Turabov Anvar Mavlankulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Modulli ta’lim texnologiyasi asosida bo‘lajak muhandis-pedagoglar kasbiy mobilligini rivojlantirish (“Avtotransport vositalari konstruksiyalari” fani misolida)”, 13.00.02–“Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” (texnika).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Ped6824
Ilmiy rahbar: Hamidov Jalil Abdurasulovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jizzax politexnika instituti, PhD.03/30.06.2020.T.115.01.
Rasmiy opponentlar: pedagogika fanlari doktori, professor Yarmatov Raximboy Baxramovich, pedagogika fanlari doktori, dotsent Karimov Komiljon Abdurahimovich.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi modulli ta’lim texnologiyasi asosida bo‘lajak muxandis-pedagoglar kasbiy mobilligini rivojlantirish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Oliy ta’lim muassasasi o‘quv jarayoni sub’ektlarining o‘zaro ta’sirlashuvini jarayon va natija sifatida ko‘rib chiqish orqali kasbiy mobillikni ham vertikal ham gorizontal namoyon bo‘lishiga imkon beruvchi bo‘lajak mutaxassisning kasbiy sifatlarini rivojlantirish asosida kasbiy mobillikning tuzilmaviy mazmuni aniqlashtirildi.
O‘qitish shakli, metodlari va usullari variativligini amalga oshirishga imkon beruvchi variativ-integrativ texnologiya vositasida amalga oshiriluvchi bo‘lajak muxandis-pedagoglar kasbiy mobilligini rivojlantirish jarayonida modulli ta’lim texnologiyasi imkoniyatlari aniqlashtirilgan.
Modulli ta’lim texnologiyasi asosida bo‘lajak muxandis-pedagoglar kasbiy mobilligini rivojlantirishning maqsadli, metodologik, mazmunli-funksional, mezonli-diagnostik, shakllantiruvchi, natijaviy komponentlardan iborat mazmunan muvofiqlashtirilgan modeli ishlab chiqilgan.
Oliy ta’lim muassasasida bo‘lajak muxandis-pedagoglar kasbiy mobilligini ta’minlovchi kasbiy sifatlarini rivojlantirishning didaktik ta’minoti ko‘p bosqichli masalalar va kasbga yo‘naltirilgan topshiriqlarni ishlab chiqish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak muhandislarning kompyuter modellashtirish ko‘nikmasini rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilgan nazariy-metodologik va amaliy takliflar asosida:
O‘qitish shakli, metodlari va usullari variativligini ta’minlashga imkon beruvchi modulli ta’lim texnologiyasi vositasida amalga oshiriluvchi bo‘lajak muxandis-pedagoglarning kasbiy mobilligini rivojlantirishga oid tavsiyalardan Jizzax politexnika instituti ilmiy-tadqiqot ishlari rejasining “AIF 1/4 – Kasb-hunarga yo‘naltirilgan markaz va elektronika bo‘yicha qo‘shma o‘quv laboratoriya yaratish” (2019-2021 yy.) amaliy tadqiqot mavzusidagi xalqaro amaliy tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (Jizzax politexnika instituti ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyalar talabalarni kasbiy faoliyatga tayyorgarlik darajalarini oshirishga xizmat qilgan;
Modulli ta’lim texnologiyasi asosida bo‘lajak muxandis-pedagoglar kasbiy mobilligini rivojlantirishning maqsadli, metodologik, mazmunli-funksional, mezonli-diagnostik, shakllantiruvchi, natijaviy komponentlardan iborat mazmunan muvofiqlashtirilgan modelini ishlab chiqishga oid tavsiyalar talabalarda kasbiy mobillikni rivojlantirishga qaratilgan “Kasbiy pedagogika” nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024 yil 25 iyundagi 218-sonli buyrug‘i). Mazkur model talabalarda kasbiy mobillikni rivojlantirishga xizmat qilgan.
Oliy ta’lim muassasasida bo‘lajak muxandis-pedagoglar kasbiy mobilligini ta’minlovchi kasbiy sifatlarini rivojlantirishning didaktik ta’minotini ko‘p bosqichli masalalar va kasbga yo‘naltirilgan topshiriqlar ishlab chiqish asosida takomillashtirishga oid tavsiyalar va takliflar esa “Kasbiy pedagogika” nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024 yil 25 iyundagi 218-sonli buyrug‘i). Mazkur didaktik ta’minot manba’si talabalarda kasbiy mobillikni rivojlantirishga xizmat qilgan.