Barakaev Lazizjon Otaqulovichning
yuridik fanlar doktori (DSc) himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Jinoyat ishlarini yuritishda maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning nazariy-huquqiy va amaliy muammolari”, 12.00.09 - Jinoyat protsessi, kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Yu296. 
Ilmiy maslahatchi: Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi, DSc.31/31.12. 2020.Yu.67.01 
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Suyunova Dilbar Joldasbaevna; yuridik fanlar doktori, professor Muminov Bekzod Abduvaxobovich, yuridik fanlar doktori, professor Qo‘chqorov Xayrulla Zikrillaevich .
Yetakchi tashkilot: Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jinoyat ishlarini yuritishda maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanish bo‘yicha milliy qonunchilik va amaliyot samaradorligini oshirish, uni takomillashtirish yuzasidan taklif, tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
iqtisodiy ekspertizalarning respublikamizda mavjud bo‘lmagan turlarini tadqiq qilish zaruratidan kelib chiqqan holda yangi ekspertiza va tadqiqot turlarini joriy etish, ushbu iqtisodiy ekspertiza-larni o‘tkazishda sun’iy intellektdan foydalangan holda huquqbuzarlik faktini  aniqlash, shuningdek, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida ish bo‘yicha tayinlangan iqtisodiy ekspertizalarni 
“E-material”, “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” dasturiy ta’minotlari orqali “E-ekspertiza” axborot tizimiga yuborish orqali o‘zaro elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, yangi turdagi iqtisodiy ekspertiza turlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va tergov organlari xodimlarining malakasini oshirishga oid takliflar asoslantirilgan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlarga taftish muddatini uzaytirish vakolatini berish, tergov organlarini zamonaviy kriminalistik uskunalar bilan jihozlash, ular faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini, shu jumladan, sun’iy intellektni joriy qilish, sud ekspertizasini onlayn tayinlash va yuborish hamda ekspertiza xulosasini onlayn olish tizimini joriy qilish, tergov harakatlariga oid bayonnomalar hamda sud ekspertizasini tayinlash haqidagi qarorlarni sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida elektron rasmiylashtirish lozimligi asoslantirilgan;
taftish o‘tkazish uchun tayinlanadigan shaxslar sifatida ko‘rsatilgan vakolatli organlar, ularning nomlanishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘yicha takliflar, tergov va sud harakatlarini yuritish hujjatlari va ma’lumotlar bilan bir qatorda elektron ma’lumotlarni dalil sifatida qabul qilish haqidagi takliflar asoslantirilgan;
taftish hujjatlarini dalil turi sifatida belgilash, himoyachi, jabrlanuvchi va uning vakilini ham ekspertiza tayinlash va o‘tkazishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi singari alohida huquqlarga ega bo‘lgan shaxslar qatoriga kiritish, taftish muddatlarini kalendar` kun emas, balki ish kuni bilan belgilash lozimligi asoslantirilgan;
tergovga qadar tekshiruv, tergov va sud muhokamasini o‘tkazishda dalillarni topish, olish va mustahkamlash jarayoniga mutaxassis chaqirilishi, mutaxassis zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmasa ish yuritishda ishtirok etishdan voz kechishi, mutaxassis qonunda belgilangan tartibda ogohlantirilgan hollarda majburiyatlarini buzgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi, mutaxassisning yozma fikri va unga qo‘yilgan talablarni belgilash lozimligi asoslantirilgan;
“E-tergov” dasturiy ta’minoti orqali mutaxassislarni ishga jalb qilish bo‘yicha so‘rovlar yuborish va javoblarini olish, protsessual qarorlarni elektron yuborish imkoniyatini yaratish, “E-tergov” dasturiy ta’minotidagi hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasining mutaxassis ishtiroki va uning javobgarligi qismini shakllantirish lozimligi asoslantirilgan;
tergovda mutaxassis ishtirokisiz olingan elektron ma’lumotlarni nomaqbul dalillar deb topishga oid takliflar asoslantirilgan;
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga tergov vakolatlari berilishi va unga taalluqli ishlarni belgilash zarurligi asoslantirilgan;
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jinoyat ishlarini yuritishda maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishga oid tadqiqot natijalari quyidagilarda o‘z ifodasini topgan:
iqtisodiy ekspertizalarning yangi turlarini joriy etish va ular bo‘yicha surishtiruv va tergov organlari xodimlarining malakasini oshirish,  ekspertizalarni o‘tkazishda sun’iy intellektdan foydalanish, iqtisodiy ekspertizalarni “E-material”, “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” dasturiy ta’minotlari orqali “E-ekspertiza” axborot tizimiga yuborish to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 
PQ–270-sonli qarorining tegishlicha 2, 4-bandlari “a”, “b” kichik bandlari, 
8-bandi “d” kichik bandini hamda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Dasturning 21-bandini tayyorlashda inobatga olingan (X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2025 yil 24 sentyabrdagi 29/1-1341-son dalolatnomasi). Mazkur taklif yangi turdagi iqtisodiy ekspertiza va tadqiqot turlarini, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi;
Viloyatlar hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlarga taftish muddatini uzaytirish vakolatini berish, tergov organlarini zamonaviy kriminalistik uskunalar bilan jihozlash, ular faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini, shu jumladan, sun’iy intellektni joriy qilish, sud ekspertizasini onlayn tayinlash va yuborish hamda ekspertiza xulosasini onlayn olish tizimini joriy qilish, tergov harakatlariga oid bayonnomalar hamda sud ekspertizasini tayinlash haqidagi qarorlarni sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida elektron rasmiylash-tirishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tergov faoliyatini yanada takomillashtirish hamda tergov sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasining 1, 5 va 10-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2025 yil 8 apreldagi dalolatnomasi). Bu takliflar taftishda qonuniylikni ta’minlash, tergov organlarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, video qayd etish tizimi, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali tergovning sifatini va shaffofligini oshirishga xizmat qiladi;
