Nazarova Firuza Ilxomovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Buxoro viloyati sharoitida ingichka tolali g‘o‘za navlarini etishtirishning ekofiziologik xususiyatlari», 03.00.07 – O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/V606.
Ilmiy rahbar: Xolliev Askar Ergashovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.V.72.02.
Rasmiy opponentlar: O‘roqov Srojiddin Xudoyberdievich, biologiya fanlari doktori, professor; Matniyazova Hilola Xidayberganovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: ingichka tolali G.barbadense L. g‘o‘za navlarining fiziologik va mahsuldorlik ko‘rsatkichlariga muhit omillari ta’sirining ekofiziologik xususiyatlarini  aniqlash, stressga chidamli genotiplarni asoslash orqali Buxoro viloyatining suv tanqis va sho‘rlangan tuproqlar sharoitida ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
laboratoriya tajribalari asosida urug‘larining unuvchanlik darajasi, ildizlarning o‘sishi faolligi, poyaning uzunligi, barg sathi, ildiz hajmi, o‘simtalarning ho‘l og‘irligi, barglardagi umumiy suv miqdori va boshqa ko‘rsatkichlarga suv tanqisligi va sho‘rlashishning ta’siri navlar kesimida qiyosiy baholangan;
dala tajribalari sharoitida ingichka tolali g‘o‘za navlarining shonalash, gullash va ko‘saklash bosqichlarida transpiratsiya jadalligi, barglardagi umumiy suv miqdori, barglarning kunduzgi va qoldiq suv tanqisligiga namlik darajalarining ta’siri  aniqlangan;
ingichka tolali g‘o‘za navlarida hujayra shirasining quyuqlik darajasi, hujayra shirasining osmotik bosimi, fotosintez jadalligi, nafas olish jadalligi genotiplar kesimida solishtirma baholangan va sho‘rlanish darajalariga bog‘liqligi isbotlangan;
ingichka tolali g‘o‘za navlari mahsuldorligiga stress omillarning ta’siri navlarning bo‘yiga o‘sish dinamikasi, navlar barg sathining kengayishi, fotosintez sof mahsuldorligi, hosil va sifat ko‘rsatkichlarinining o‘zgarganligi bilan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Buxoro viloyati sharoitida  ingichka tolali g‘o‘za navlarini etishtirishning ekofiziologik xususiyatlari  bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tuproqdagi suv tanqis sharoitda ingichka tolali g‘o‘za (Termiz-202, Termiz-208, SP-1607, Surxon-16, Surxon-18) navlarida o‘rganilgan fiziologik va mahsuldorlik ko‘rsatkichlarlar qiymatining navlar kesimida har xil darajada o‘zgarishi  navlarning biologik xossalariga bog‘liqligi aniqlangan hamda suv tanqisligi va tuproq sho‘rlanishiga ekofiziologik chidamlilik va moslashish potensiali yuqori bo‘lgan SP-1607 va Termiz-208 navlarni ekish agrotexnologiyasi Buxoro viloyati Kogon tumani “Akram bobo nabirasi Gulshoda” fermer xo‘jaligi amaliyotiga joriy etilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 10 maydagi 05/04-04-226-son ma’lumotnomasi). Natijada, ingichka tolali g‘o‘zaning SP-1607 va Termiz-208 navlaridan suv tanqis sharoitda 37,9-35,4 va o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlar sharoitida esa 37,1-34,8 s/ga yuqori va sifatli hosil olish imkonini bergan;
ingichka tolali g‘o‘zaning Termiz-202, Termiz-208, SP-1607, Surxon-16, Surxon-18 navlarini sho‘rlangan tuproqlar sharoitida fiziologik va mahsuldorlik ko‘rsatkichlari suv tanqisligi va sho‘rga nisbatan chidamlilik darajasi bilan bevosita bog‘liqligi hamda sho‘rlangan tuproqlarda moslashish ko‘rsatgichlari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyanoma Buxoro tumani “Buxoro bahor obod erlari” fermer xo‘jaligiga amaliyotiga joriy qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 10 maydagi 05/04-04-226-son ma’lumotnomasi). Natijada, ingichka tolali g‘o‘za navlari suv tanqisligi va sho‘rga bo‘lgan moslashish munosabatiga ko‘ra uchta (chidamli, o‘rtacha chidamli va chidamsiz) guruhlarga ajratilib, shu asosda ularni suv tanqis va har xil darajada sho‘rlangan maydonlarga mos ravishda joylashtirish hisobiga yuqori va sifatli hosil olish imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish