Valiev Nodirbek G‘ulomjon o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Yangi tuzilishli tanda iplari asosida ipak to‘qimalarini ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishini 05.06.02 – “To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish” (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5393
Ilmiy rahbar: Asqarali Davlatovich Daminov, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSc.03/30.12.2019.T.08.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaniyazov Qadam Jumaniyazovich, texnika fanlari doktori, professor; Daminov Asror Mahmayusupovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tabiiy ipakdan ko‘ylakbop krepdeshin to‘qimalarini ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
murakkab buram berilgan iplarni qo‘llash asosida tabiiy ipak krepdeshin to‘qimalarini olishning takomillashtirilgan texnologiyasi ishlab chiqilgan hamda qo‘shish-pishitish, tandalash va to‘qish jarayonlarining texnologik parametrlari o‘rnatilgan;
tabiiy ipakdan to‘qimalar ishlab chiqarish uchun ipning yaxlitligini ta’minlaydigan, qo‘shish-pishitish jarayonining birinchi bosqichida olingan 1-ta ikki ipli va 1-ta yakka ipli oz buram berilgan iplardan tashkil topgan ikki bosqichli buram berilgan 3/1 to‘quv iplari hamda 2-ta ikki ipli oz buram berilgan iplardan tashkil topgan murakkab buram berilgan 4/1 to‘quv iplari yaratilgan;
murakkab buram berilgan 2,33 teks 3 qavat va 2,33 teks 4 qavat to‘quv iplarining yaxlitligini eksperimental o‘rganish asosida 3/1 va 4/1 to‘quv iplari butun ip kabi uzilishini va yaxlitligini ta’minlaydigan eshish parametrlarining miqdor qiymatlari aniqlangan;
tanda iplari oz miqdorda murakkab buram berilgan {(2,33x2)Zx2}S 4/1 to‘quv iplaridan tashkil topgan, yakka iplari bir biriga jipslashib joylashgan va to‘quv iplari zichligi o‘zgarmagan holda to‘qimaning g‘ovakdorligini ortishini ta’minlaydigan tabiiy ipak krepdeshin to‘qimasining turi yaratilgan va tuzilish parametrlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Yangi tuzilishli tanda iplari asosida ipak to‘qimalarini ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish hisobiga olingan ilmiy natijalar asosida:
ipak to‘qimalarini ishlab chiqarishning takomillashtirilgan resurstejamkor texnologiyasi va parametrlari «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tasarrufidagi Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Ismoiljon gilamlari” korxonasida joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2025 yil 19 avgustdagi № 4-2/1423 sonli ma’lumotnomasi). Natijada tandalash jarayonida iplarning uzulishi 42,5 % ga, to‘quv dastgohida tanda iplarining uzilishi 24,3 %, xomashyo chiqindilari 12,1 % ga kamayishiga, tandalash mashinasi unumdorligi 4,12 barobarga va to‘quv dastgohining unumdorligi 5,3 % oshishiga erishilgan;
murakkab buram berilgan yangi tuzilishdagi ip ishlab chiqarish takomillashtirilgan texnologiyasini va parametrlari «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tasarrufidagi Marg‘ilon shaxridagi “Sharq ipagi durdonasi” ma’suliyati cheklangan jamiyatida joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2025 yil 19 avgustdagi № 4-2/1423 sonli ma’lumotnomasi). Natijada qo‘shish-pishitish jarayonida iplarning uzulishi 8 % ga, qo‘shish-pishitish mashinasi unumdorligi 3,5 % oshishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish