Xamraeva Shaxlo Ibragimovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi “Birinchi instansiya sudlarida voyaga etmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni koʼrib chiqishni takomillashtirish”, 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Yu1581. 
Ilmiy rahbar: Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Suyunova Dilbar Juldasbaevna; yuridik fanlar doktori, dotsent Kuchkarov Xayrulla Ravshanovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi birinchi instansiya sudlarida voyaga etmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritishning alohida jihatlarini kompleks o‘rganish asosida muammolarni aniqlash va ularga echim topish orqali milliy qonunchilikni takomillashtirishg bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Jinoyat protsessiga jalb etilgan voyaga etmaganga pedagogik-psixologik yordam ko‘rsatish orqali uning huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan zarurat sababli birinchi instansiya sudlarida voyaga etmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni muhokama qilishda pedagogni jalb qilinishi hamda sudlanuvchining pedagog yordamidan foydalanishiga bo‘lgan huquqining ta’minlanishi jinoyat ishini yuritayotgan sudning zimmasiga yuklatilishi zarurligi asoslantirilgan;
voyaga etmaganga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlisida bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiya vakilining ishtirok etish zaruratining mavjudligi sababli, sud voyaga etmagan shaxsning jinoyati to‘g‘risidagi ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiyaga xabar berishi lozimligi haqidagi talabning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining tegishli qaroriga kiritilishi kerakligi asoslantirilgan;
jinoyat protsessining voyaga etmagan sudlanuvchiga nisbatan yanada insonparvarligini ta’minlash va uning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyasini kuchaytirishga bo‘lgan talabning mavjudligi sababli voyaga etmagan sudlanuvchiga oid ishlar lavozimiga ko‘ra o‘n yillik va undan yuqori muddatga tayinlangan va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan sudyalar tomonidan ko‘rilishi, shuningdek bu toifadagi ishlar faqat yopiq sud majlisida muhokama qilinishi lozimligi haqidagi talablar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli qarorlariga kiritilishi asoslantirilgan;
voyaga etmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni soddalashtirilgan tartibda yuritishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish lozimligi sababli birinchi instansiya sudlari tomonidan voyaga etmagan sudlanuvchiga nisbatan yarashuv institutini qo‘llanilishida uning aniq yoshi, shaxsiga xos xususiyatlari va salomatligi holati, turmush va tarbiyalanish sharoitlari, katta yoshli dalolatchilar hamda boshqa ishtirokchilarning bor yoki yo‘qligi kabi holatlarning tekshirilganligiga huquqiy baho berish kerakligi asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. 
Birinchi instansiya sudlarida voyaga etmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni ko‘rib chiqishni takomillashtirish mavzusini tadqiq etish bo‘yicha olingan xulosalar natijalari asosida:
birinchi instansiya sudlarida voyaga etmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni muhokama qilishda pedagogning jalb qilinishi hamda sudlanuvchining pedagog yordamidan foydalanishiga bo‘lgan huquqining ta’minlanishi jinoyat ishini yuritayotgan sudning zimmasiga yuklatilishi lozimligi haqidagi asoslantirilgan taklif O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksining 554-moddasini to‘ldirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashishi qo‘mitasining 23.08.2023-yildagi 06-13/56-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi pedagogning sud muhokamasiga jalb qilinishi ishni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning vakolati emas, balki voyaga etmagan sudlanuvchining huquqi ekanligi masalasi aniqlashtirilib, ushbu ma’sus qoidaning amaliyotga to‘g‘ri qo‘llanilishiga xizmat qiladi;
voyaga etmagan sudlanuvchining pedagog yordamidan foydalanishiga bo‘lgan huquqining qonunchilikda belgilanishi haqidagi ishlab chiqilgan taklif O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 554-moddasini o‘zgartirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 04.05.2023-yildagi 27/2-128-23-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi sud muhokamasida voyaga etmagan sudlanuvchining pedagog xizmatidan foydalanishi kafolatlanib, bu borada uning qonuniy manfaatlari va erkinlarini to‘la ta’minlanishiga xizmat qiladi;
sud voyaga etmagan shaxsning jinoyati to‘g‘risidagi ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiyaga xabar berishi shartliligi haqida bildirilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Voyaga etmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi Qarorining 4-bandiga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudning 15.08.2023-yildagi 10/2023-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi bollar masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalarning sudlar tomonidan voyaga etmagan sudlanuvchiga nisbatan tarbiyaviy choralarini to‘g‘ri tanlashdagi rolini oshirishda xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga “voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar” jumlasini “bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar” tahririda bayon qilish haqida ishlab chiqilgan takliflar mazkur kodeksning 536, 537, 542, 551, 562-moddalarini yangi tahrirda ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 22.05.2023-yildagi 27/2-167-23 dalolatnomasi). Qonunchilikka kiritilgan ushbu o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-iyuldagi 363-son qarori bilan tasdiqlangan “Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya to‘g‘risida”gi Nizomning aniq va bir xilda bajarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish