Xojieva Ro‘zigul Xudayberdievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Pora olish-berishda vositachilik qilish uchun javobgarlik belgilangan jinoyat qonunchiligini takomillashtirish”, 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Yu891
Ilmiy rahbar: O‘razaliev Murodjon Qoraevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Suyunova Dilbar Joldasbaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Hojiev Nosirjon Komilovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatining jinoyat-huquqiy jihatlarini kompleks o‘rganish asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etish, shuningdek, mazkur jinoyatga qarshi kurashishning jinoyat-huquqiy choralarini takomillashtirish hamda mazkur jinoyatni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilishga qaratilgan ilmiy-nazariy xulosalar, qonunchilikka takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash sababli davlat xizmatchisi o‘z faoliyati davomida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, beg‘araz va xolis bo‘lishi, xizmat mavqeidan shaxsiy va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi lozimligi, shuningdek, xizmat faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolarning faoliyatiga qonunga xilof ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymasligi zarurligi ilmiy asoslangan;
sport musobaqalari natijalarining xolisligini, sport faoliyatining adolat tamoyillarini ta’minlash va uning jamiyatdagi nufuzini saqlab qolish sababli sport musobaqalari natijalarini yoki ularning borishini qasddan o‘zgartirish maqsadida sportchining, trenerning, sport hakamining yoxud sport musobaqalari boshqa ishtirokchilarining va tashkilotchilarining ular bajarishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora evaziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilash lozimligi asoslangan;
davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, xizmat ko‘rsatish sifati va davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish sababli pora berish yoki vositachilik holatiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat vaqtida beg‘araz va xolis bo‘lishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi lozimligiga oid axloqiy va etika qoidalari belgilanishi zarurligi asoslangan;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish, shaffoflikni oshirish va yuridik shaxslarning boshqaruv organlarida g‘ayriqonuniy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlarini cheklash sababli affillangan shaxslarning pora olish-berishda vositachilik qilish ehtimolini minimallashtirish, butunlay cheklash maqsadida, yuridik shaxs ustav fondida ulushi bo‘lgan yaqin qarindoshlar aksiyalarga egalik qilsa yoki tashkilotda boshqaruv organi xodimi bo‘lsa, ular affillangan shaxslar deb e’tirof etilishi lozimligi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyatida poraxo‘rlikka oid jinoyatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish maqsadida davlat xizmatini amalga oshirishda beg‘araz va xolis bo‘lish, o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanmaslik, shuningdek xizmat faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolarning faoliyatiga qonunga xilof ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik singari majburiyatlar yuklatilishi zarurligiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi O‘RQ–788-son “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasining 7-xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 14-fevraldagi
01/q-08-26-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning tatbiq etilishi davlat fuqarolik xizmatchisining o‘z xizmat mavqe’idan shaxsiy va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligiga xizmat qiladi;
sportchi, trener, sport hakami yoxud sport musobaqalarining boshqa ishtirokchilari va tashkilotchilari o‘z vakolati doirasidagi muayyan harakatni pora evaziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoxud bajarmasligi korrupsion qilmish sanalganligi sababli bunday qilmishni kriminalizatsiya qilish lozimligi to‘g‘risidagi taklifdan 2024-yil 4-noyabrdagi O‘RQ–988-son “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining JKga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 14-noyabrdagi 3/08-225-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning tatbiq etilishi sport musobaqalari tashkilotchilari va ishtirokchilarini pora evaziga og‘dirib olishda ifodalanadigan qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilgan;
pora berish yoki vositachilik holatiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat vaqtida beg‘araz va xolis bo‘lishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi lozimligiga oid axloqiy va etika qoidalari belgilanishiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi O‘RQ–788-son “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining
12-moddasining 5-xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 14-fevraldagi 01/q-08-26-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning tatbiq etilishi davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat faoliyati davomida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligiga oid normaning shakllanishiga xizmat qilgan;
manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha yaqin qarindoshlar, ularning yuridik shaxs ustav fondida ulushi bo‘lsa yoki aksiyalarga egalik qilsa yoki tashkilotda boshqaruv organi xodimi bo‘lsa davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb topilishi kerakligi to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi O‘RQ–931-son “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 8-sentyabrdagi 3/dn-172-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiq etilishi davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslarni aniqlashtirishga xizmat qilgan.