Buxorov G‘iyos Xolboy o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston florasida tarqalgan Fritillaria L. (Liliaceae) turlari», 03.00.05 – Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/B865.
Ilmiy rahbar: Turginov Orzimat Turdimatovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/30.06.2020.B.70.03.
Rasmiy opponentlar: Esanov Husniddin Qurbonovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Xoshimov Xushbaxt Rustamjon o‘g‘li, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston florasida tarqalgan Fritillaria turlarini taksonomik tarkibi, geografik tarqalishi va ekologik xususiyatlarini aniqlash hamda tirik kolleksiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston florasi uchun Fritillaria baisunensis va F.rugillosa turlari ilk bor aniqlangan hamda Fritillaria yakutii Turginov et Tojibaev turi Fritillaria turkumi uchun yangi tur sifatida tavsiflangan;
Fritillaria turlari xloroplast genomlari uzunligi, gen tarkibi va SSR tuzilmasining barqarorligi, rbcL–accD va accD–psaI mintaqalari eng yuqori o‘zgaruvchan hududlar ekanligi, F. olgae, F. ferganensis, F. eduardii va F. sewerzowii yangi turkumosti darajasidagi evolyusion guruhni tashkil etishi asoslangan;
Farg‘ona-Oloy okrugining turlarga boyligi, F. karelinii eng keng tarqalgan tur ekanligi, F. baisunensis va F. ferganensis endem turlar sifatida ma’lum hududlarda cheklangan holda tarqalganligi ochib berilgan;
turlar xilma-xilligi va o‘sishi uchun optimal sharoitlar +9°-10°S harorat, 401–500 mm yog‘in va 1201–1400 metr balandlikda namoyon bo‘lishi, kelajakda F. baisunensis arealining kengayishi, F. bucharica va F. eduardii arealining qisqarishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston florasida tarqalgan Fritillaria L. (Liliaceae) turlarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekistonda tarqalgan Fritillaria turkumi vakillarining tirik kolleksiyasini yaratish bo‘yicha olingan natijalar va ishlab chiqilgan chora-tadbirlar Toshkent Botanika bog‘i geofit turlarini ex-situ sharoitida ko‘paytirish faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 12 fevraldagi 4/1255-312-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘simlik namunalari Toshkent Botanika bog‘i geofitlar kolleksiya fondini boyitgan va ilmiy loyihalarda filogenetik, molekulyar va biologik tadqiqotlar olib borish imkonini bergan;
O‘zbekiston florasida tarqalgan Fritillaria turkumi vakillarining tabiiy o‘sish hududidan terib tayyorlangan 457 ta gerbariy na’munalari asosidagi ma’lumotlar Global bioxilmaxillik ma’lumotlari tizimiga (www.gbif.org, GBIF) kiritilgan (Global bioxilmaxillik ma’lumotlari bazasining 2024 yil 5 martdagi 004-sertifikati). Natijada, GBIF portali o‘simliklar turkumi bazasini boyitish va Fritillaria turlarini geografik va filogenik global tahlil qilish imkonini bergan.