixiy jihatlari Mirzo Ulug‘bek  nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti tomonidan respublika barcha oliy o‘quv yurtlari nomutaxassis va tarix yo‘nalishi uchun tayyorlagan “O‘zbekiston tarixi”, II jild (XIX asrning II  yarmi – 1989 yil, iyun) oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun darslik. –Toshkent: Yangi asr avlodi, 2015 (Oliy va o‘rta maxsusu ta’lim vazirligining muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan nashr tavsiyasi. -№4.17.04.2015). Mazkur   darslik sovet hukmronligi davrida kechgan murakkab va ziddiyatli jarayonlar, xususan sovet diniy siyosati haqida tegishli ma’lumotlar berganligi bilan ilmiy jamoatchilik va talabalar uchun tegishli ahamiyat kasb etadi. 
“O‘zbekiston tarixi”. I kitob. (Eng qadimgi davrdan – XIV asr o‘rtlarigacha). – Toshkent: “Nif MSh”, 2024; “O‘zbekiston tarixi” II-kitob (XIV  asr o‘rtalaridan – XIX asr 2-yarmigacha). –Toshkent:  “Nif MSh”, 2024. Oliy o'quv yurtlari tarix fakultetlari talabalari uchun darslik (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018-yil 14-iyundagi 531-sonli buyrug‘i bilan darslik sifatida nashrga tavsiya etilgan). Mazkur darsliklar keyingi yillarda amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini bevosita o‘zida aks ettirib, mamlakat tarixini zamonaviy nazariy-konseptual tarzda yoritish, talabalar ommasiga tegishli bilimlar bazasini berish bilan izohlanadi. 
O‘zbek xalqi ijtimoiy-ma’naviy  hayotida diniy qadriyatlarning tutgan o‘rni, diniy bag‘rikenglik, sovetlar hukmronligi davrida dinga bo‘lgan salbiy munosabat, uning oqibatlari, diniy arboblar qatag‘oni va boshqa shu kabi masalalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi  tarkibidagi “Ma'rifat ijodiy birlashmasi” davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Ot ustida”, “Buyuk yurt allomalari”, “Tarix maydoni” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokanali kompaniyasi “Ma'rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasining 2025 yil 27 fevraldagi 01-33/113-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ko‘rsatuvlar o‘z navbatida mavzu yuzasidan keng tomoshabinlar auditoriyasini tarixiy bilimlardan voqif bo‘lishlariga imkon yaratadi.
Dissertatsiyada bayon etilgan tarixiy voqelik va jarayonlar, xususan sovet hukmronligi davrida O‘zbekistonda amalga oshirilgan diniy siyosat, uning mazmun-mohiyati, davlat va din  munosabatlarining bir yoqlama xarakteri, sovetlarning diniy arboblarga qarshi qatag‘on-zo‘ravonlik siyosati, islom dini bilan bog‘liq jihatlar A-OT-2021-542-sonli “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ularning xotirasini abadiylashtirish va ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalarining ta’lim va tarbiyadagi ahamiyati yoritilgan elektron platforma va multimediyali kompleksni yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi doirasida elektron platforma, multimediyali kompleks, xotira kitobi mobil ilovasini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorining 2025 yil 21-fevral sanasi bilan tasdiqlagan ma’lumotnomasi). Dissertatsiya materiallari yuqorida nomi qayd etilgan amaliy loyiha ishlanmasi ilmiy darajasini oshirishga bevosita xizmat qilgan.
Turkiston o‘lkasida sovet hokimiyatining o‘rnatilinishi, milliy urf-odat va an’analarning oyoq osti qilinishi, sovet davlatining dinga qarshi kurashi, sovet diniy siyosati, “Mahkamayi-Shar’iya” diniy-huquqiy markazi, umuman dissertatsiyada sovet davridagi diniy siyosat bilan bog‘liq masalalar Bremen (Germaniya) A&A Ausbildung und Arbeit Plus GmbH tadqiqot  markazining “Markaziy Osiyoda Islom” nomli loyihasida ishlatilgan. (Ilmiy markaz rahbari prof. Meer tomonidan 2025-yil 3-aprelda berilgan ma’lumotnoma). Tadqiqot xulosalari yuqorida nomi qayd etilgan loyiha ishlanmasi ilmiy darajasini oshishiga bevosita xizmat qilib, bu borajagi ba’zi bo‘shliqlarga chek qo‘ygan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish