Imomnazarov Alisher Xasanovichning
yuridik fanlar doktori (DSc) himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Ko‘zdan kechirish institutini nazariy-huquqiy va amaliy muammolari”, 12.00.09 - Jinoyat protsessi, kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Yu299.
Ilmiy maslahatchi: Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi, DSc.31/31.12. 2020.Yu.67.01 
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Vaxabjan Karimov; yuridik fanlar doktori, professor Kulmatov Sharof Asadovich, yuridik fanlar doktori, professor Raxmonova Surayyo Maxmudovna.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat yuridik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ko‘zdan kechirish institutini nazariy-huquqiy va amaliy muammolarini o‘rganish va ulardan kelib chiqib ushbu institutni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ko‘zdan kechirish chog‘ida topilgan va olingan barcha izlar, narsalar, hujjatlar bilan birga elektron ma’lumotlar ham bayonnomada ko‘rsatilishi kerakligi, elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib olish tartibini belgilash lozimligi asoslantirilgan;
dalillar taqdim etilgan ashyolar va hujjatlar bilan bir qatorda elektron ma’lumotlarni qabul qilish orqali ham to‘planishi, raqamli dalillar bilan bog‘liq ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish chog‘ida ko‘rsatuvlarning ishonchliligini masofadan turib tekshirish uchun axborot tizimlaridan foydalanilishi mumkinligi asoslantirilgan;
raqamli dalillarni dalil turi sifatida belgilash, davlat sirlari bo‘lgan narsalarni yoki hujjatlarni yoxud elektron ma’lumotlarni ko‘zdan kechirish tartibini belgilash, ko‘zdan kechirish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganda mutaxassis ishtirokisiz olingan elektron ma’lumotlar nomaqbul dalillar deb topilishi, elektron ma’lumotlarni ko‘zdan kechirish ob’ekti sifatida belgilash, elektron ma’lumotlarni ko‘zdan kechirish tartibini belgilash lozimligi asoslantirilgan;
sud-tibbiy ekspertizasi amaliyotiga virtual autopsiya tadqiqotini bosqichma-bosqich joriy etish lozimligi asoslantirilgan;
hodisa joyini ko‘zdan kechirgan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov organlari tomonidan sudga oid ekspertizalar tayinlash jarayonini raqamlashtirish va uni “E-ekspertiza” elektron axborot tizimiga yuborish orqali ekspertiza muassasalari bilan o‘zaro elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan;
ko‘zdan kechirishga oid tergov amaliyotini va qonunchilikni takomillashtirish, tergovchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish tartibini belgilovchi konsepsiya ishlab chiqish hamda hodisa joyini ko‘zdan kechirish tartibini belgilovchi Yo‘riqnoma normalarini moddiy texnik bazasini yangilash va axborot tizimlarini kiritish orqali takomillashtirish lozimligi asoslantirilgan;
xolislar ishtirokida o‘tkazilishi shart bo‘lgan tergov harakatlarini audio va videoyozuv vositalaridan foydalangan holda amalga oshirish tartibini kengaytirish, tergovchilarning hodisa joyiga borishini monitoring qilish, tergov harakatlarini rasmiylashtirish jarayonini avtomatlashtirish hamda ularning natijalarini elektron shaklda olish, shuningdek tergov harakatlari ustidan onlayn nazorat qilish lozimligi asoslantirilgan;
hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, dalillarni to‘plashni raqamlashtirish maqsadida ko‘p funksiyali “E-tergov” dasturiy ta’minotini joriy etish, maxsus “planshet”lar orqali sun’iy intellektdan foydalanish kerakligi asoslantirilgan;
turar joy va boshqa ko‘chmas mulk daxlsizligi qonun bilan kafolatlanishi, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari hech kim birovning turar joyiga yoki boshqa ko‘chmas mulkiga uning ixtiyoriga qarshi kirishi mumkin emasligi asoslantirib berilgan;
ko‘zdan kechirish jarayonida faqatgina jinoyat ishiga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan buyumlar olib qo‘yilishi, shuningdek ko‘zdan kechirish vaqtida jinoyat ishiga aloqador bo‘lmagan, biroq taqiqlangan yoki boshqa jinoyatga daxldor ashyolar aniqlangan taqdirda ular olib qo‘yilishi mumkinligi va bu haqda bayonnomada qayd etilishi lozimligi asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ko‘zdan kechirishni takomillashtirishga oid tadqiqot natijalari quyidagilarda o‘z ifodasini topgan:
ko‘zdan kechirish chog‘ida topilgan va olingan barcha izlar, narsalar, hujjatlar bilan birga elektron ma’lumotlar ham bayonnomada ko‘rsatilishi kerakligi haqidagi taklifdan JPKning 141-moddasi ikkinchi qismiga o‘zgartirish kiritishda, elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilish tartibini belgilashga oid taklifidan JPKning 2041-moddasi uchinchi qismini shakllantirishda foydalanilgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025 yil 24 sentyabrdagi 9/dn-191-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi ko‘zdan kechirishda topilgan elektron ma’lumotlarni rasmiylashtirishni takomillashtirish va mutaxassisning ularni to‘g‘ri qabul qilib olish tartibini belgilashga xizmat qiladi;
elektron ma’lumotlarni qabul qilish orqali ham dalillar to‘planishi mumkinligi haqidagi taklifdan JPKning 87-moddasi birinchi qismini o‘zgartirishda, raqamli dalillar bilan bog‘liq ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish chog‘ida axborot tizimlaridan foydalanilishi mumkinligi to‘g‘risidagi taklifdan JPKning 132-moddasini to‘rtinchi qism bilan to‘ldirishda foydalanilgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025 yil 24 sentyabrdagi 9/dn-191-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi raqamli texnologiyalar yordamida ko‘rsatuvlarning ishonchliligini masofadan tekshirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi;
raqamli dalillarni dalil turi sifatida belgilash, elektron ma’lumotlarni ko‘zdan kechirishdagi tartibini belgilash, ko‘zdan kechirish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganda mutaxassis ishtirokisiz olingan elektron ma’lumotlar nomaqbul dalillar deb topilishi, elektron ma’lumotlarni ko‘zdan kechirish ob’ekti sifatida belgilashga oid takliflardan JPKning tegishlicha 81-moddasi ikkinchi qismi, 89-moddasi birinchi qismi, 951-moddasi to‘rtinchi qismi, 135-moddasi birinchi qismi hamda 140-moddasi birinchi va ikkinchi qismlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2024 yil 24 dekabrdagi dalolatnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi raqamli dalillarning protsessual maqomini mustahkamlash va ulardan tergov jarayonida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi;
sud-tibbiy ekspertizasi amaliyotiga virtual autopsiya tadqiqotini joriy etishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 
8 sentyabrdagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-270-sonli qarorining 11-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining 2025 yil 24 sentyabrdagi 01-03/1431-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi ko‘zdan kechirish samaradorligini oshirishga va o‘lim sabablarini aniqlashning yangicha usullarini joriy etishga xizmat qiladi;
hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonini raqamlashtirish va uni 
“E-ekspertiza” axborot tizimi orqali yuborish hamda elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish haqidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–270-sonli qarori 2, 4-bandlarining “a”, “b” kichik bandlarini hamda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Dasturning 
37-bandini tayyorlashda inobatga olingan (X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2025 yil 24 sentyabrdagi 29/1-1341-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi ko‘zdan kechirish natijasida olingan dalillarni ekspertiza tekshiruvi uchun yuborilishi mexanizmlarini yanada soddalashtirishga hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi;
ko‘zdan kechirishga oid tergov amaliyotini va qonunchilikni takomillashtirish, tergovchilarning malakasini  oshirish  va  qayta  tayyorlash  tizimini qayta ko‘rib chiqish, ko‘zdan kechirishga oid moddiy texnik baza va axborot tizimlarini yangilashga oid takliflardan “Hodisa sodir bo‘lgan joy holatini o‘zgartirish, dalillarni yo‘qotish yoki yo‘q qilishning oldini olishga qaratilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni ko‘rish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning yangi loyihasini ishlab chiqishda, shuningdek “2025–2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasida ko‘zdan kechirish tergov harakatini takomillashtirish istiqbollari” nomli Konsepsiya loyihasini tayyorlashda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2025 yil 27 oktyabrdagi 15/02-1-2025-sonli dalolatnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi ko‘zdan kechirishga oid tergov amaliyotini va qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi;
xolislar ishtirokida o‘tkazilishi shart bo‘lgan tergov harakatlarini audio va videoyozuv vositalaridan foydalangan holda amalga oshirish tartibini kengaytirishga, tergovchilarning hodisa joyiga borishini monitoring qilish, tergov harakatlarini rasmiylashtirish jarayonini avtomatlashtirish hamda ularning natijalarini elektron shaklda olish, shuningdek tergov harakatlari ustidan onlayn nazorat qilishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tergov faoliyatini yanada takomillashtirish hamda tergov sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasining 5-bandi “b” kichik bandi va 10-bandini ishlab chiqishda inobatga olingan (Bosh prokuraturaning 2025 yil 8 apreldagi dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi ko‘zdan kechirishda dalillarni qayd etishning ishonchliligini oshirish va  shaffofligini ta’minlash orqali jinoyatlarni ochish darajasini yaxshilashga xizmat qiladi;
hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, dalillarni to‘plashni raqamlashtirish maqsadida ko‘p funksiyali “E-tergov” dasturiy ta’minotini joriy etish, maxsus “planshet”lar orqali sun’iy intellektdan foydalanishga oid taklifidan ““E-tergov”  dasturiy ta’minotini yaratish va amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi “Yo‘l xaritasi”ning 1, 3, 5 va 6-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2025 yil 20 yanvardagi dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi tergov jarayonini raqamlashtirish orqali jinoyat ishlari bo‘yicha haqiqatni aniqlash imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tergov harakatlarining sifatini oshirish va xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishga yordam beradi;
turar joy va boshqa ko‘chmas mulk daxlsizligi qonun bilan kafolatlanishi, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari hech kim birovning turar joyiga yoki boshqa ko‘chmas mulkiga uning ixtiyoriga qarshi kirishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi taklifdan yangi tahrirdagi JPK loyihasining 12-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2024 yil 19 noyabrdagi dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi ko‘zdan kechirish tergov harakatini o‘tkazishda turar joy daxlsizligiga oid konstitutsiyaviy huquqlarni himoya qilish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilgan;
ko‘zdan kechirish jarayonida faqatgina ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan buyumlar yoki jinoyat ishiga aloqador bo‘lmagan, biroq taqiqlangan yoki boshqa jinoyatga daxldor ashyolar olib qo‘yilishi mumkinligi va bu haqda bayonnomada qayd etilishi lozimligi to‘g‘risidagi taklifdan yangi tahrirdagi JPK loyihasining 167-moddasining oltinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2024 yil 19 noyabrdagi dalolatnomasi). Bu taklifning joriy etilishi ko‘zdan kechirish tergov harakatini o‘tkazishda qonuniylikni ta’minlash asoslarini mustahkamlashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish