Yakubov Baxtiyor Chorievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasi va uning sahnaviy talqini”, 17.00.01–Teatr san’ati (san’atshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/San19.
Ilmiy rahbar: Bayandiev Teshaboy Bayandievich, san’atshunoslik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: San’atshunoslik instituti, DSs.27.06.2017.San.51.01.
Rasmiy opponentlar: Turdimov Shomirza G‘anievich, filologiya fanlari doktori, professor; Hamidova Marfua Azizovna, san’atshunoslik fanlari doktori, professor; Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasi taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini tadqiq etish asosida dramaturgiya va sahnaviy talqin munosabatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasidagi pesalar davr ehtiyoji hamda tomoshabin talabi asosida vujudga kelayotgani dalillangan;
yangi davr tarixiy asarlarida milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotiradan xulosa chiqarish kabi mavzularning yetakchilik qilgani aniqlangan;
drama janridagi pesalarning o‘tish davri murakkabliklarini ifodalash hamda zamon qahramoni obrazini yaratish kabi ikki bosqichda rivojlangani ochib berilgan;
zamonaviy komediyalar o‘tkir ijtimoiylikdan xoli fol`klor-etnografik tomosha, maishiy va satirik talqinlarda namoyon bo‘layotgani asoslangan;
zamon qahramoni obrazini yaratishdagi izlanishlar bir tomonlama shakllanayotgani, g‘oyaviylik badiiylikka nisbatan ustuvorlik kasb etayotgani isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasi va uning sahnaviy talqini bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jamiyat va ijodkor maqsadlarining uyg‘unligi bilan dramaturgiyadagi badiiy-g‘oyaviy yaxlitlik o‘rtasidagi aloqadorlikning ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotga ta’siri xususidagi tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi”da hamda vazirlik tomonidan tashkil etilgan “Seni kuylaymiz, zamondosh!”, “Debyut” teatr festivallarida, poytaxt hamda viloyat teatrlarining spektakllarini qabul qilish muhokamalarida, teatrlarga tavsiya etilgan pesalarga berilgan taqrizlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2017 yil 19 oktyabrdagi 01-11-07-5085-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarining qo‘llanilishi badiiy ijod jarayonlarini jamiyat estetik taraqqiyoti manfaatlariga yo‘naltirish, mustaqillik davri o‘zbek dramaturgiyasini yaxlit o‘rganish, spektakllarning badiiy hamda g‘oyaviy mutanosibligini ta’minlash, badiiy saviyasi yuksak sahna asarlarini saralash, tomoshabinlarning ma’naviy olamini va estetik didini o‘stirish imkonini bergan;
zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasida mazmun va shakl uyg‘unligi, dramaturg kadrlarni ijtimoiy himoyalash, “mualliflik huquqi” talablarini bajarilishiga doir hamda bugungi kunda ehtiyoj yuqori bo‘lgan tarixiy asarlarni yaratishda tarixiylik va badiiylik, hayotiylik va haqqoniylik masalalari e’tiborga olinishi borasidagi taklif va tavsiyalardan 2016–2017 yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining «Prem`eradan so‘ng» hamda «Ochiq studiya» ko‘rsatuvlari ssenariylarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 17 oktyabrdagi 01–17–767-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvlardagi ilmiy-ijodiy materiallar tomoshabinlarning badiiy saviyasini yuksaltirishda, obrazli tasavvurlarini kengaytirishda hamda yoshlarda vatanparvarlik, milliy iftixor xususiyatlarini shakllantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
bugungi kunda butun dunyoda yuz berayotgan global hamda lokal muammolarning tub ildizlari insoniyat ma’naviy-axloqiy tanazzullari bilan bog‘liqligi, ularni hal qilishda jonli, ta’sirchan teatr vositasining o‘rni beqiyosligi, jamiyatni rivojlantirishda tafakkurni yuksaltirish muhimligi borasidagi amaliy takliflaridan 2016–2017 yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Kinoteatr» telekanalining «Timsol» ko‘rsatuvi qator sonlari ssenariylarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 17 oktyabrdagi 08.14-447-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar ko‘rsatuvlarning ob’ektiv, xolis yondashuv asosida tayyorlanishi, estetik ta’sirchanligi, badiiy-emotsionalligi, tarbiyaviy, ijtimoiy xususiyatini oshirish, tomoshabinlar auditoriyasini kengaytirish bilan birga mamlakatimizda teatr sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mohiyatini ochib berish, teatr san’ati tarixini o‘rganish va targ‘ib qilish asosida yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini yuksaltirish imkonini bergan.