Xoshimova Odina Olim qizining
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbek va ingliz tillarida zoonimik frazeologik birliklarning leksik-semantik va leksikografik tadqiqi” mavzusidagi  10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisoslikligi bo‘yicha 
    Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Fil3914
    Ilmiy rahbar: Xoshimova Dildora Madaminovna, filologiya fanlari doktori, professor 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini beruvchi PhD.03.05.05.2023.Fil.163.01. raqamli Ilmiy kengash 
Rasmiy opponentlar:  filologiya fanlari doktori (DSc), professor Abduvaliev Muhammadjon Arabovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Tursunova Nodirabegim Fayzullo qizi.  
Yetakchi tashkilot: Qoʻqon davlat universiteti            
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi. O‘zbek va ingliz tillaridagi zoonimik frazeologik birliklarni leksik-semantik jihatdan qiyosiy tahlil qilish, ularning umumiy va milliy xususiyatlarini aniqlash hamda ushbu birliklar asosida izohli lug‘at tuzishning ilmiy-metodologik mezonlarini belgilashdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: 
o‘zbek va ingliz tillaridagi zoonimik frazeologik birliklarning shakllanishida hayvon nomlari bilan bog‘liq qadimiy ildizlar, madaniy-ma’naviy hamda ijtimoiy muhit ta’siri, mifologik qarashlar va diniy e’tiqodlarning roli kompleks va tizimli yondashuv asosida ilmiy asosda yoritildi. Mazkur birliklar mikrosemanal darajada tipologik tasnif qilinib, ularning har bir guruhiga xos bo‘lgan antroposentrik yo‘nalish, emotsional-baholovchi imkoniyatlar va madaniy-assotsiativ semantik xususiyatlar aniqlandi; 
o‘zbek va ingliz tillaridagi zoonimik frazeologik birliklar nufuzli lug‘atlar materiallari asosida saralanib ajratib olindi, ularning miqdoriy-statistik ko‘rsatkichlari kompleks tahlil etildi, semantik qamrov darajalari qiyosiy jihatdan solishtirildi hamda o‘zbek tilida mazkur birliklarning qo‘llanish imkoniyatlari va tematik faolligi ancha keng ekani ilmiy dalillar asosida asoslab berildi;
zoonimik frazeologik birliklarning grammatik shakllanish mexanizmlari, komponentlar tarkibi va struktur-semantik xususiyatlari aniqlanib, ularning madaniy kontekst, ramziy qatlam (simvolizm), antropomorfik talqinlar hamda lingvistik yangiliklar bilan uzviy bog‘liqligi ilmiy asosda ko‘rsatildi. Tarjima jarayonida qo‘llaniladigan samarali metodlar amaliy misollar asosida asoslab berildi va ularning afzalliklari qiyosiy tahlil qilindi;
o‘zbek va ingliz tillaridagi zoonimik frazeologik birliklarning izohli lug‘atlardagi aks etish tartibi, semantik tuzilishi, etimologik asoslari va stilistik ko‘rsatkichlaridagi tizimli o‘xshashlik hamda tafovutlar keng qamrovli qiyosiy tahlil qilindi. Mazkur tahlillar negizida multimodal, konnotativ va tarjimaviy qatlamlarni o‘zida mujassam etgan innovatsion lug‘at modeli ilmiy asosda ishlab chiqildi.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Oʻzbek va ingliz tillarida zoonimik frazeologik birliklarning leksik-semantik va leksikografik tadqiqi boʻyicha olingan natijalar asosida:
O‘zbek va ingliz tillaridagi zoonimik frazeologik birliklarning leksik-semantik va leksikografik tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar xalqaro miqyosda ham amaliy ahamiyat kasb etdi. Jumladan, Ural Davlat Agrar Universiteti (Rossiya Federatsiyasi) o‘qituvchilari va talabalari ta’lim jarayonida tadqiqotda ishlab chiqilgan ilmiy natijalardan faol foydalanmoqda (spravka UGAU № 10-2-14/33. 13 yanvarya 2025 g). Xususan, zoonimik frazeologik birliklarning tarixiy ildizlari, ularning leksik-semantik tizimlashtirilishi, mikrosemanal guruhlarga ajratilishi va madaniy-assotsiativ xususiyatlariga oid ma’lumotlar ta’lim mazmunini boyitishda qo‘llanildi. Natijada, mazkur materiallar xorijiy til o‘qitish jarayonida lingvokulturologik kompetensiyani shakllantirish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, shuningdek xalqaro ilmiy maqolalar va o‘quv qo‘llanmalar yaratishda manba sifatida xizmat qildi. Tadqiqot natijalari asosida hayvon obrazlari orqali madaniy konnotatsiyalarni talabalarga yetkazish, kognitiv-madaniy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyati yuzaga keldi.
Tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” radiokanalida efirga uzatilgan “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot” hamda “Jahon adabiyoti” dasturlarining ssenariylarini tayyorlash jarayonida tadqiqot natijalarida ishlab chiqilgan hayvon obrazlari asosida madaniy kontekst, ramziy qatlam (simvolizm), antropomorfizm va tarjima usullariga oid xulosalardan foydalanildi. Ushbu ilmiy natijalar dasturlar mazmunini boyitib, ularni tinglovchilar uchun ilmiy-ommabop darajada qiziqarli, ma’rifiy va tushunarli shaklda taqdim etish imkonini berdi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ma’lumotnomasi № 04-36-738, 13.06.2024). Natijada, loyiha materiallari ommaviy axborot vositalarida til va madaniyat o‘rtasidagi uzviy munosabatlarni yoritish, lingvokulturologik bilimlarni keng auditoriyaga yetkazish hamda ilmiy-ommabop kontent yaratishda amaliy qo‘llanma vazifasini o‘tadi.
Tadqiqot natijalari Namangan davlat universitetining “O‘zbek folklorining o‘zbek va ingliz tillarida veb-sayti va multimedia mahsulotini yaratish” nomli fundamental loyihasida bevosita amaliyotga tatbiq qilindi. Xususan, zoonimik frazeologik birliklarning leksik-semantik tahlili, izohli lug‘atlar bilan ishlash metodikasi hamda multimodal, konnotativ va tarjimaviy komponentlarni o‘zida mujassam etgan innovatsion model mazkur loyiha jarayonida qo‘llanildi. Ushbu yondashuv folklor materiallarini o‘zbek va ingliz tillarida xalqaro auditoriyaga taqdim etishda yangicha metodologik asos yaratdi (NamDU ma’lumotnomasi № 751/02-11). Natijada, loyiha materiallari o‘zbek folklorining xalqaro miqyosdagi taqdimoti, tarjima sifatini oshirish va madaniy merosni global ilmiy jamoatchilikka yetkazish imkoniyatlari bilan boyitildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish