Azamov Sherzodjon Xusanboy o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Zamonaviy maktabda rivojlantiruvchi ta’lim muhitini tashkil etish metodikasini takomillashtirish (tarix fani misolida)”, 13.00.02–Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Ped9087.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Ilmiy rahbar: Qoraev Samaridin Barakaevich, pedagogika fanlari doktori (DSc), professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti, DSc.03/30.04.2021.Ped.82.01.
Rasmiy opponentlar: Ismoilov Temur Ismoilovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Ximmataliev Do‘stnazar Omonovich, pedagogika fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi zamonaviy maktabda rivojlantiruvchi ta’lim muhitini tashkil etish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
zamonaviy maktablarda tarix fanidan rivojlantiruvchi ta’lim muhitini tashkil etishning tashkiliy-pedagogik, pedagogik-psixologik, predmetli-didaktik shart-sharoitlari metodologik yondashuvlar va didaktik tamoyillar asosida uyg‘unlashgan ta’lim strategiyasi orqali aniqlashtirilgan hamda o‘quvchilarning tayanch kompetensiyalarini mazmunan rivojlantirish ta’minlangan;
zamonaviy maktablarda tarix fanidan rivojlantiruvchi ta’lim muhitini tashkil etishning metodik modeli maqsad, metodologik, texnologik-jarayon va baholovchi-natijaviy komponentlarning uzviyligi, raqamli ta’lim texnologiyalariga ustuvor ahamiyat berilishi hamda natijaviy bashoratlash imkoniyatini nazariy tizimda takomillashtirish asosida ishlab chiqilgan;
zamonaviy maktablarda tarix fanidan rivojlantiruvchi talim muhitini tashkil etish metodikasi o‘quvchilarda mantiqiy va tizimli fikrlash, ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga, ta’limda integratsiyani ta’minlash, tarixiy an’analar va qadriyatlarni o‘quvchilar tafakkuriga singdirish asosida takomillashtirilgan;
maktab o‘quvchilarida tayanch kompetensiyaning motivatsion, kognitiv, faoliyatli va refleksiv komponentlarini shakllanganlik darajasini – reproduktiv, izlanuvchi va kreativ bosqichlarda baholash mezonlari, rivojlantiruvchi ta’lim muhitini raqamli mobillashtirish asosida takomillashtirilgan;
zamonaviy maktab o‘quvchilarini ta’lim olishga bo‘lgan salbiy munosabatlari sabablarini aniqlash va ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida maktab, oila, mahalla, yuqori turuvchi tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Zamonaviy maktabda rivojlantiruvchi ta’lim muhitini tashkil etish metodikasini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy va amaliy takliflar asosida:
zamonaviy maktablarda tarix fanidan rivojlantiruvchi ta’lim muhitini tashkil etishning tashkiliy-pedagogik, pedagogik-psixologik, predmetli-didaktik shart-sharoitlari, metodologik yondashuvlar va didaktik tamoyillarga uyg‘unlashtirilgan ta’lim strategiyasini aniqlashtirish, shuningdek o‘quvchilarning ijtimoiy tayanch kompetensiyalarini mazmuniy rivojlantirishga doir tavsiyalar “Tarbiya nazariyasi” nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 17-iyuldagi 314-son buyrug‘i bilan berilgan 314-191-sonli guvohnoma). Natijada, ushbu o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan ma’lumotlar va pedagogik shart-sharoitlar maktab o‘quvchilarining o‘zini-o‘zi rivojlantirish tayanch kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qilgan;
zamonaviy maktablarda tarix fanidan rivojlantiruvchi ta’lim muhitini tashkil etishning metodik modeli maqsad, metodologik, texnologik-jarayon va baholovchi-natijaviy komponentlar uzviyligida raqamli ta’lim texnologiyalariga ustuvorlik berish hamda natijaviy bashoratlash imkoniyatini nazariy tizimlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar T.N.Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialida A1-XT-0-92997 raqamli “Yoshlarni umuminsoniy, milliy va tarixiy qadriyatlar uyg‘unligi asosida ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning muammolari” mavzusidagi fundamental loyihani amalga oshirishda foydalanildi (T.N.Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2024-yil 12-iyuldagi 294-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar maktab o‘quvchilarining milliy va umummadaniy tayanch kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qildi;
zamonaviy maktablarda tarix fanidan rivojlantiruvchi ta’lim muhitini tashkil etish metodikasi o‘quvchilarda mantiqiy va tizimli fikrlash, ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ta’lim integratsiyasini ta’minlash, tarixiy an’analar va qadriyatlarni o‘quvchilarga singdirish bo‘yicha taklif va tavsiyalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanali DM “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan efirga uzatilgan “Ta’lim va taraqqiyot” hamda “Bolalar uchun” nomli dasturlar ssenariysi tayyorlanishida foydalanildi (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2024-yil 19-iyuldagi 04-36-863-son ma’lumotnoma). Natijada, takomillashtirilgan metodika maktab o‘quvchilarining tarix fanidan kommunikativ tayanch kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qilgan.