Zoxidova Iroda Sodikovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Suv harorati doimiy bo‘lgan sharoitda karp (Cyprinius carpio L.) balig‘ini mavsumdan tashqari ko‘paytirishning biologik asoslari», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/B1169.
Ilmiy rahbar: Kamilov Baxtiyar Ganievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samaqarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.02.08.
Rasmiy opponentlar: Kuzmetov Abdulaxmet Raymberdievich, biologiya fanlari doktori, professor; Narzullaev Sardorbek Baxriddinovich, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston sharoitida karp balig‘ini mavsumdan tashqari ko‘paytirish hisobiga tovar karp baliqlarini bir yilda etishtirishning biologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marta respublikamizdagi sun’iy suv havzalarida urchish davridan tashqari, qo‘shimcha qish mavsumida karp balig‘ini sun’iy ko‘paytirishning biologik imkoniyatlari ilmiy asoslangan;
aprel oyigacha vegetatsiya mavsumi boshlanishiga qadar baliq chavoqlarini etishtirish istiqbollari va baliqchilik qafaslari sharoitida karp balig‘i chavoqlarini etishitirishning biologik asoslari ishlab chiqilgan;
O‘zbekistonning tekislik qismidagi lentik suv havzasida joylashgan baliqchilik qafaslarida karp balig‘ini tovar baliq holatigacha bir qator tarkibida protein miqdori 30-35% bo‘lgan sanoat emlaridan foydalangan holda etishitirish imkoniyatlari ilmiy asoslangan;
karp balig‘i jinsiy voyaga etish tezligi sanoat baliqchiligi sharotida hovuz baliqchiligi sharoitiga nisbatan tezroq ekanligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Suv harorati doimiy bo‘lgan sharoitda karp (Cyprinus carpio L.) balig‘ini mavsumdan tashqari ko‘paytirishning biologik asoslari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yopiq suv ta’minoti qurilmasida qish oyida karp baliqlarini ko‘paytirish, lichinkalarini chavoqlargacha parvarishlash, baliq chavoqlarini ko‘chirishga tayyorlash, yaylov hovuzlariga ko‘chirish muddati, ko‘chirish paytidagi parvarishlash qoidalari, baliq chavoqlarini hayotining birinchi yilida tovar baliq o‘lchamlarigacha etkazish bo‘yicha tavsiyalar “Oq Amur Baliqlari” fermer xo‘jaligidagi amaliyotga joriy qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 29 maydagi 05/06-02-394-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mamlakatimizda iqtisodiy jihatdan qulay bo‘lgan, tovar karp baliqlarini etishtirishning ikki yillik siklini bir yilga qisqartirish imkonini bergan;
hajmi 20 m3 bo‘lgan qafasga o‘rtacha og‘rligi 30 g bir yoshli 1300 ta karp baliqlarini saqlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan karp baliqlari uchun tayyorlangan BDK (proteini 35%) emi bilan boqish hamda mavsumdan tashqari olingan karp baliqlarining uch oylik chavoqlarini saqlash va hovuzlarda intensiv parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib “Samarqand baliq tayorlov savdo” MChJ amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 29 maydagi 05/06-02-394-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tovar karp baliqlarini ikki yillik siklda emas bir yilda etishtirish orqali rentabellilik darajasini 50%ga etkazish, katta yoshda ota-ona baliqlar to‘dasini saqlash uchun talab etiladigan 3 ga (1 ga, 2 yoshli baliqlarga, 2 ga, 3 yoshli baliqlarga) yoki 30 000 m2 o‘rniga 15 m2 dan foydalanish imkonini bergan.