Jumaev Inoyat Zulfiqorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ayrim tabiiy va sintetik biologik faol birikmalarning miokard qisqarish faolligini modulyasiya qilish mexanizmlari”, 03.00.02 – Biofizika va radiobiologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/V261
Ilmiy maslahatchi: Usmanov Pulat Bekmuratovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti Biofizika va biokimyo instituti, DSc.03/30.12.2019.B.01.13.
Rasmiy opponentlar: Kurbannazarova Ra’noxon Sharapovna, biologiya fanlari doktori, professor; Xadjimetov Abdugafur Axatovich, biologiya fanlari doktori, professor; Shomurotov Shavkat Abduganievich, kimyo fanlari doktori;
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: vinkanin va pirazolin indol alkaloidlari, allapinin, amiodaron va etatsizinlarni glisirrizin kislota (GK) va glisirrizin kislotasining monoammoniy tuzi (GKMAT) bilan olingan komplekslarining inotrop, antigipoksant va antiaritmik ta’sirini tavsiflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marta vinkanin va pirazolin indol alkaloidlari aniq musbat inotrop ta’sirga ega ekanligi va kalamush yuragi papillyar muskul qisqarish kuchini nazoratga nisbatan mos ravishda 75% va 45% ga oshirishi aniqlandi;
vinkanin va pirazolinning musbat inotrop ta’siri NCX va SERCA2a modulyasiyasi tufayli kardiomiotsitlarda [Ca2+]in miqdorining ortishi natijasida yurak mushagi qisqarish kuchi oshishining ta’minlanishi aniqlandi;
vinkanin va pirazolinning ijobiy inotrop ta’sirini ta’minlashda yurak hujayrasining sarkoplazmatik retikulumining Ca2+-ATFaza (SERCA2a) yetakchi rol o‘ynashi ko‘rsatildi;
vinkanin va pirazolin alkaloidlari yurak muskulini gipoksiya tufayli kelib chiqadigan shikastlanishdan samarali himoya qilishi, kardiomiotsitlarning KATF-kanalining faollashtirishi va NCX va SERCA2a larni modulyasiyasi tufayli antihipoksik ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi;
GKMAT-Allapinin (8:1), GKMAT-Amiodaronning (8:1) va GKMAT-Etatsizin (4:1) komplekslarining liposomal shakllari komplekslarning o‘zlariga qaraganda ancha aniq manfiy inotrop ta’sirga va antiaritmik faollikka ega ekanligi aniqlandin;
GKMAT-Allapinin, GKMAT-Amiodaron va GKMAT-Etatsizin komplekslarining liposomal shakllari aniqroq manfiy inotrop ta’siri va antiaritmik faolligi ularning kardiomiositlar membranasi bilan kuchli o‘zaro ta’siri va ushbu ta’sir muddatining uzayishi bilan bog‘liqligi ko‘rsatildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ayrim tabiiy va sintetik biologik faol birikmalarning miokard qisqarish faolligini modulyasiya qilish mexanizmlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan yurak ishemik kasalliklarining oldini olish va davolash uchun kardioprotektiv vositaga, ixtiroga patent olindi (IAP № 06753. 2022 y.). Natijada, 2-(3,4-dihidroksifenil)-6-[1-(2’-bromo-4’,5’-dimetoksifenil)-6,7-dimetoksi-3,4-dihidroizokinolin-2(1N)-il]metil-3,5,7-trihidroksi-xroman-4-on (DKV-11) gipoksiya va oksidlovchi stress tufayli yurak muskul qisqarish faolligidagi buzilishlarni samarali tuzatish imkonini bergan;
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan aritmiyaning oldini olish va davolash uchun liposomal shaklidagi aritmiyaga qarshi vositaga, ixtiroga patent olindi (FAP № 02166. 2022 y.). Natijada, GKMAT-Allapinin kompleksining liposomal shakli aritmiya tufayli yurak muskul qisqarish faolligidagi buzilishlarni samarali tuzatish imkonini bergan;
vinkaninning inotrop ta’sir mexanizmini o‘rganish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari ma’lumotlaridan yuqori impakt faktorli xorijiy ilmiy jurnallarda biologik ta’sirlarni tavsiflash uchun ishlatilgan Biomedical and Pharmacology Journal, 2025, 18(2), Scopus CiteScore-1,2, Trends in Sciences, 2025, 22(3), Scopus CiteScore-1,8 va Trends in Sciences, 22(1), Scopus CiteScore-1,8. Natijada indol alkaloidlarning inotrop va antigipoksant xususiyatlari haqida mavjud ma’lumotlarni sezilarli darajada kengaytirish imkonini bergan;
lappokanitin gidrobromid alkaloidi va glisirrizin kislotaning monoammoniy tuzi bilan olingan kompleksi (LG/GKMAT) ta’sir mexanizmi haqidagi ma’lumotlar yuqori impakt faktorli xorijiy ilmiy jurnallarda biologik ta’sirlarni tavsiflash uchun ishlatilgan International Journal of Molecular Sciences 2024, 25(5), Scopus CiteScore-9, Pharmaceutical Chemistry Journal, 2022, 56(8), Scopus CiteScore-1,4 va Chemistry of Natural Compounds, 2024, 60(2), Scopus CiteScore-1,3). Natijada lappokanitin gidrobromid alkaloidi va glisirrizin kislotaning monoammoniy tuzi bilan olingan kompleksining farmakologik xususiyatlari haqida mavjud ma’lumotlarni sezilarli darajada kengaytirish imkonini bergan.