Turdiev Bobir Sobirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Insonning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqini amalga oshirish va ta’minlash: qiyosiy-huquqiy tahlil”, 12.00.13 – Inson huquqlari (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Yu1694
Ilmiy rahbar: Tillabaev Mirzatillo Alisherovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, DSc.39/30.11.2020.Yu/S.128.01
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, dotsent Gulimov Amanlik Bazarbaevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Bafaev Shuxrat Gafurovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi insonning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqini amalga oshirish va ta’minlashning mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha axborotga ega bo‘lish, qarorlar qabul qilishda ishtirok etish va odil sudlovni ta’minlashda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, mazkur yo‘nalishda Orxus konvensiyasiga qo‘shilish zarurati asoslantirilgan;
atrof-muhitga ta’sirni baholashda ochiqlik va oshkoralik hamda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, davlat ekologik ekspertizasi xulosasi bajarilishini monitoring qilish, davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish asoslab berilgan;
fuqarolarning qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqlarini amalga oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash choralarini ko‘rish, ekologik ta’lim va tarbiya tizimini tashkil etish asoslantirilgan;
shovqin, tebranish va inson salomatligi hamda atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa fizik omillar bilan ishlashda sanitariya qoidalari va normalariga rioya etilishini nazorat qilish, inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf yuzaga kelganda tekshirishlar o‘tkazish, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatni cheklashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish asoslab berilgan;
oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarning sanitariya himoya mintaqasiga rioya etilishi, xavflarni nazorat va monitoring qilish, birlamchi ishlab chiqarishda pestisidlarning qo‘llanilishiga rioya qilinishi, sanitariya-gigiena talablari buzilganda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish asoslantirilgan;
iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq inson huquqlari buzilishi jabrlanuvchilari uchun odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydigan mexanizmlarni yaratish va mustahkamlash, shu jumladan ixtisoslashtirilgan mexanizmlar va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini joriy etish asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Insonning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqini amalga oshirish va ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha axborotga ega bo‘lish, boshqaruvda (qarorlar qabul qilishda) ishtirok etish va odil sudlovni ta’minlashda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, mazkur yo‘nalishda Orxus konvensiyasiga qo‘shilish zarurati haqidagi taklif 2025-yil 11-martdagi “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi O‘RQ-1045-sonli Qonunini ishlab chiqilishida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 9-iyuldagi 3/dn-148-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu konvensiyaga qo‘shilish fuqarolarning qulay atrof-muhit huquqlarini kafolatlash hamda ekologik demokratiyani mustahkamlashga ishonchli zamin yaratgan;
atrof-muhitga ta’sirni baholashda ochiqlik va oshkoralik hamda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, davlat ekologik ekspertizasi xulosasi bajarilishini monitoring qilish, davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish haqidagi taklif 2025-yil 24-fevraldagi “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi O‘RQ-1036-sonli Qonunining 5, 24 va 36-moddalarini ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 9-iyuldagi 3/dn-148-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi atrof-muhitga ta’sirni baholashda ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik va davlat hokimiyati organlari vakillarining ishtirokini kengaytirish, davlat ekologik ekspertizasi xulosasiga rioya etilishi ahvolini yaxshilashga imkoniyat yaratgan;
fuqarolarning qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqlarini amalga oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash choralarini ko‘rish, ekologik ta’lim va tarbiya tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar 2024-yil 29-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-951-sonli Qonunining 1-moddasi uchinchi bandini ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 9-iyuldagi 3/dn-148-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi atrof-muhit muhofazasi, fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish ahvolini yaxshilash va ekologik xabardorlikni oshirishga xizmat qilgan;
shovqin, tebranish va inson salomatligi hamda atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa fizika omillar bilan ishlashda sanitariya qoidalari va normalariga rioya etilishini nazorat qilish, inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf yuzaga kelganda tekshirishlar o‘tkazish, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatni cheklashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishga oid takliflar Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 48-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomning 10-11-bandlarida o‘z ifodasini topgan (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2025-yil 22-avgustdagi 02-21/8186-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi sanitar osoyishtalikni ta’minlashga mas’ul davlat boshqaruvi organi faoliyati va uning vakolatlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarning sanitariya himoya mintaqasiga rioya etilishi, xavflarni nazorat va monitoring qilish, birlamchi ishlab chiqarishda pestisidlarning qo‘llanilishiga rioya qilinishi, sanitariya-gigiena talablari buzilganda, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga oid takliflar Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 16-dekabrda hisobga olingan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligining umumiy sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlarining 8, 10-13, 73-75-bandlarini ishlab chiqilishida (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2025-yil 22-avgustdagi 02-21/8186-son ma’lumotnomasi) foydalanilgan. Ushbu taklifning amalga oshirilishi insonning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqining moddiy komponenti hisoblangan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shgan;
iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq inson huquqlari buzilishi jabrlanuvchilari uchun odil sudlovdan foydalanishni ta'minlaydigan mexanizmlarni yaratish va mustahkamlash, shu jumladan ixtisoslashtirilgan mexanizmlar va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini joriy etish yuzasidan takliflar “Iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak uchun majburiyatlar va harakatlar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi” (BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi rasmiy hujjati (A/78/999) sifatida 2024-yil 4-sentyabrda tasdiqlangan) 7-bandini (Asosiy tavsiyalar) ishlab chiqilishida (Inson huquqlari bo'yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazining 2025-yil 26-sentyabrdagi 01/1079-son ma’lumotnomasi) foydalanilgan. Mazkur tavsiyalar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq inson huquqlari buzilishida odil sudlovni ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish