Zakirov Asqar Xalilovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turli xil konfiguratsiyali sohalarda suyuqlik va gazlar oqimini tadqiq qilish”, 01.02.05 – Suyuqlik va gaz mexanikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/FM227.
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Xamidov Axmadjon Abdullaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, DSc.02/30.12.2019.T/FM.61.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Xujaev Ismatilla Kushaevich - texnika fanlari doktori, professor; Musakaev Nail Gabsalyamovich - fizika-matematika fanlari doktori, dotsent; Xodjiev Safar - fizika-matematika fanlari doktori, dotsent
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi oqimlar nazariya usullari asosida oqimlarning matematik modelini ishlab chiqish va murakkab konfiguratsiyaga ega bo‘lgan oqim masalalariga tatbiq etish, shuningdek Nav’e-Stoks tenglamalari asosida ajraluvchi oqimlarni sonli modellashtirishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
stasionar oqim rejimi uchun gaz taqsimlash mexanizmiga ega kanalga gaz kirish jarayonini tavsiflovchi matematik model ishlab chiqilgan;
silindrdagi ideal siqiluvchan suyuqlikning potensialli oqimining tekis va o‘qqa simmetrik masalalarining analitik echish usuli oqimlar nazariyasi usullari asosida takomillashtirilgan hamda oqimning asosiy gidrogazodinamik xususiyatlarini aniqlash imkonini beruvchi analitik munosabatlar olingan;
Spalart-Allmaras (SA)ning bir parametrli turbulentlik modeli asosida kanaldagi sirtdan ajraluvchi oqimlar uchun turbulent yopishqoqlik va tezlik profilini hisoblashning qulay sonli usuli ishlab chiqilgan;
turli xil turbulentlik modellari uchun o‘qqa simmetrik keskin kengayuvchi diffuzordagi suyuqlik oqimi parametrlari hisoblangan va SA modelining natijalari eksperimental ma’lumotlarga yaqin kelishi aniqlangan;
ideal suyuqlikni turli xil naychalardan oqib chiqishi masalalarining taqribiy-analitik echimini olish usuli yagona yondashuv asosida ishlab chiqilgan,
chegaralanmagan sohalarda gidrodinamik zarbaning klassik tekis masalalarini echishning analitik usuli plastinkadagi chegaraviy shartlarni hisobga olgan holda takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turli xil konfiguratsiyali sohalarda suyuqlik va gazning erkin sirtli oqimlarini tadqiq qilish bo‘yicha dissertatsiyaning ilmiy natijalari asosida:
silindrdagi suyuqlikning tekis va o‘qqa simmetrik potensialli oqimi masalalari uchun olingan echimlar Qashqadaryo parmalash ishlari AJ tomonidan gaz quduqlarida o‘rnatilgan shtuserlardan o‘tayotgan gaz hajmini hisoblash uchun qo‘llanilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2025 yil 11 iyuldagi 25-05-163-sonli ma’lumotnomasi). Bu ilmiy natijalardan foydalanish gaz hajmini hisoblash uchun mavjud formulalardagi noaniqliklarni kamaytirishga va shu orqali quduqlarda tadqiqotlar vaqti gaz hajmini aniqroq baholash va tadqiqot vaqtini qisqartirgan holda fakelga yunaltiriladigan gaz hajmini 4.5% kamaytirishga imkon bergan;
quvurdagi suyuqlik oqimi jarayonlarining nazariy asoslari va ularni analitik funksiyalar nazariyasi yordamida echish usuli FA-Atex-2018-414 sonli “Boyitish kombinatlarida energiya sarfini pasaytiruvchi chiqindi mahsulotlarni gidrotransport texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihasida kon-metallurgiya kombinatlarida quvurlardagi murakkab mexanik jarayonlarnni o‘rganish hamda gidrotransport texnologiyasini ishlab chiqish uchun foydalanilgan (Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutining 2024 yil 22 noyabrdagi 1394-3-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalaridan foydalanish natijasida boyitish kombinatlarida energiya sarfini pasaytiruvchi chiqindi mahsulotlar uchun gidrotransport texnologiyalarini ishlab chiqilgan matematik model yuqori samara berishi aniqlangan;
quvurdagi suyuqlik oqimining asosiy gidrodinamik parametrlarini hisoblash modeli F4-74-“Qovushqoq-yopishqoq-inert deformatsiyalanib oquvchi uch fazali muhitning reologik modellarini va ularni nazariy tadqiq etish metodlarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihada ko‘p fazali muhitning reologik modellarni ishlab chiqish va ularni tadqiq qilish uchun foydalanilgan (Toshkent Arxitektura qurilish universitetining 2024 yil 2 oktyabrdagi 112–sonli ma’lumotnomasi). Tavsiya etilgan hisoblash usulini qo‘llanilishi natijasida ishlab chiqilgan ko‘p fazali muhitning reologik modelining aniqligi mavjud modellarga nisbatan 6% ga oshgan.