taftish o‘tkazish uchun tayinlanadigan shaxslar sifatida ko‘rsatilgan vakolatli organlar, ularning nomlanishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘yicha takliflar, tergov va sud harakatlarini yuritish hujjatlari va ma’lumotlar bilan bir qatorda elektron ma’lumotlarni dalil sifatida qabul qilishga oid takliflardan JPKning 1873-moddasi, 87-moddasi birinchi qismi, 345-moddasi birinchi, ikkinchi, beshinchi va ettinchi qismlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2025 yil 10 martdagi dalolatnomasi). Bu takliflar tergov organlari uchun dalillarni to‘plash jarayonini takomillashtirish, elektron ma’lumotlardan foydalanish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatlarni aniqlashtirish orqali jinoyatlarni samarali ochishga xizmat qiladi;
taftish hujjatlarini dalil turi sifatida belgilash, himoyachi, jabrlanuvchi va uning vakilini ham ekspertiza tayinlash va o‘tkazishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi singari alohida huquqlarga ega bo‘lgan shaxslar qatoriga kiritish, taftish muddatlarini kalendar` kun emas, balki ish kuni bilan belgilashga oid takliflardan JPKning yangi tahrirdagi loyihasining tegishlicha 103-moddasining ikkinchi qismini, 220-moddasining nomi va birinchi qismini, 236-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2024 yil 18 noyabrdagi dalolatnomasi). Bu takliflar taftish hujjatlarini dalil sifatida e’tirof etish, barcha tomonlarning protsessual huquqlarini kengaytirish va taftish muddatlarini optimallashtirish orqali jinoyat protsessining samaradorligini oshirishga qaratilgan;
tergovga qadar tekshiruv, tergov va sud muhokamasini o‘tkazishda dalillarni topish, olish va mustahkamlash jarayoniga mutaxassis chaqirilishi, mutaxassis zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmasa ish yuritishda ishtirok etishdan voz kechishi, mutaxassis qonunda belgilangan tartibda ogohlantirilgan hollarda majburiyatlarini buzgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi, mutaxassisning yozma fikri va unga qo‘yilgan talablarni belgilashga oid takliflar JPKning yangi tahrirdagi loyihasining 64-moddasi birinchi qismini, beshinchi qismi oltinchi xatboshisini, ettinchi qismini, 65-moddasini ishlab chiqishda inobatga olingan (Bosh prokuraturaning 2024 yil 18 noyabrdagi dalolatnomasi). Ushbu takliflar mutaxassislarning sud-tergov jarayonidagi ishtirokini tartibga solish, ularning huquqiy maqomini aniqlashtirish va javobgarligini belgilash orqali odil sudlovning sifatini oshirishga xizmat qiladi;
“E-tergov” dasturiy ta’minoti orqali mutaxassislarni ishga jalb qilish bo‘yicha so‘rovlar yuborish va javoblarini olish, protsessual qarorlarni elektron yuborish imkoniyatini yaratish, “E-tergov” dasturiy ta’minotidagi hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasining mutaxassis ishtiroki va uning javobgarligi qismini shakllantirishga oid takliflardan prokuratura organlarida “E-tergov” dasturiy ta’minotini yaratish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 2, 3 va 9-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2024 yil 7 oktyabrdagi dalolatnomasi). Bu takliflar “E-tergov” dasturiy ta’minotini takomillashtirish, uni boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyalash, elektron hujjat almashinuvini joriy etish va tergov xodimlarining malakasini oshirish orqali tergov faoliyatining samaradorligini va sifatini yaxshilashga xizmat qiladi;
tergovda mutaxassis ishtirokisiz olingan elektron ma’lumotlarni nomaqbul dalillar deb topilishiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 21 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1003-son Qonunining 1-moddasi 8-bandi (JPKning 951-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha)ni ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025 yil 24 sentyabrdagi 9/dn-192-son dalolatnomasi). Mazkur taklif dalillarni olishda qonuniylik va adolat mezonlariga rioya qilinishini ta’minlashga hamda dalillar maqbulligiga oid qonunchilikni zamonaviy sharoitlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi;
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentga tergov vakolatlari berilishi va unga taalluqli ishlarni belgilashga oid takliflaridan O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 25 fevraldagi “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1038-son Qonunining 1-moddasi 1, 2, 5, 6-bandlari (JPKning 35, 1873, 345, 3812-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar)ni shakllantirishda foydalanilgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025 yil 24 sentyabrdagi 9/dn-192-son dalolatnomasi). Ushbu taklif iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi;
tadqiqot ishida berilgan takliflardan “2025–2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonda jinoyat ishlarini tergov qilishda maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanish istiqbollari” nomli Konsepsiya, “Jinoyat ishi yuzasidan taftish tayinlash, o‘tkazish, uning natijalarini rasmiylashtirish va hal qilish bo‘yicha Yo‘riqnoma” hamda “Soliq organlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom loyihalarini ishlab chiqishda bevosita foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2025 yil 27 oktyabrdagi 15/02-2-2025-son dalolatnomasi). Bu takliflar jinoyat ishlarini tergov qilishda maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishga oid qonunchilik va amaliyotni takomillashtirishga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish