Yunusova Jamila Boltaboevnaning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.  
Shavkat Rahmon she’riyatining lingvopoetik xususiyatlari, 10.00.01 – O‘zbek tili. (Filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1732 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Ilmiy rahbar: Yuldashev Ma’rufjon, filologiya fanlari doktori, professor. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Xakimova Muhayyo Karimovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ahmedova Nargiza Shixnazarovna.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Shavkat Rahmon she’rlaridagi poetik aktuallashgan til birliklarini aniqlash hamda ularni lingvopoetik tadqiq etish orqali shoirning tildan foydalanish mahoratini, o‘zbek adabiy tili rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Shavkat Rahmon she’rlarida qo‘llangan uch sariq ilon, temir pardalar, tuhmat toshi kabi muallif metaforalari, zulfiqor ruh, sokin isyon, tirik so‘z, soqov quduq singari xususiy epitetlar, haqorat – xotirga sanchilgan nayza, muhabbat – chiroyli kapalak kabi individual o‘xshatishlarning emotsional-estetik xususiyatlari dalillangan;
shoir she’rlarida qo‘llangan Muqanna, Iskandar, Chingizxon, Mashrab, Hotam Bilol, Mansur Xalloj singari poetonimlarning badiiy matn serqatlamliligini ta’minlashdagi lingvopoetik imkoniyati, shoir ijod qilgan davr ruhini aks ettiruvchi harbiston, ozodruh, falajruh kabi okkazional birliklar va hulvo, shomurut dialektizmlarining estetik vazifasi asoslangan;
Shavkat Rahmon she’rlarida ironiya orqali mavjud ijtimoiy vaziyatga subektiv munosabat ifodalanishi, Shoirajon, Nodirajon kabi murojaat birliklarining konnotativ ma’no hosil qilishi hamda badiiy matnni takror va xiazmlar vositasida shakllantirishi isbotlangan;
shoir she’rlarida muayyan badiiy maqsad bilan qo‘llanib zid mazmun hosil qilgan tillo oldilar-u zahar berdilar, zig‘irday aybingni shoxga ildilar, mag‘zi qayg‘udan po‘stlog‘i zardan kabi iboralarning lingvopoetik imkoniyati ochib berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Shavkat Rahmon she’rlarining lingvopoetik xususiyatlarini tadqiq qilish natijalari asosida:
Shavkat Rahmon she’riyatining badiiy-g‘oyaviy mazmuni, uning o‘ziga xos badiiy tili, o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni haqidagi ma’lumotlardan; Shavkat Rahmon she’rlarida qo‘llangan uch sariq ilon, temir pardalar, tuhmat toshi kabi muallif metaforalari, zulfiqor ruh, sokin isyon, tirik so‘z, soqov quduq singari xususiy epitetlar, haqorat – xotirga sanchilgan nayza, muhabbat – chiroyli kapalak kabi individual o‘xshatishlarning emotsional-estetik xususiyatlari dalillangan o‘rinlardan; dissertatsiya ilmiy natijalari, xulosa va materiallaridan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021–2023-yillarda bajarilgan PF-201912258 raqamli “O’zbek adabiyotining ko’p tilli (o’zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzudagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 9-iyuldagi 01/4-3024-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha mazmuni yangi materiallar bilan boyigan.
Shavkat Rahmon she’rlarida qo‘llangan Muqanna, Iskandar, Chingizxon, Mashrab, Hotam, Bilol, Mansur Xalloj singari poetonimlarning badiiy matnning serqatlamliligini ta’minlashdagi lingvopoetik imkoniyati, Shoirajon, Nodirajon kabi murojaat birliklarining konnotativ ma’no hosil qilishi va badiiy-estetik vazifasiga oid nazariy xulosalardan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022–2023-yillarda bajarilgan IL-21091506 “O’zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 30-iyuldagi 01/4-3355-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihada tasvirlangan ismlarning izohi yanada mukammallashgan.
Tadqiqotda keltirilgan Shavkat Rahmon ijodining badiiy-g‘oyaviy mazmunini yoritib berishda ironiya, takror va xiazmlarning o‘rni, shoir she’rlarida muayyan badiiy maqsad bilan qo‘llanib zid mazmun hosil qilgan tillo oldilar-u zahar berdilar, zig‘irday aybingni shoxga ildilar, mag‘zi qayg‘udan po‘stlog‘i zardan kabi iboralarning badiiy matnning emotsional ta’sirini oshirishdagi lingvopoetik imkoniyatlari bilan bog‘liq ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanali ijodkorlari tomonidan 2025-yil ikkinchi choragida efirga uzatilgan “Bir asar tarixi” radioeshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanali davlat muassasasining 2025-yil 21-iyuldagi 11-son ma’lumotnomasi). Natijada muallifning ilmiy-nazariy qarashlari va xulosalari asosida eshittirishning mazmuni boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish