Xoliqov Muhriddin Mardiqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Meva-sabzavotli pastila tayyorlashda quritish jarayonini takomillashtirish», 02.00.16 – Kimyo texnologiyasi va oziq-ovqat ishlab chiqarish jarayonlari va apparatlari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/T4602.
Ilmiy rahbar: Djuraev Xayrullo Fayzievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Navoiy davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat texnika universiteti, DSc.03/28.02.2022.T.101.01.
Rasmiy opponentlar: Qurbonov Jamshed Madjidovich, texnika fanlari doktori, professor; Barakaev Nusratilla Rajabovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: meva-sabzavotli pastila tayyorlashda quritish jarayonini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
meva va sabzavotlar pyuresining donadorlik darajasi aralashmaning modulli nisbatiga, aralashtirish jarayonining intensivligiga, ishchi organning konstruksiyasiga, xomashyoning qurilma markazida hamda yon tomonlarida hosil qilinayotgan aralashish traektoriyasiga bog‘liqligi asoslangan;
pastila tarkibidagi namlikning chiqishini jadallashtirish, mikroelementlar, vitaminlarni saqlab qolish, tayyor mahsulotning saqlanish muddatini oshirish maqsadida meva va sabzavotlar pyuresini dastlabki suvsizlantirish bosqichida 400, 600, 800 Vt quvvatda 2450 MHz yuqori chastotali elektromagnit maydonida ishlov berish rejimlari asoslangan;
meva va sabzavotlar pyuresini tayyorlashda ideal aralashish qonuniyatlarini, dastlabki suvsizlantirish va quritish bosqichida namlik va harorat o‘zgarishlarini ifodalovchi matematik model ishlab chiqilgan;
amalga oshirilgan tadqiqotlar asosida, kontaktli issiqlik uzatish prinsipiga asoslangan, vakuum tizimida ishlovchi quritish qurilmasining maqbul konstruksiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Meva-sabzavotli pastila tayyorlashda quritish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
meva va sabzavotlar yanchilmasini tayyorlash, dastlabki suvsizlantirish va pastila olishga mo‘ljallangan kombinatsion quritish qurilmasi “Gala River” qo‘shma korxonasida joriy etilgan (O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2025 yil 19 apreldagi 19-40/04-25-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, donadorlik darajasi bir xil quritilgan pastila ishlab chiqarishga hamda quritish jarayonining davomiyligini 1,3-1,5 martaga kamaytirish imkonini bergan;
pastilani quritish uchun kontaktli issiqlik uzatish prinsipiga asoslangan, vakuum tizimida ishlovchi quritish qurilmasi “Livadiya Bukhara” MChJda joriy etilgan (O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2025 yil 19 apreldagi 19-40/04-25-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, konsistensiyasi yumshoq, och-qizil, to‘q-qizil rangli pastila olish imkonini bergan.